Линклар

Jizzaxlik huquq faoli O‘ktam Pardaev sud zalida ozod etilgani xabar qilinmoqda. Huquq himoyachisi ustidan sud 11 yanvar kuni Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida boshlangan edi. Pora berganlik, firibgarlik va haqorat qilganlikda ayblangan 37 yashar Pardaev amnistiyaga ko‘ra ozod qilingani to‘g‘risida uning yaqinlari Fergana.ru nashriga bildirishdi.

O‘ktam Pardaev Jizzaxda bo‘lib o‘tgan mahkama jarayonida, sud zalida ozod etilgani to‘g‘risida 11 yanvar kuni kechqurun Fergana.ru nashri xabar qildi.

Faolning qarindoshlari Pardaev 2015 yilning dekabrida Oliy Majlis Senati tomonidan O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan e’lon qilingan amnistiyaga ko‘ra afv etilganini bildirishdi, deya yozdi nashr.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, faolni ozod etish qaroriga binoan O‘ktam Pardaevga uch yil mobaynida huquq himochiligi bilan shug‘ullanish man etilgan. Lekin shu bilan birga mazkur taqiq to‘g‘risida yozma ko‘rsatma yoxud uning nimaga asoslangani xususida izoh berilgani yo‘q, deya qayd etdi Fergana.ru.

O‘ktam Pardaev ustidan mahkama Jizzax viloyati Do‘stlik tumani sudida dushanba kuni boshlandi.

O‘zbekiston Inson huquqlari mustaqil tashkilotining Jizzax viloyat bo‘limi raisi O‘ktam Pardaev O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 140-moddasi 2-qismi (haqorat qilganlik), 168-moddasi 2-qismi (firibgarlik) va 211-moddasi 2-qismi (pora berganlik) bilan ayblanayotgan edi.

Huquq faoli yaqinlariga ko‘ra, 37 yashar Pardaev tergov jarayonida ham, dastlabki sud tinglovida ham o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning birortasiga iqror bo‘lmagan.

Yaqinlarining aytishicha, O‘ktam Pardaev mahkama jarayonining boshlanishiga qarshi ekanini bildirgan.

Huquq himoyachisining ukasi Sharof Pardaevning Ozodlikka ma’lum qilishicha, faol o‘z yaqinlarining sudning boshlanishi borasida bor-yo‘g‘i bir necha soat avval xabardor etilganiga norozilik bildirgan.

- Biz sudda qatnashishdan bosh tortdik. Advokat "kiringlar", deb chaqirayapti. Sudning aytishicha, yaqinlari bo‘lmasa, sud boshlanmas ekan. Biz sudning boshlanishi haqida bugun tushlikdan keyin 15:30da eshitdik. Keldik. Lekin, bizni kech xabardor etganlari uchun akam sudning boshlanishiga qarshi chiqayotgan ekan,- dedi Sharof Pardaev.

O‘ktam Pardaevga ochilgan jinoyat ishini kuzatayotgan Berlindagi O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozovaning fikricha, bu ayblovlar mantiqsiz bo‘lib, ular huquq himoyachisining faoliyatiga chek qo‘yish uchun to‘qib chiqarilgan:

- Huquq himoyachisi O‘ktam Pardaevning hibsga olinishi va unga jinoyat ish ochilishi O‘zbekiston huquq tartibot tizimi mutlaq zo‘rovonligi namoyishidir. Ish ancha xashaki uydirilgan. Militsiya muttasil firibgarlik va mayda shantaj bilan shug‘ullanib kelgan ayolni hibsga oladi. U odamlardan pul olib, ularning turli muammolarini hal qilish va’dasini berib kelgan. Pul ta’magirligi 2012 yili yuz bergan. Sho‘rlik O‘ktam esa bu xotin bilan 2014 yilda tanishgan. Bu ayol hibsga olingach, militsiya bilan kelishib, firibgarligini O‘ktamga ilishiga ishonchi komil bo‘lgan. Ayni paytda, u aldagan biror shaxs O‘ktamni tanimasligini, ular pulini shaxsan ayolning qo‘liga berishganini tergov davomida aytgan, deydi Umida Niyozova.

O‘zbekiston Inson huquqlari Mustaqil tashkilotining Jizzax viloyat bulimi raisi vazifasida ishlagan O‘ktam Pardaev o‘tgan yilning 16 noyabrida hibsga olingan edi.

Mahalliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari O‘ktam Pardaevga qo‘yilayotgan ayblovlar to‘qima ekanligini, uning hibsga olinishi bevosita faoliyati bilan bog‘liqligini aytib kelmoqda.

O‘ktam Pardaev O‘zbekistonda qolgan va tazyiqlarga qaramay faoliyatini davom ettirib kelgan oz sonli inson huquqlari himoyachilaridandir.

U Jizzax viloyatida poraxo‘rlikni fosh qilgan va paxta dalalaridagi bolalar va kattalarning majburiy mehnati bo‘yicha kuzatuv olib borgan.

Qamoqqa olinishidan avvalroq Pardaev mahalliy rasmiylarning o‘ziga chiqish vizasi bermaganiga e’tirozan sudga shikoyat qilgan va OVIR bilan sudlashayotgan edi.

Hyuman Rayts Uotch, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, Inson huquqlari uchun xalqaro hamkorlik tashkiloti hamda Norvegiya Helsinki qo‘mitasi O‘zbekiston hukumatidan O‘ktam Pardaevni zudlik bilan hibsdan ozod etish haqida 27 noyabr kuni bayonot e’lon qilgan edi.

XS
SM
MD
LG