Линклар

logo-print

Dushanbeda 11 yanvar kuni Pokiston va Tojikiston rasmiylari O‘zbekiston barpo etilishiga qarshi chiqayotgan CASA-1000 loyihasini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qiladi. 2016 yildan amalga oshirilishi rejalanayotgan mazkur loyihada Tojikiston va Qirg‘izistondan Afg‘oniston va Pokistonga elektr energiyasini uzatish nazarda tutilgan.

Rasmiy xabarlarda aytilishicha, 11 yanvar kuni Dushanbega ikki kunlik tashrif bilan kelgan Pokiston suv zahiralari va energetika vaziri Ho‘ja Muhammad Asif muzokaralarda CASA-1000 loyihasini muhokama qiladi.

Umumiy qiymati 1 milliard dollarlik mazkur loyiha Qo‘shma Shtatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. 2015 yilda Pokiston va Tojikiston loyihani 2016 yildan amalga oshirishni kelishib olgan edi.

2015 yilning 25 noyabrida Turkiyada o‘tgan yig‘inda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari energetika vazirlari CASA-1000 loyihasi bo‘yicha yakuniy shartnomani imzolagandi. Bu shartnomada Tojikiston va Qirg‘iziston 2018 yilga kelib Afg‘oniston va Pokistonga yiliga 1300 megavatt elektr energiyasi sotish majburiyatini olgan.

Loyiha Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi, AQSh Davlat departamenti, Britaniya xalqaro hamkorlik vazirligi, Avstraliya xalqaro taraqqiyot agentligi tomonidan moliyalashtiriladi.

O‘zbekiston CASA-1000 loyihasi mintaqa iqtisodi va ekologiyasi uchun halokatli bo‘lishini bildirib, qarshilik ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zbekistonlik mutaxasislarning bildirishlaricha, 1910 yildan 2009 yilgacha olib borilgan har oylik kuzatishlar tahlil qilinganida, aslida Tojikiston va Qirg‘iziston yiliga o‘rta hisobda 3 milliard kilovat soatdan ko‘proq elektr energiya defetsitiga ega ekani aniqlangan. 1974-1986 yillardagi kamsuvlik davrida esa bu defetsit yiliga 5,5 milliard kilovat soatni tashkil qilgan. O‘zbek mutaxasislari, Tojikiston va Qirg‘izistonda ortiqa energiya resusrlari mavjud emas hamda bu ikki davlat CASA-1000 loyihasi bo‘yicha majburiyatlarini bajara olmaydi, degan xulosaga kelgan.

O‘zbekistonlik ekspertlar, shundan kelib chiqqan holda, CASA-1000 loyihasini amalga oshirilishi Tojikistonning Rog‘un GESi, Qirg‘izistonning esa Qambarota 1 GESi qurilishi bilan uzviy bog‘liq ekanini aytmoqdalar. O‘zbekiston tomoni fikricha, mazkur qurilishlarning amalga oshirilishi mintaqa suv xo‘jaligi hamda ekologiyasiga katta miqdorda zarar etkazadi.

O‘zbekiston tomoni 2014 yil bahorida tayyorlagan xulosada CASA-1000 loyihasida moliyaviy va texnik kamchiliklar ham borligi qayd etiladi. Agar mazkur hujjatga ishonilsa, texnik jihatdan loyiha mukammal emas va u elektr uzatishlarda muntazam uzilishlarga sabab bo‘ladi. Bu holatda esa har bir uzilish mintaqa elektr ta’minoti uchun 1000 megavat miqdoridagi kuchlanishning yo‘qotilishiga olib keladi.

Moliyaviy jihatdan esa, O‘zbekiston mutaxasislari hisob-kitobicha, CASA-1000 loyihasi rejalashtirilganidek 1 milliard 281 million dollar emas, kamida 1 milliard 821 million dollarni talab qiladi. Mazkur loyihani amalga oshirilishidan esa sarmoyadorlar 104 million dollar zarar ko‘rishlari mumkin.

Dushanbe va Bishkek rasmiylari esa O‘zbekiston ekspertlarining xulosalari siyosiy asoslarga ega, deb hisoblamoqda. Tojikiston va Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston Pokiston va Afg‘oniston energetika bozoriga qo‘shnilarini kiritmaslik uchun mana shunday pozitsiyada turibdi, degan nuqtai nazarni bildirib kelayotir.

Bugungi kunda Afg‘onistonga eksport qilinayotgan elektr energiyasining asosiy qismi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yilning dekabrida O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonga sotiladigan elektr energiyasi miqdori 10 foizga ko‘paytirilishi haqida bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG