Линклар

Prokuratura butun O‘zbekiston bo‘ylab byudjet mablag‘larining sarflanishini taftish qildi. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, deyarli barcha viloyatlarda davlat mulozimlarining byudjet mablag‘larini noqonuniy sarflagani aniqlangan. Jumladan, Buxoro viloyatida ellikka yaqin mulozim ishdan olingan, Samarqandda esa qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mulozimlarga qarshi jami 125ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.​

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi nazoratida o‘tgan taftishlar natijasida birgina Buxoro viloyatida 2015 yil davomida 20ta davlat tashkilotining rahbari ishdan bo‘shatilib, 26ta kollej direktori o‘zgartirildi.

Buxoro viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, aksar mulozimlar byudjetdan mablag‘ini talon-toroj etganlikda ayblangan.

Jumladan, 11 nafar mulozim o‘z lavozimini eplay olmagani vajidan ishdan haydalgan. 26ta kollejning direktori ham o‘z vazifasini qoniqarli bajarmagani bois ishdan olingan.

Buxoro viloyati hokimi Muhiddin Esonov xalq deputatlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida mulozimlarning bu kabi qonunga zid harakatlarini tanqid qilib, ayniqsa, viloyat kollejlaridagi o‘quv jarayoniga rahbarlarning sovuqqonlik bilan yondashayotgani holatlarini qoralagan.

Prokuratura xodimlarining Samarqandda o‘tkazgan tekshiruvlari natijasida ham davlat mulozimlarining bir qator noqonuniy faoliyati aniqlangan.

Taftish natijasiga ko‘ra, Samarqandda mulozimlar tomonidan o‘tgan bir yil davomida byudjetdan 19 milliard so‘mlik mablag‘ qonunga xilof tarzda o‘marilgani fosh etilgan.

Samarqanddagi huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, byudjet mablag‘larining o‘g‘irlanishi, kam ta’minlangan va yosh bolali oilalarga ajratilgan ijtimoiy to‘lovlar va pensiya pullarining o‘marilishi kabi holatlar aniqlanib, jami 125ta jinoyat ish qo‘zg‘atilgan.

Jumladan, 2,2 millirad so‘mni o‘zlashtirgan bir qancha mulozimning ishi yaqin kunlarda mahkamaga oshirilishi kutilayapti.

Keyingi yillarda butun O‘zbekiston bo‘ylab oylik maoshlarining o‘z vaqtida berilmasligi, bir necha oylab kechikishi kuzatilayapti.

Ilk bor Samarqandda ushbu holatga mas’ullar javobgarlikka tortilgani aytilayapti. Maosh pullarini o‘z vaqtidan bermaslik holatlari bo‘yicha bir necha mulozim vazifasidan chetlatilgan va ularga qarshi ish qo‘zg‘atilgan.

Ozodlikka ularning qaysi tashkilot rahbarlari ekani ma’lum emas. Ushbu mulozimlarga qarshi oylik pullarini qo‘shib yozish ayblovi ham qo‘yilgani aytilayapti.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, prokuratura taftishchilari Kattaqo‘rg‘ondagi 89-sonli maktabda 31,1 million so‘mlik, Pastdarg‘om agrosanoat kollejida esa 69,1 million so‘mlik byudjet mablag‘i o‘g‘irlanganini aniqlagan. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga yordam puli sifatida ajratilgan byudjet mablag‘idan 465,9 million so‘m, Chelak tumanida esa pensiya uchun ajratilgan 662 million so‘m o‘g‘irlangani aniqlangan.

Prokuratura xodimlarining boshqa viloyatlar bo‘yicha o‘tkazgan taftishlari natijasi Ozodlikka ma’lum emas.

Ozodlikka sizdirilgan O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosarining Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan hisobotida mamlakat iqtisodida vujudga kelgan naqd pul taqchilligi bois banklarning oylik va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni vaqtida berish uchun naqd pul qolmagani to‘g‘risida ogohlantirilgan edi.

XS
SM
MD
LG