Линклар

Firibgarlik, pora berish va haqorat qilishda ayblanayotgan jizzaxlik huquq faoli O‘ktam Pardaevga nisbatan ochilgan jinoyat ishi yakunlanib, sudga oshirildi. Pardaev yaqinlarining aytishlaricha, u dastlabki tergov davomida o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarning birortasiga ham iqror bo‘lmagan.

O‘zbekiston Inson huquqlari mustaqil tashkilotining Jizzax viloyat bo‘limi raisi O‘ktam Pardaevga nisbatan ochilgan jinoyat ishi yakunlanib, sudga oshirildi. Bu haqda Ozodlikka uning ukasi Sharof Pardaev xabar qildi.

O‘ktam Pardaev O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 140-moddasining 2 qismi (haqorat qilish), 168-moddasining ikkinchi qismi (firibgarlik) va 211-moddasining ikkinchi qismi (pora berish) bilan ayblanmoqda.

Sharof Pardaev advokat gaplariga tayanib, tergov davomida akasi o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarning birortasiga iqror bo‘lmaganini aytdi.

O‘ktam Pardaevga ochilgan jinoyat ishini kuzatayotgan Berlindagi O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova fikricha, bu ayblovlar mantiqsiz bo‘lib, ular huquq faolining faoliyatiga chek qo‘yish uchun to‘qib chiqarilgan:

- Huquq himoyachisi O‘ktam Pardaevning hibsga olinishi va unga jinoyat ish ochilishi O‘zbekiston huquq tartibot tizimi mutlaq zo‘rovonligi namoyishidir. Ish ancha xashaki uydirilgan. Militsiya muttasil firibgarlik va mayda shantaj bilan shug‘ullanib kelgan ayolni hibsga oladi. U odamlardan pul olib, ularning turli muammolarini hal qilish va’dasini berib kelgan. Pul ta’magirligi 2012 yili yuz bergan. Sho‘rlik O‘ktam esa bu xotin bilan 2014 yilda tanishgan. Bu ayol hibsga olingach, militsiya bilan kelishib, firibgarligini O‘ktamga ilishiga ishonchi komil bo‘lgan. Ayni paytda, u aldagan biror shaxs O‘ktamni tanimasligini, ular pulini shaxsan ayolning qo‘liga berishganini tergov davomida aytgan”, deydi Umida Niyozova.

Niyozovaga ko‘ra, odamlardan pora olishda ayblangan asosiy ayblanuvchi amnistiya bilan ozodlikka chiqarildi, ammo O‘ktam Pardaev qamoqda qolmoqda:

“Hamma aybni O‘ktam Pardaevga to‘nkash evaziga Ruhiyo Baitovani dekabr oxirlarida amnistiya qilishadi. Lekin bu ayblovlarning tagi puch ekanligini sezgan tergovchi Orif Anorboev O‘ktamga qarshi yangi jinoiy ish o‘ylab topadi. Endi u Sarvinoz ismli ayolning ommaviy axborot vositalari orqali sha’ni va qadr qimmatini haqorat qilish aybnomasini ilgari suradi. Qizig‘i, tergovchi qaysi maqola haqida gap ketayotgani, aynan qaysi so‘z va gap bilan bu ayolning haqorat qilingani, tergovchi Anorboev uchun bu ayolni haqoratlagan deb hisoblanganiga asos bo‘luvchi hech bir isbot keltirmaydi. Ya’ni, haqorat fakti aniq dalilga asoslanishi kerak. Ayni damda qaysi harakati bilan O‘ktamning haqorat sodir qilgani mutlaqo jumboqligicha qolmoqda”, dedi Umida Niyozova.

O‘zbekiston Inson huquqlari Mustaqil tashkilotining Jizzax viloyat bulimi raisi vazifasida ishlagan O‘ktam Pardaev joriy yilning 16 noyabrida hibsga olingan edi.

Hibsga olingan kunidan boshlab O‘ktam Pardaev o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni keskin inkor qilib keladi.

O‘zbekistonlik inson huquqi himoyachilari va xalqaro inson huquqi tashkilotlari O‘ktam Pardaevga qo‘yilayotgan ayblovlar to‘qima ekanligini aytar ekan, u huquq himoyachisi faoliyati uchun hibsga olinganini ta’kidlab kelmoqda.

Hyuman Rayts Uotch, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, Inson huquqlari uchun xalqaro sheriklik tashkiloti hamda Norvegiya Helsinki qo‘mitasi O‘zbekiston hukumatidan O‘ktam Pardaevni zudlik bilan hibsdan ozod qilish haqida 27 noyabr kuni bayonot bergan.

XS
SM
MD
LG