Линклар

O‘tgan oyda Ozodlikka bergan intervyusida sakkiz million dollari talon-taroj qilinganini so‘zlab bergan jizzaxlik fermer Alijon Kamolov militsiya va soliq xodimlari tomonidan do‘pposlandi. 49 yoshli tadbirkor Ozodlik uning hikoyasi asosida tayyorlagan videolavha e’lon qilinishi ortidan bosimlar kuchayganini aytadi.

Ozodlikka sakkiz million dollarga teng mol-mulki talon-taroj qilinganini so‘zlab bergan jizzaxlik fermer Alijon Kamolov militsiya va soliq xizmati xodimlari tomonidan do‘pposlandi.

Alijon Kamolov hodisaning 6 yanvar kuni Jizzax shahrida o‘ziga tegishli issiqxonada ro‘y berganini aytadi.

Alijon Kamolov o‘sha kuni uning "Umid A" fermerlik xo‘jaligiga qarashli issiqxonada tintuv o‘tkazish vaji bilan kelgan militsiya xodimlari uning ko‘ziga va oyog‘iga shikast yetkazishganini aytmoqda.

Kamolovning aytishicha, mahalliy militsiya tayanch punkti noziri va soliq inspektori issiqxona ichkarisiga kirib, u yerda taftish o‘tkazish istagini bildirishadi, biroq fermer nazorat qilish to‘g‘risidagi buyruqni taqdim etishni talab qiladi.

“Shunda ular hech narsadan hech narsa yo‘q, qonunga zid ravishda, ichkarida tintuv olib borishlarini aytdi va tintuv o‘tkaza boshlashdi. Men bolalarim va turmush o‘rtog‘im bilan darvozani ularning ustidan qulflab, zudlik bilan ularni noqonuniy xatti-harakatlaridan xabardor etish maqsadida tegishli idoralarga bormoqchi bo‘lib turganimda darvozani tepib buzib ochmoqchi bo‘ldilar. Shunda men ularga noqonuniy xatti-harakat qilmasalaring tegishli idoralarga murojaat qilmayman, deb aytdim. Ular esa bunga ko‘nishdi va men darvozani ochishim bilan ko‘zimga qattiq zarb bilan musht kelib tushib oyog‘imdan kuchli tepki yeganimni bilaman”, deya hikoya qiladi Alijon Kamolov.

Fermer hodisa uning o‘g‘illari tomonidan videotasvirga tushirilganini bildirdi.

So‘ngra militsiya va soliq xodimlari Alijon Kamolovni Jizzax shahar militsiya idorasiga olib ketishadi.

Kamolov militsiya idorasida to‘rt soat davomida ushlab turilganini aytadi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, militsiya va soliq xizmati xodimlari videotasvirni qaytarib bergani evaziga uni qo‘yib yuborganlar.

Alijon Kamolov do‘pposlanishidan bir kun o‘tib, o‘zini dastlab militsiya xodimi deb tanishtirgan shaxs, amalda soliq inspektori ekanini ma’lum qiladi.

Kamolov va soliq inspektori o‘rtasidagi suhbat videosi Ozodlikka yetib keldi.

Ozodlik hodisa yuzasidan Jizzax shahar Ichki ishlar idorasidan izoh ololmadi.

Bosimlar

3 dekabrda Ozodlik Jizzaxdagi "Umid A" xo‘jaligi rahbari Alijon Kamolov taqdiri haqida videolavha namoyish qilgandi.

Vidoelavhada 49 yashar Alijon Kamolov 2004 yilda o‘zgalar mulkini talon-taroj qilish, mansab vakolatini suistimol qilish kabi soxta ayblovlar bilan qamoqqa olingani, qiynoqlarga tutilgani va umrining to‘rt yilini qamoqda o‘tkazganini so‘zlab bergandi.

Shuningdek, Kamolov ozod etilgunga qadar uning xo‘jaligiga tegishli 8 million dollarlik mablag‘ bank hisobidan g‘oyib bo‘lganini da’vo qilgandi.

Tadbirkor ayni videolavhadan so‘ng o‘ziga nisbatan bosimlar kuchayganini aytadi.

Alijon Kamolov o‘zining do‘pposlanishi yuzasidan Jizzax viloyat Milliy xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘iga shikoyat arizasi yo‘llaganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG