Линклар

O‘zining milliatchi g‘oyalari bilan boshqalardan ajralib turuvchi LDPR partiyasining Rossiya parlamentidagi deputati Vladimir Sisoev mehnat muhojirlari va umuman xorijliklarga bepul tez tibbiy yordam ko‘rsatishdan voz kechish taklifi bilan chiqdi. Hukumatga yuborgan maxsus murojaatnomasida tyumenlik bu xalq namoyandasi “tibbiy yordam birinchi navbatda rossiyaliklarga, ikkinchi o‘rinda qolganlarga” berilishi kerakligini uqtirdi. U to‘lov darhol tibbiy muolajadan keyin migrant tomonidan amalga oshirilishi kerak, demoqda.

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR)ning Davlat Dumasidagi namoyandasi tyumenlik Vladimir Sisoev Rossiya hukumati vitse-premyeri Olga Golodetsga maxsus murojaatnoma yuborib, unda xorij fuqarolaridan ko‘rsatilgan tez tibbiy xizmat uchun pul olish taklifini ko‘tarib chiqdi. Rus parlamentida sog‘liqni saqlash masalalarini boshqarib kelayotgan bu yosh deputat hukumatning 2013 yil 6 martida qabul qilingan “Rossiya Federatsiyasi hududida xorij fuqarolariga tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risida”gi qaror va boshqa tegishli hujjatlarga o‘zgartish kiritish zarurligini uqtirdi.

Vesti.FM radiosiga bergan intervyusida Vladimir Sisoev, jumladan, o‘z pozitsiyasini quyidagicha izohladi:

- Ko‘p hollarda muhojir tez yordamni chaqiradi, tibbiy brigada esa unga birinchi yordam emas, balki boshqa xizmatlarni ham ko‘rsatadi, bu xizmatlar uchun esa Rossiya byudjeti hisobiga oddiy rossiyaliklar to‘laydi. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Agarda yordamga muhtoj odam xorijlik bo‘lsa, unda bu masalalar davlatlararo shartnomalar asosida bartaraf etilishi, ya’ni ular qaerdadir ishlayotgan bo‘lishi shart. Biz milliardlab rubllarni ko‘chaga sovurish va Rossiya fuqarosi bo‘lmaganlarga sarflash uchun unchalik badavlat emasmiz. Ularning tibbiy sug‘urta polislari qattiq tekshirilishi kerak. Ko‘p hollarda boshqa mamlakatlardan ayniqsa homilador ayollar Rossiya tug‘ruqxonalarida tug‘ishga keladi – biz bunga chek qo‘yishimiz kerak. Ha, ayrim hollarda favqulodda holatlar bo‘lishi mumkin, lekin migrantlarga bepul xizmat ko‘rsatishni bas qilish kerak, dedi deputat Vladimir Sisoev.

U yuzaga kelgan og‘ir iqtisodiy inqiroz tufayli mintaqaviy va markaziy tibbiyot muassasalariga byudjetdan ajratilayotgan mablag‘lar keskin kamaytirilgan bir paytda, Rossiyada ishlayotgan xorijliklarga yuzlab million rubl sarflanayotganidan afsuslanib gapirdi.

- Rossiya mintaqalarida millionlab ortga qaytmaydigan rubllar migrantlarga sarflanayapti, nafaqat tez tibbiy yordamga. Axir xorijga chiqqan har bir fuqaromiz barcha mamlakatda pul evaziga tibbiy yordam oladi. To‘g‘ri, biz insonparvarlik va Gippokrat qasamyodini hisobga olib, o‘ta og‘ir vaziyatlarda qoidalardan chekinishimiz mumkin, deya xulosa qildi deputat Sisoev.

U keltirayotgan raqamlarga ko‘ra, 2013 yilda Rossiyada aholining o‘lim darajasida o‘sish kuzatilgan. “2015 yilning birinchi 9 oyi davomida mamlakatda o‘lganlar soni o‘tgan yilga nisbatan 1 foizga oshdi”, dedi u.

Vladimir Sisoev xorijlik ishchilarga bepul tez yordam tibbiy xizmatidan voz kechib, xizmat ko‘rsatilganidan keyin darhol to‘lov amalga oshirilishi kerakligini taklif etmoqda.

Rossiyada bugungi kunda OMS – majburiy tibbiy sug‘urtalash tizimiga barcha Rossiya fuqarolari, qochqinlar, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, mamlakatda doimiy yoki vaqtincha yashayotgan va shartnoma asosida ishlayotgan xorijliklar kiritilgan.

Deputatning bu taklifi jamoatchilik orasida katta muhokamani keltirib chiqardi. “Rossiya vrachlari jamiyati” a’zosi doktor Vladimir Neroev mavjud tizimni buzishning hojati yo‘qligini “Izvestiya” gazetasiga gapirdi:

- Biz usiz ham xorij fuqarolariga insonparvarlik yuzasida va iqtisodiy jihatdan minimal tarzda ko‘mak berib kelmoqdamiz, dedi Vladimir Neroev.

Mavjud qoidalarga ko‘ra, har 10 ming kishiga bitta tez yordam brigadasi tayinlangan. Rossiya qonunchiligida o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatmagan shifokorlar jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan.

Moskva shahar hokimiyati 2015 yilda migrantlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatishga 1,7 milliard rubl ajratganini e’lon qilgan.

Tez tibbiy yordam hozirda, Rossiyada mavjud qoidalarga ko‘ra, fuqaroligi, jinsi, tibbiy sug‘urtalangani-sug‘urtalanmagani va maqomidan qat’iy nazar og‘ir kasalliklar va jarohatlarga uchragan har qaysi shaxsga ko‘rsatiladi.

Eslatish joyizki, 2013 yilda yana bir Duma deputati – Aleksey Juravlyov sobiq Ittifoq fuqarolariga yordam ko‘rsatishni ikki turga ajratib, har qaysi tibbiy, jumladan, tug‘ruqxona xizmatlari xorij fuqarolariga pulli bo‘lishi, favqulodda tez tibbiy yordam esa bepulligicha qolishi kerakligini gapirib chiqqan.

Bu tashabbusdan so‘ng Rossiya parlamenti deputatlari ko‘pchilik ovoz bilan har bir migrant tibbiy sug‘urtalanishi kerakligi to‘g‘risida qonun qabul qilgan edi.

XS
SM
MD
LG