Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:47

Komida “Soros jamg‘armasi” chop etgan kitoblarni yoqib yuborishdi


Rossiya shimoliy-g‘arbida joylashgan Komi respublikasi rasmiylarining “Rossiya mafkurasiga yot” g‘oyalarni o‘z ichiga olgan ellikka yaqin kitobni yoqib yuborish qarori ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Natijada Madaniyat vazirligi o‘zini bu hodisadan uzoqlashtirdi.

Xabarlarga ko‘ra, kitoblar “Soros jamg‘armasi” ko‘magida chop etilgan bo‘lgan. Mazkur nohukumat tashkilotiga milliarder sahovatpesha Jorj Soros asos solgan.

2015 yil noyabrida Rossiya mulozimlari Sorosning xayr-ehson qilish bilan shug‘ullanuvchi tarmog‘ining ikki bo‘limini – Open Society Foundations (OSF) hamda the Open Society Institute (OSI) ni “nomaqbul” tashkilotlar ro‘yxatiga kiritib, ularning grant berish faoliyatini to‘xtatib qo‘yishdi.

“7x7” mahalliy yangiliklar sayti 53 dona kitob mahalliy kollejning hovlisida yoqib yuborilgani haqida xabar berdi.

“7x7” nashri 13 yanvar kuni bergan xabarda hududiy Bilim vazirligidan olingan xatga asoslanib, o‘tgan oyda Komi Respublikasidagi kollejlarning kutubxonalarida “Soros jamg‘armasi” ko‘magida chop etilgan kitoblar izlangani aytiladi.

​Xatda yozilishicha, kitoblar prezident vakilining buyrug‘i bilan yo‘q qilingan.

Rossiya madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy darhol vazirlikning bu hodisaga aloqasi yo‘qligini aytib, kitoblarning yoqib yuborilganini “nomaqbul” ish, deya qoraladi.

Medinskiy kitob yoqish “shunchalik yomon ko‘rinadiki, u bizda g‘alati tarixiy xotiralarni uyg‘otadi”, dedi. Aftidan, bu bilan vazir 1930 yillarda fashistlar Germaniyasi va Avstriya tomonidan o‘z nazarlarida aksilhukumat g‘oyalarni o‘z ichiga olgan kitoblarni ommaviy ravishda yoqib yuborilganini nazarda tutgan.

Komida kitoblarning yoqib yuborilgani rossiyalik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini g‘azablantirdi. Bir necha foydalanuvchi bu hol fashizm davrini eslatishi haqida yozdi.

“Vorkuta kollejida Foros jamg‘armasi chop etgan kitoblarni yoqib yuborishdi. Tanish yo‘ldan ketyapsizlar!” deb yozdi bir Twitter foydalanuvchisi.

Boshqalar esa XIX asrda yashab o‘tgan nemis shoiri Genrix Geynening mashhur iqtibosini eslatishdi: “Kitob yoqqanlar pirovardida odamlarni ham yoqadi”.

Komi kolleji kutubxonasi direktori Elena Vasilyevaga ko‘ra, bu kitoblarni yoqishda hech qanday ma’no yo‘q, chunki ularni shundoq ham deyarli hech kim o‘qimaydi.

“7x7” saytiga ko‘ra, Vasilyeva: “Bu kitoblarni ancha oldin olib kelishgan. Men bu yerda 11 yildan beri ishlayman. Kitoblarni men kelishimdan avval sotib olishgan. Ularni hech kim olib o‘qimasdi. Bu kitoblar omborxonada turardi”, degan.

Komi shahrining milliy kutubxonasiga dekabrda tashrif buyurgan “7x7” muxbiriga ko‘ra, kutubxonaga “Soros jamg‘armasi” chop etgan kitoblar ro‘yxatini tuzish buyrug‘i berilgan bo‘lgan.

“7x7” saytida yozilishicha, ro‘yxatga debatlarga doir qo‘llanma, mantiq faniga oid asarlar, XX asr G‘arb falsafasi hamda frantsuz syurrealizmi bo‘yicha kitoblar kiritilgan.

Kler Bigg qalamiga mansub ushbu maqola Nodir Ataev tomonidan o‘zbekchaga o‘girilgan.

XS
SM
MD
LG