Линклар

logo-print

O‘zbekistonlik ayrim mustaqil tahlilchilar 2016 yilning bahoridan mamlakatda iqtisodiy qiyinchiliklar boshlanishi mumkinligini bashorat qilmoqda. O‘zbekiston hukumati iqtisodiy qiyinchiliklar oldini olish yo‘llaridan biri qatorida soliqlarni ko‘paytirish ortidan byudjetni kattalashtirib ko‘rsatish printsipini tanlagan. Biroq bu yo‘l “iqtisodni falsifikatsiyalashdan boshqa narsa emas”, demoqda mustaqil iqtisodchilar.

To‘rt omil

Ozodlik radiosi bilan mikrofonsiz suhbatlashgan mustaqil iqtisodchilarning aytishlaricha, O‘zbekistonda iqtisodiy qiyinchiliklar boshlanishiga qator omillar turtki bo‘lishi mumkin.

Birinchi omil: Rossiyadagi iqtisodiy tanazzul tufayli u yerda ishlayotgan o‘zbekistonliklarning vatanga qaytish jarayoni davom etishi. Joriy yilda Rossiya mehnat muhojirlari kvotasini 22 foizga qisqartirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Ikkinchi omil: O‘zbekistonga valyutada yuborilayotgan pul jo‘natmalarining bir necha barobar kamayib ketgani. Masalan, avvallari o‘zbekistonliklar yiliga kamida 2 milliard 700 million dollar atrofida pul jo‘natgan bo‘lsalar, 2015 yilning 9 oyida bu miqdor bor-yo‘g‘i 700 million dollarni tashkil qilgan.

Uchinchi omil: Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankining bashorat qilishicha, 2016 yilda O‘zbekistonda YaIM o‘sishi 7,2 foiz darajasida bo‘ladi. 30 oktyabrda Oliy Majlisga taqdim etilgan yangi byudjet loyihasida O‘zbekiston hukumati 2016 yilda YaIM o‘sishini 7,8 foiz darajasida rejalashtirayotgani bildirilgan edi.

To‘rtinchi omil: 2015 yilda iqtisodiy o‘sish hukumat rejalashtiriganidan ko‘ra ancha past bo‘lgani. O‘zbekistonda hissadorlik jamiyatlariga 2016 yilning 1 iyuligacha kamida 15 foiz xorijiy sarmoyaga ega bo‘lish majburiyati yuklatildi. Ishlab chiqarish tashkilotlaridan olinadigan ayrim soliqlar miqdori ko‘paytirildi.

"Hukumat iqtisodiy falsifikatsiya yo‘lini tanlagan"

O‘zbekistonlik mustaqil iqtisodchi Rasuljon Abdumajidovning fikricha, O‘zbekiston hukumati iqtisodiy qiyinchiliklar oldini olish yo‘llaridan biri qatorida soliqlarni ko‘paytirish ortidan byudjetni kattalashtirib ko‘rsatish prinsipini tanlagan. Biroq bu yo‘l “iqtisodni falsifikatsiyalashdan boshqa narsa emas”, deydi mustaqil iqtisodchi.

- Soliq ko‘payishi hisobiga byudjetni kattalashtirib ko‘rsatishadi. Bu ekonomika tilida "falsifikatsiya" deyiladi. Ikkinchidan, Qozog‘iston va Rossiyada ishlayotganlar nihoyatda ko‘p pul jo‘natayapti. Bu narx-navoning ko‘tarilishiga sabab bo‘layapti. Chunki O‘zbekistonda ishlab chiqarish yetarli darajada emas. Hukumat ishlab chiqarishni migrantlar jo‘natayotgan pul bilan balanslay olmaydi. Bu eng katta faktor. Yana bir faktor - hukumat oyliklarni har doim oshirib boradi. Bundan asosiy maqsad oyliklarni oshirish orqali soliqlarni ko‘paytirish va byudjetni to‘ldirish. Shuning uchun ham O‘zbekiston iqtisodini tahlil qilishda mustaqil iqtisodchilar ham aniq gap aytolmaydi. Chunki bu iqtisodiy siyosatning hech qanday ilmiy asoslari yo‘q, - deydi iqtisodchi.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, O‘zbekiston kabi iqtisodi yopiq davlatlarda iqtisodiy qiyinchilik, birinchi navbatda, naqd pul yetishmasligida kuzatiladi. 2015 yilda ayrim yirik korxona va tashkilotlarda hamda hukumat darajasida bu jarayon qisman kuzatilgan edi. “2016 yil bahorigaga kelib naqd pul etishmasligi yanada yaqqolroq namoyon bo‘lishi mumkin”, demoqda mustaqil iqtisodchilar.

"O‘zbekistonda iqtisodiy muammo yo‘q"

Ammo O‘zbekiston Markaziy bankining o‘zini tanishtirishni istamagan rasmiysi mamlakatda bu kabi muammo yo‘q ekanini va bundan keyin ham yuzaga kelmasligini bildirdi:

- Butun dunyoda qabul qilinayotgan standartlar bo‘yicha ishlayapmiz. Masalan, 1 milliardlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, shunga yarasha pulni mutanosib ravishda muomalaga chiqarayapmiz. Odamlar: “Oyligimizni ololmayapmiz”, deyishlari mumkin. Mana, o‘zlaring ham bir necha marotaba material berdilaring “schyotida pul yo‘qligi uchun ishchilar ikki-uch oylab oylik ololmayapti”, deb. Mana shu holatni odamlar naqd pul yo‘q, deb baholayotgan bo‘lishlari mumkin. Bu noto‘g‘ri. Naqd pul bor va u ishlab chiqarishga mutanosib ravishda muomalaga chiqarilayapti, - dedi Markaziy bank rasmiysi.

"Daromadlarni yashirmasak, bankrot bo‘lamiz"

O‘zbekistonda iqtisodiy siyosatga baho bergan ayrim tadbirkorlar esa Ozodlik radiosi bilan suhbatda bozor iqtisodiyotining haqiqiy erkin shakliga o‘tilmaguniga qadar O‘zbekistonda daromadlarni yashirish an’anasi davom etaveradi, deb hisoblaydilar. O‘zini Bahodirjon deb tanishtirgan tadbirkorning aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda daromadlarni ro‘y-rost ko‘rsatgan tadbirkor xonavayron bo‘ladi. Shuning uchun ham daromadlarni yashirish an’anaga aylangan. Tadbirkorning aytishicha, o‘n minglab biznesmen mana shunday yo‘l tutayotgani ortidan O‘zbekiston iqtisodi milliardlab so‘m ziyon ko‘rmoqda.

- Masalan, menga bankka pul topshirish rejasi 10 million so‘m qilib belgilangan. Lekin men 20 million so‘mlik savdo qilaman. Men faqat 10 millionni bankka topshirib, 10 millionni berkitaman. Chunki bankka 20 million topshirsam, ertaga planimni 20 million qilib qo‘yishadi. Bu daromadlarni yashirish deyiladi. Lekin shu daromadlarni yashirmasak, soliq, bank va hukumat tizimlari bizni bankrot qilib tashlaydi, - deydi Bahodirjon.

XS
SM
MD
LG