Линклар

O‘zbekistonda kashandalikka qarshi ayovsiz kurash ochish taklif etildi. Yetti o‘smir yangi yil karnavalida tengdoshini urib o‘ldirdi. Tozalash tadbirida jinoyat sodir etib qochib ketgan shaxslar ushlandi. Joriy hafta mahalliy matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Yangi yil karnavalida tengdoshini urib o‘ldirgan yetti o‘smir ozodlikdan mahrum etildi

O‘zbekistondagi maktablardan birida uyushtirilgan yangi yil karnavalida kelib chiqqan janjal oqibatida bir o‘smir nobud bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura katta prokurori Baxtiyor Ismoilov “Huquq” gazetasi orqali xabar beradi. Jinoyat 2014 yil 25 dekabrida 23-umumta’lim maktabida sodir etilgani aytilgan bo‘lsa-da, shahar yoki tuman oshkor etilmagan. Bayram karnavali payti turli qishloqlik o‘smirlar gap talashib qolgan. Shu tariqa 2 nafar o‘smir 7 nafar tengdoshi tomonidan kaltaklangan. Kaltaklanganlardan biri voqea joyida vafot etgan. Tengdoshi umriga zomin bo‘lgan yetti nafar o‘smirga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

O‘zbekistonda erkaklarning 19,6 foizi – sigaret, 22,3 foizi nos chekadi

O‘zbekistondagi erkaklarning 19,6 foizi – sigaret, 22,3 foizi nos chekadi (“Hurriyat”, 6 yanvar). “Ayollarimiz orasida ham kashandalar uchrayotgani kishini tashvishga soladi. Ularning ona yoki bo‘lajak ona ekanini hisobga olsak, yurtimizda kashandalikka qarshi ayovsiz kurash ochish kerak ekan, degan fikrga borib qolasan”, deb yozadi gazeta.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yil 30 dekabridan O‘zbekistonda jamoat joylarda tamaki va nos chekkanlik uchun ilk bor jarima joriy etildi. Bunga ko‘ra, ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan va boshqa jamoat joylarda tamaki va nos chekish eng kam oylik ish haqining uchdan bir qismi barobarida jarimaga sabab bo‘ladi. Poezd, kema, avtobus va samolyotda ham chekish taqiqlanadi.

Toshkentda telefon kabellarining o‘g‘irlanishi keskin ko‘paydi

Toshkentda telefon kabellarining o‘g‘irlanishi ommaviy tusga kirib, katta muammoga aylanmoqda. Bu haqda “O‘zbektelekom” kompaniyasi Toshkent shahri filiali “Toshkent oqshomi” gazetasi orqali ogohlantiradi. Qayd etilishicha, kabel liniyalarining qasddan shikastlash natijasida hokimiyat va boshqaruv organlari, huquq-tartibot idoralari, shoshilinch xizmat aloqa tizimlari buzilishiga olib kelmoqda. Kompaniya aholini telefon kabellari o‘g‘irlanishi holatlari yuzasidan zudlik bilan xabar berishga chaqiradi.

Yangi yil arafasidagi tozalash tadbirida jinoyat sodir etib qochib ketgan shaxslar ushlandi

Yangi yil arafasida “Tozalash” tadbirida O‘zbekiston ichki ishlar xodimlari 7 millionga yaqin ob’ektni ko‘zdan kechirdi. Qator matbuot nashrlari xabariga ko‘ra, tadbir davomida 191 mingdan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan, shuningdek, jinoyat sodir etib qidiruvda yurgan shaxslar ushlangan. Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Ilhom Turg‘unov 2015 yil davomida 2-3 mingga yaqin mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmaganini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston bozorlarida sir qolmadi

O‘zbekiston Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – www.my.gov.uz caytida mamlakatdagi 595 ta bozor va savdo majmualari haqidagi ma’lumotlar e’lon qilindi (“Darakchi”, 7 yanvar). Ma’lumotlar to‘plami bozor va savdo majmuasining nomi, manzili va soliq to‘lovi bo‘yicha individual raqamidan iborat. Ma’lumotlar Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan. Bu haqda xabar bergan gazeta “Bozorlarda sir qolmadi” deya xulosa qilgan.

Mobil kompaniyalar yangi yildan abonentlar uchun ikki baravar ko‘p haq to‘lamoqda

O‘zbekistondagi uyali aloqa kompaniyalari 2016 yil 1 yanvardan har bir abonent uchun davlatga 1500 so‘mdan to‘lamoqda. Bu haqda “Oila davrasida” nashri xabar beradi. Bu 2015 yilga qaraganda ikki baravar ko‘p. O‘zbekistonning 2016 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlarida abonent to‘lovini oshirish belgilangan. Ayni paytda O‘zbekistonda beshta mobil aloqa operatori faoliyat yuritmoqda.

XS
SM
MD
LG