Линклар

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati G‘ijduvon tuman sudining 2015 yil 10 noyabr kungi xususiy tadbirkor Zebo Xudoynazarovani jarima jazosiga tortish haqidagi qarori Ozodlikka 15 yanvar kuni kelib tushdi.

Sudya R. Zairov tomonidan imzolangan sud qaroriga ko‘ra, xususiy tadbirkor Xudoynazarova Ozodlik radiosi orqali “Xo‘jai Jahon” buyum bozori ma’muriyatini sharmanda qiluvchi gaplarni gapirgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 40-moddasi (Tuhmat)ga asosan 2 604 800 miqdorida jarimaga tortilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yilning oktyabr-noyabr oylarida G‘ijduvondagi mashhur Xo‘jai Jahon bozori ko‘chirilishi ortidan tadbirkorlarning noroziligi kelib chiqqan va tadbirkorlar mamlakat ichida davlat hokimiyati organlari, xususan, O‘zbekiston Prezidenti, Bosh prokurori, Adliya vaziri singari bir qancha rasmiylarga shikoyat xatlari bilan murojaat qilishgan.

Mazkur instansiyalardan yetarlicha javob ololmagan tadbirkorlarning ayrimlari Ozodlik radiosiga bozor ko‘chirilishidagi adolatsizliklar yuzasidan intervyu berishgan.

- Bozor ko‘chirilishida haqiqatan ham adolatsizliklar mavjud. Mazkur ish yuzasidan bir qancha huquqni muhofaza qilish organlari, davlat hokimiyati idoralariga chiqilgan. Shikoyatlarda aytilgan so‘zlar, keltirilgan faktlar mutlaqo to‘g‘ri bo‘lib, u tuhmat bo‘lishi mumkin emas.

Fuqaroning ommaviy axborot vositasiga kechayotgan voqea hodisalar haqida gapirgani uchun katta miqdordagi jarimaga tortilishini hecham tushuna olmayman. Aksincha, G‘ijduvon ma’murlari matbuotda chiqayotgan faktlarni o‘rganib, vaziyatni o‘nglashni o‘ylashsalar bo‘lardi, deydi Xudoynazarovaning himoyachisi, “Pegas Media Press” tashkiloti vakili H. Asqarov.

Bozor ma’muriyati va G‘ijduvon shahar hokimligining arizalari asosida G‘ijduvon tumani sudi sirtdan yakka tartibdagi tadbirkor Zebo Xudoynazarovani bozor ma’muriyati va boshqa mutasaddilarni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatishda ayblagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining kassatsiya sudlov hay’ati esa G‘ijduvon sudining tadbirkor Xudoynazarovani jarimaga tortish haqidagi qarorini 2016 yilning yanvarida o‘zgarishsiz qoldirgan.

XS
SM
MD
LG