Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:06

Qorasuvlik ayol o‘g‘li qiynoqqa solinganini da’vo qilmoqda


Qirg‘izistonda qorasuvlik 62 yoshli ayol 2008 yilda odam o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan o‘g‘lini qiynoqlar ostida qilmagan ishini tan oldirilganini da’vo qilmoqda. Uning da’vosicha, o‘g‘lining qamalishiga mahalliy militsiya vakillarining unga qastlanib qolishi sabab bo‘lgan. Bibijon opaning Ozodlikka aytishicha, 2012 yilda O‘sh viloyat sudining o‘g‘liga nisbatan qiynoq qo‘llagan militsiya xodimlarini topish to‘g‘risidagi qarori bajarilmagan. Qariyb so‘nggi 3 yil davomida sudning bu qarori jinoiy ish hujjatlari orasidan olib qo‘yilgani sababli o‘g‘li qamoqda qolmoqda. ?

Bibijon opa Mamajonovaga ko‘ra, 2008 yil 26 sentyabr kuni yarim tunda uyiga o‘n besh nafar militsiya xodimi kiradi va o‘g‘lini ich kiyimda olib chiqib ketadi.

Ertasi kuni Qorasuv militsiyasida unga o‘g‘li faqat guvoh sifatida olib kelingani, savol so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborilishini aytishadi.

Biroq 2008 yili sud jarayonida o‘g‘li odam o‘ldirganlikda ayblanadi va 25 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi.

Bibijon opa o‘g‘lining qamalishi bu voqeadan bir oy avval militsiya bilan bo‘lgan mojaro uchun o‘ch olish bo‘lganini aytadi.

Mamajonova iddaosicha, bir oy avval Qorasuv bozorida taksichilik qilib yurgan o‘g‘li Baxtiyor Mamajonov o‘sha paytda Qorasuv militsiyasi tezkor guruhiga yangi ishga kelgan militsiya xodimi bilan tortishib qoladi.

Militsiya xodimi o‘g‘lining qariyb 10 dollar pulini tortib oladi va og‘izda turmaydigan so‘zlar bilan uni xaqorat qiladi:

O‘shanda o‘g‘lim menga telefon qilib, "Aya meni bir militsiya xodimi qiynayapti, mashina kalitimni olaman deb harakat qilyapti", dedi. Men o‘sha paytda Qorasuv hokimiyatida ishlar edim. Keldim, o‘sha yerda GAI hodimlari ham turgan ekan ular meni tanir edi.

Ularga shunaqa ishlar bo‘pti desam, urushgan bolani ovqatlanib o‘tirgan yeridan topib kelishdi. Unga o‘g‘limning aybi bormi desam " yo‘q" dedi. Keyin men Qorasuv militsiyasi rahbariga kirib "shunday noto‘g‘ri ishlar bo‘layapti, hodimlaringni to‘g‘ri yo‘lga solsanglar bo‘lmaydimi" , deganimga o‘sha militsiya xodimi menga o‘chakishib qolgan edi, shekilli. Mendan ololmagan qasdini bolamdan oldi, - deydi Bibijon Mamajonova.

Unga ko‘ra, o‘ldirilgan shaxs o‘g‘lining mashinasi kabi qizil rangli Tiko avtomashinasida ketgan ekan.

Biroq sudda mashina nomerining mos kelmasligi kabi bir qator dalillar, o‘g‘lining aybsizligi to‘g‘risida keltirilgan guvohliklar inobatga olinmagan. 2012 yili Mamajonov arizasi bilan uning ishi viloyat sudida ko‘rib chiqiladi. Sudda Baxtiyor Mamajonov uyidan olib chiqib ketilgach, bir oy Qorasuv militsiyasida saqlangani va qiynoqqa solingani, avval bergan ko‘rsatmasi qiynoq orqali olinganini aytgan.

"Kaltaklangani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilsin deb so‘ralgan. Biroq ko‘rikdan o‘tkazilmagan. Shundan keyin viloyat sudi o‘g‘limni podvalda urganlarni aniqlash va ularga nisbatan chora ko‘rish to‘g‘risida Prokuraturaga qaror topshirgan. Biroq bu hujjat ham yo‘q qilingan" , -deydi Bibijon opa.

Unga ko‘ra, 2012 yili viloyat sudi o‘g‘lini umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan. Qirg‘iziston Oliy sudi esa viloyat sudining qarorini o‘z kuchida qoldirgan.

So‘nggi 3 yil mobaynida Bibijon Mamajonova o‘g‘lini aybsiz ekanini isbotlash, uni kaltaklagan militsiya xodimlarini jazolanishiga erishish uchun bir necha marotaba turli instantsiyalarga murojat qiladi. Lekin buning samarasi bo‘lmayapti.

"Arizalarimiz ping-pong bo‘lib oradan 3 yil o‘tdi. Oxiri Qorasuv tuman sudi biz bu ishni ko‘rib chiqdik dedi. Qorasuv tuman prokuraturasi qayta ariza yozdi. Ish O‘sh shahar sudiga o‘tkazildi. Lekin shahar sudi ham qiynoq qo‘llaganlarga jinoiy ish qo‘zg‘amaslik to‘g‘risidagi qaror noto‘g‘riligi to‘g‘risida biz yozgan arizani qanoatlantirmadi. Biz viloyat sudiga yozdik, u ham qanoatlantirmadi. Hozir Oliy sudga ariza yozganmiz shuni kutyapmiz" , - deydi Baxtiyor Mamajonov advokati Husanboy Soliev.

Advokatga ko‘ra, agarda viloyat sudi Baxtiyor Mamajonovga qiynoq qo‘llangani yuzasidan jinoyat ishi ochish to‘g‘risida qaror chiqarsa, yangi paydo bo‘lgan holatlar yuzasidan uning umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG