Линклар

logo-print

2005 yil 13 may kuni Andijonda yuz bergan isyonni qamoqdan turib boshqargani iddao qilingan Akrom Yo‘ldoshev bundan besh yil oldin 47 yoshida qamoqda vafot etgan. Akrom Yo‘ldoshev 1999 yil 17 fevralda terrorizmda ayblanib, qo‘lga olingan va sud hukmi bilan 17 yillik qamoq jazosini bir kishilik kamerada o‘tayotgan edi.

"Akromiylar" diniy guruhi yetakchisi deb ko‘rilgan Akrom Yo‘ldoshevning 2010 yili qamoq kamerasida o‘lganlini to‘g‘risida Ozodlikka bildirgan o‘zbek mulozimi boshqa tafsilotlarni ochiqlashdan tiyildi.

Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi yana bir manbasi esa, mahkum sil kasalidan o‘lganini bildirdi.

Bu xabarni 11 yanvar kuni bir-biridan mustaqil ikki manba ma’lum qildi.

Bundan tashqari ismi ochiqlanmasligini so‘ragan o‘zbekistonlik inson huquqlari faoli ham bu voqea haqidagi gap-so‘zlar bundan 5 yil oldin qulog‘iga chalinganligini eslashini bildirdi.

Akrom Yo‘ldoshev 1999 yil 17 fevralda terrorchilikda ayblanib, qo‘lga olingan va sud hukmiga binoan 17 yillik qamoq jazosini bir kishilik kamerada o‘tayotgan edi.

Yo‘ldoshevninng chet eldagi safdoshlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘z rahnamosi o‘limidan bexabar ekanini ta’kidladi.

Shaxsi sir qolishini so‘ragan suhbatdoshga ko‘ra¸ Akrom Yo‘ldoshev bilan aloqa 2005 yilda to‘xtagan.

“Akrom Yo‘ldoshevni Andijon isyonchilari ustidan 2005 yili o‘tkazilgan sud majlisidagi videoekranda ko‘rishgan. Esingizda bo‘lsa, sud 12 dekabrda tugagandi. O‘shandan keyin u kishini birov ko‘rmagan", deydi suhbatdosh.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Yo‘ldoshevning 2006 yilda AQShdan siyosiy boshpapa olgan opasi O‘zbekistonga qaytib kelganida akasining taqdiri bilan qiziqqan. Lekin unga "akangni izlab ovora bo‘lma", deb aytishgan.

Akrom Yo‘ldoshevning Andijondagi opasi¸ akasi va boshqa yaqinlariga 2005 yildan keyin u bilan uchrashish yoki unga posilka kiritish izni berilmagan.

2005 yil oktyabr oyidagi mahkamada Akrom Yo‘ldoshevning sudga shaxsan kelib ko‘rsatma berishi so‘rovi sudlanuvchi Sobirov Muydin tomonidan talab qilingan edi.

Sud raisi bu borada Ichki ishlar vazirligiga murojaat etganliklari, biroq Akrom Yuldoshevning sil xastaligining ochiq turi bilan og‘riyotganligi vajidan ulardan rad javobi olinganligini bildirgan edi.

Shundan so‘ng, qoralov tomoni Akrom Yuldoshevning dastlabki tergov jarayoni aks etgan videotasmani namoyish qildi.

Sudda hozir bo‘lgan Ozodlik muxbiriga ko‘ra¸ videotasvir 2005 yilning 25 iyulida tushirib olingani ekrandagi yozuvdan ko‘rinib turgan.

Videotasvirda juda ozib ketgan, yuzidagi og‘iz va nafas yo‘llarini berkitib turuvchi doka niqob tushirib qo‘yilgan Akrom Yo‘ldoshev panjara ortidan turib, ko‘rsatma bergan.

Sudda namoyish qilingan videoda Akrom Yo‘ldoshev jihod qilishga fatvoni shaxsan o‘zi berganini aytgan.

2005 yil 13 may kuni Andijon markazida namoyishchilarning hukumat qo‘shinlari tarafidan o‘qqa tutilishi oqibatida 1000 nafargacha odam halok bo‘lgani taxmin etiladi

2005 yil 13 may kuni Andijon markazida namoyishchilarning hukumat qo‘shinlari tarafidan o‘qqa tutilishi oqibatida 1000 nafargacha odam halok bo‘lgani taxmin etiladi

2005 yil 13 may kuni Andijon markaziga to‘plangan minglab namoyishchining O‘zbekiston hukumati kuchlari tarafidan o‘qqa tutilishi oqibatida, inson huquqlari faollari taxminiga ko‘ra, 1000 nafargacha odam halok bo‘lgan.

Hukumat rasmiylari halok bo‘lganlar soni 187 kishini tashkil qilgani, ularning asosiy qismi “qurollangan terrorchilar” bo‘lganini iddao qiladi.

Tadbirkor dindorlar rahnamosi

Andijonlik tadbirkor dindorlar rahnamosi sifatida tanilgan Akrom Yo‘ldoshev Andijonda tug‘ilgan.

U Sovet armiyasida xizmat qilib qaytgach, bir muddat to‘qimachilik kombinatida ishlaydi.

Kombinatda ishlagan paytida KPSSga kirish uchun ariza beradi.

Andijon Paxta sanoati institutini tugatgan Yo‘ldoshev o‘rta maktabda fizika va matematikadan dars beradi.

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Yo‘ldoshev 1992 yilda “Hizb ut–Tahrir” islomiy guruhiga a’zo bo‘ladi. Sal muddatdan keyin Yo‘ldoshev bu tashkilotni tark etadi va o‘z diniy falsafiy qarashlarini “Imonga yo‘l” kitobida bayon qiladi.

Bu kitobdagi g‘oya atrofida birikkan tadbirkorlar o‘nlab korxonalar ochishadi. Bu korxonalardagi ish tartibi "islomiy adolat" tamoyillariga asoslangani aytiladi.

1998 yilda Akrom Yo‘ldoshev O‘zbekiston huquq-tartibot organlari e’tiboriga tushadi va o‘sha yili qamoqqa olinadi.

1999 yili yanvar oyida amnistiya bois ozod qilingan Yo‘ldoshev ayni yilning 17 fevralida qayta qamoqqa olinadi va terrorizmda ayblanib, 17 yillik qamoq jazosiga hukm etiladi.

Akrom Yuldoshevning 2004 yil yozida "Akromiylar"ga tegishli qator idora va tashkilotlarning faoliyati to‘xtatilib, rahbarlari hibsga olinganidan keyin, ularni ozod etish chora-tadbirlariga boshchilik qilgani aytiladi.

Unga nisbat berilgan videoda Yo‘ldoshev may oyining dastlabki kunlarida va 12 maydan 13 mayga o‘tar kechasi ham Andijonda qanday voqealar yuz berayotganligidan doimo xabardor bo‘lib turganligini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG