Линклар

Turkiya Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lmagunicha mamlakatning O‘zbekiston va boshqa o‘lkalar bilan viza siyosatida o‘zgarish bo‘lmaydi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Tanju Bilgich Ozodlik bilan suhbatda Anqara O‘zbekiston doxil 89 davlatga yana viza rejimini tiklashi haqida turk matbuotida tarqalgan xabarlarga aniqlik kiritdi.

Janob Bilgich Turkiyaning Ozarbayjon, Markaziy Osiyo o‘lkalari hamda boshqa mamlakatlar bilan hozir amalda bo‘lgan viza siyosatidagi tartib Turkiya YeIga to‘liq a’zo bo‘lmagunicha o‘zgarmasligini ta’kidladi.

– Mamlakatimizning uchinchi o‘lkalarga nisbatan viza siyosatini Yevropa Ittifoqining viza siyosati bilan uyg‘unlashtirish Turkiyaning bu Ittifoqqa to‘liq a’zo bo‘lganidan so‘ng amalga oshirilishi kerak bo‘lgan majburiyatdir, - dedi Turkiya Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Tanju Bilgich.

Juma kuni Turkiya ommaviy-axborot vositalarida Turkiya shu yil o‘rtalaridan O‘zbekiston va yana to‘qsonga yaqin davlat bilan viza tartibini tiklashi haqda xabarlar paydo bo‘lgandi.

Turkiyaning uchinchi o‘lkalarga nisbatan viza siyosatidagi o‘zgarish Yevropa Ittifoqining 2016 yilning kuz oylariga borib Turkiya bilan vizasiz tartibga o‘tishi bilan bog‘liqligi aytilgan.

Ayni paytda Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi mulozimlari ham bu xabarlarni inkor etishdi.

Elchixonaning Ozodlik bog‘langan vakillaridan biri ikki davlat o‘rtasida amalda bo‘lgan vizasiz rejim o‘zgarishi borasida Anqaradan hech qanaqa yo‘riqnoma kelib tushmaganini aytishdi.

Hozir amalda bo‘lgan tartibga muvofiq O‘zbekiston fuqarolari Turkiyaga vizasiz kirishlari va mamlakat hududida bir oygacha qolishlari ham mumkin.

Turkiya YeIga to‘liq a’zo bo‘lishi ortidan O‘zbekiston orasida viza rejimi qayta tiklanadigan bo‘lsa bu jarayonning o‘zbekistonliklar uchun qanday bo‘lishi esa hozircha ma’lum emas.

Turkiya yillardan buyon mamlakatga ko‘proq sayyohlarni jalb etish uchun dunyoning aksar mamlakatlariga viza tartibini bekor qilgan.

Ayni paytda viza tartibining qayta kuchga kirishi Turkiya sayyohlik sanoatiga jiddiy zarba bo‘lishi haqida xavotirlar yangramoqda.

XS
SM
MD
LG