Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:08

TIV: Eski pasportlar xorijda amal qilmaydi


O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi eski (nobiometrik) pasportlar 2015 yilning 31 dekabridan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgani borasida rasman ma’lum qildi.

Vazirlik prezidentning 2011 yil 5 yanvarida qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosining nobiometrik pasporti 2015 yilning 31 dekabridan so‘ng o‘z kuchini yo‘qotganini ta’kidlagan.

Ushbu farmonga muvofiq eski pasportlarni 31 dekabrdan keyin ishlatish mumkin emas va 1 yanvardan boshlab xorijda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi agar biometrik pasporti bo‘lmasa, “Vatanga qaytish uchun sertifikat”ini olishi shart hisoblanadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlari vazirligi bilan Ichki ishlar vazirligi hamkorlikda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasiga qaytish uchun sertifikat berish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnoma”ga muvofiq chet elda bo‘lgan fuqaro O‘zbekistonning xorijdagi konsullik bo‘limlariga murojaat qilib, ushbu hujjatni olishi lozim.

Mazkur hujjat 5 ish kunidan uzog‘i bilan 1 oygacha bo‘lgan muddat ichida berilishi lozim.

Ushbu hujjatni olish jarayoni bilan bog‘liq savollarga “OzodJavob”ning maxsus sonida javob izlangan.

“Norma maslahatchisi” huquqiy gazetasi yozishicha, 31 dekabrdan so‘ng eski pasportlarni ishlatish huquqbuzarlik hisoblanadi.

Nashrning yuristlarga tayanib yozishicha, eski pasportni 31 dekabrdan so‘ng ishlatgan shaxs Ma’muriy- huquqbuzarlik kodeksining “Pasport tizimi qoidalarini buzish” (223-modda) moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilib, eng kam ish haqining 1 barobaridan 3 barobarigacha miqdorda jarima to‘lashi shart.

Hozirda O‘zbekistonda eng kam ish haqi – oyiga 130 240 so‘m bo‘lib, demak, eski pasportni ishlatgan fuqaro 390720 so‘mgacha jarima to‘lashi lozim bo‘ladi.

O‘zbekistonda fuqarolik pasportini biometrik pasportga almashtirish muddati 2,5 yilga uzaytirilgani haqidagi xabar 19 dekabr kuni paydo bo‘ldi. Bu haqda deyarli barcha mahalliy nashrlar xabar qilishdi. Ichki ishlar vazirligi vakillari ham Ozodlikka pasportlarni almashtirish jarayoni 2018 yilning 1 iyuliga qadar davom etishi haqida aytishdi.

Lekin oradan 1 oyga yaqin vaqt o‘tayotgan bo‘lsa ham bu borada biror rasmiy hujjat e’lon qilinganicha yo‘q.

P.S. Ozodlik muxbiri o‘rganishicha, Rossiyada eski pasport bilan yurgan aksar o‘zbekistonliklar Ukraina orqali hech bir muammosiz O‘zbekistonga ketayapti. Kiev aeroportidagi rasmiylar ham buni Ozodlikka tasdiqlashdi. Shuningdek, Ukraina chegarachilari shu paytgacha chiqish vizasi bo‘lmagan o‘zbekistonliklarning uchinchi davlat, jumladan, Yevropaga chiqishiga ham mone’lik qilgani haqida ma’lumotlar yo‘q.

XS
SM
MD
LG