Линклар

Qirg‘izistonda oila qurmoqchi bo‘lganlar nikox o‘qitishdan avval ZAGSdan o‘tishga majburlovchi qonun loyihasi tayyorlandi. Qonunda ko‘zda tutilgan jazo choralarining eng og‘iri - ZAGSdan o‘tmasdan oila qurmoqchi bo‘lganlarga nikox o‘qigan imom besh yilgacha ozodlikdan maxrum etilishi mumkin. Hozirda qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

ZAGSdan o‘tmaganlarni nikohlagan imomlarni besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni ko‘zlagan qonun loyihasi mualliflaridan biri, Qirg‘iziston Jo‘g‘o‘rqu Keneshi deputati Elmira Jumalievaga ko‘ra, qonun loyihasi eng avvalo erta turmush qurishni ozaytirish, kelinlar huquqini himoya qilishga qaratilgan:

- Biz 15-16 yashar qizlarni nikohlab turmushga berish hollarini ko‘ryapmiz. Bu to‘g‘ri bo‘lmaydi, ota-ona rozi bo‘laveradi farzand esa hali turmushga tayyor emas. Ma’muriy, jinoiy javobgarchilikni kuchaytirishimiz, nikohdan avval rasmiy ro‘yhatdan o‘tadigan qilishimiz kerak. Rasmiy ro‘yhatdan o‘tganini ko‘rmay turib nikoh o‘qigan imomlarni jinoiy javobgarchilikka tortish kerak. Negaki ro‘yhatdan o‘tmay yashab, ajrashib ketishadi, buning ustiga kelinning eri ekanini hech kim isbotlab berolmaydi. Kuyovi uydan haydab yuborgan kelinlar bolasini ko‘tarib arosatda qoladi, - deydi Elmira Jumalieva.

Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi hozircha qonun loyihasi yuzasidan o‘z pozitsiyasini rasman bildirmadi.

Muftiyatning Fatvo bo‘limi vakili Baktiyar To‘qtagazievga ko‘ra, qonun loyihasi qabul qilinishidan avval imomning javobgarchiligi to‘g‘risidagi qonunlar chuqur muhokama qilinishi kerak.

- Bu erda imomning qanday javobgarligi bor? Masalan, u davlat hodimi bo‘lganida boshqa edi. Fuqarolar “nikohlab ber” deb kelsa, u nikohlab bersa qanchalik darajada javobgar bo‘lishi kerak degan masala bor. Fuqarolar musulmon bo‘lganidan keyin “nikohlab yashay”, deb keladida. U nikohlaydi va shu bilan uning vazifasi tugaydi. U faqat diniy vazifasinigina bajarayapti. Biz qonunga qarshi ham emasmiz. Nikohlayotganida yoshi nechida, shu nikohga rozimi yo‘qmi deb so‘raladi. Agarda imomlarning javobgarligi kuchaytirilsa, ularga ham imkoniyat berilishi kerak. Ularning maqomini ko‘tarib, guvohnoma yoki boshqa bir hujjat berilishi kerak, - deydi Baktiyar To‘qtagaziev.

“Mutakallim” Qirg‘iziston musulmon ayolllari tashkiloti rahbari Jamol Frontbek qizi fikricha, qonunda balog‘at yoshiga etmagan qizlarni turmushga bermaslik kabi ijobiy tomonlari bilan birga kamchiliklari ham bor. Jamol Frontbek qizi, qonun loyihasida ko‘rsatilganidek imomlarni jazoga tortish shunday kamchilik ekanini aytadi:

-Qirg‘izistonning har bir namoz o‘quvchi fuqarosi nikohlay oladi va buni hech kim cheklay olmaydi. Muammoni imomlarga to‘ngamaslik kerak. Bu erda jamoatchilikning diniy saviyasini ko‘tarish kerak. Masalan har bir uyning o‘z imomi bor. Hozir atayin biron bir imom hatib yoki masjid imomiga borishmaydi. Kim namoz o‘qisa o‘sha nikohlayveradi. Olib qochib ketish, balog‘atga etmagan qizlar bo‘lsa, bu qarindosh-urug‘ o‘zaro, eng ichidan hal qiladigan masala bo‘ladi. Qonun shunday qabul qilinsa, o‘lik, ishlamaydigan qonun bo‘lib qoladi. Agarda javobgarlikka torish kerak bo‘lsa, imomlar deb aytmaslik kerak, “kimda-kim balog‘atga to‘lmagan qizlarni nikohlasa”, deb aytish lozim. Shunday bo‘lsa nikoh o‘qigan har qanday fuqaroga ta’luqli bo‘ladi,- deydi Jamol Frontbek qizi.

Statistik ma’lumotlarga asosan, mamlakatda oila qurganlarning yarmidan ko‘pi o‘z vaqtida davlat ro‘yhatidan o‘tmaydi. Shu sababli balog‘at yoshiga etmagan qizlarni turmushga berish, ajrashish, ajrashgandan keyingi muammolar ko‘p paydo bo‘ladi.

Hozirda qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Shundan so‘ng parlamenda ko‘rib chiqiladi.

Qirg‘izistonda bundan avval ham shu kabi mazmundagi qonun loyihalari tayyorlangan. Avvalgi loyihada rasmiy ro‘yhatdan o‘tmay turib nikohdan o‘tganlarga ma’muriy jazo qo‘llash ko‘zda tutilgandi. Biroq qonun loyihasi parlamentda qabul qilinmagan.

XS
SM
MD
LG