Линклар

logo-print

Suriya shimolidagi Ayn-Jara shahrida maktabga havodan berilgan zarba tufayli 12 bola nobud bo‘ldi. Bu haqda Royters agentligi Suriya inson huquqlari monitoring markaziga tayangan holda xabar qildi. Suriyalik huquq faollari maktabga Rossiya aviatsiyasi zarba berganini gumon qilmoqda.

Rossiya harbiy mulozimlari dushanba kuni yangi yilning o‘tgan 11 kuni ichida Suriya hududidagi ming ob’ektga, shu jumladan, Ayn-Jara doxil Halab viloyatida joylashgan ob’ektlarga havodan zarba berilganini ma’lum qildilar. Rus harbiylari havo zarbalari faqat “Islomiy davlat” jangarilari bo‘lgan nuqtalarga berilayotganini iddao qilayotir.

Amnesti Interneyshnl xalqaro inson huquqlari tashkiloti dekabr oyida yoyinlagan hisobotida 2015 yil kuzida Rossiyaning Suriyada amalga oshirgan havo zarbalari chog‘ida kamida 200 nafar tinch fuqaro nobud bo‘lgani, bundan tashqari, uylar, masjid, bozor va kasalxonalar nishonga olinganini ochiqlagandi. Huquq faollari bu hujumlar xalqaro gumanitar huquq me’yorlarining buzilishi bo‘lib hisoblanishini bildirganlar. Rossiya harbiylarining Suriyadagi xatti-harakatlari bo‘yicha shunga o‘xshash ayblovlar Human Rayts Uotch xalqaro inson huquqlari tashkiloti tomonidan ham bildirilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi huquq faollarining Suriyada tinch aholi vakillari nobud bo‘layotganiga oid bu ma’lumotlarini “yolg‘on” deya rad etmoqda.

XS
SM
MD
LG