Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:51

Toshkent G‘arb banklarida muzlatilgan MILLIARD dollarni qaytarib ola oladimi?


Yevropada “o‘zbek ishi” nomini olgan korrupsiya janjali ortidan O‘zbekiston fuqarolari nomiga G‘arb banklarida ochilgan hisoblardagi kamida 1 milliard AQSh dollari muzlatib qo‘yildi. 2015 yil 16 dekabr kuni O‘zbekiston Adliya vaziri AQSh mahkamasiga bu pullarni Toshkent hukumatiga qaytarib berishni so‘rab rasman murojaat qildi.

Toshkentning prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaniki ekani taxmin etilayotgan bu milliard dollarni qaytarib olish imkoni bormi?

Ozodlikning bu savoliga "Gulnora Karimova milliard dollarni qanday o‘mardi?" degan savol yuzasidan maxsus jurnalistik surishtiruv o‘tkazgan Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyani yoritish xalqaro loyihasi bosh muharriri Drew Sullivan javob berdi.

- O‘zbekistonning bu so‘rovida manfaatlar to‘qnashuvi kabi jiddiy bir muammo bor. Bu pullarni o‘g‘irlagan odam O‘zbekiston prezidentining qizi¸ ya’ni bevosita birinchi oila vakili. O‘zbekiston Adliya vazirligi biz o‘g‘rilarni jazoladik¸ deyapti. Ammo Islom Karimov hali ham prezident va uning qizi Gulnora jazolanib¸ qamalgani haqida biror rasmiy ma’lumot yo‘q. Gulnora Karimovaning uy qamog‘ida ekani haqidagi gaplarni ham tasdiqlash imkoni yo‘q. Balki u ayni daqiqalarda San Tropeda (Fransiya janubidagi asosan zodagonlar yashovchi shaharcha – tahr.)mazza qilib yurgandir¸ balki u hali ham hukumat faoliyatining serdaromad sohalarini nazorat qilayotgandir. Biz buni bilmaymiz. Shu bois¸ AQSh mahkamasini bu pullarni qaytarib berish kerakligiga ishontirish juda qiyin bo‘ladi.

Ozodlik: Hozircha rasman tasdig‘ini topmagan ma’lumotlarga ko‘ra¸ o‘zbek mahkamasi Gulnora Karimovani sudlab¸ unga uch yillik uy qamog‘i jazosi tayinlagan. Agar shu ma’lumot to‘g‘ri bo‘lsa¸ unga asosan Toshkentning¸ Gulnora Karimova ham qilmishi uchun jazolandi¸ hukumat va Gulnora bir narsa emas¸ aslida biz jabrlanuvchimiz¸ degan asosda 1 milliard dollarni qaytarib olish ehtimolini qanday baholaysiz?

- Bir qaraganda¸ o‘zbek tomonida qo‘ygan talabda jon bordek. Agar kimdir davlat va xalqqa tegishli pullarni korrupsiya bilan o‘g‘irlagan bo‘lsa¸ bu odamlar mahkamaga tortilib¸ aybi isbotlangach¸ pullar asl egasiga qaytarilishi kerak. Adliya vaziri o‘z maktubida shunga urg‘u bermoqda. Ammo fundamental muammo shundaki¸ Gulnora Karimova bu pullarni otasi prezident bo‘lgan davrda o‘zlashtirib keldi va na ota va na unga hisob beruvchi hukumat uni to‘xtatish uchun 10 yildan ko‘proq vaqt davomida hech narsa qilmadi. Nihoyat¸ deylik Gulnoraning mahkamaga tortilib¸ unga uy qamog‘i berilgani rost ham bo‘lsin. Uch yillik uy qamog‘i¸ birgina telekommunikatsiya sohasida bir milliard dollar o‘g‘irlash jinoyatiga loyiq jazomi? Biz o‘zbek adliya tizimini yaxshi bilamiz. Minglab odam 100 dollar nari-berisida pora oldi degan ayb bilan uzoq yillar qamoqqa tashlanmoqda. Bunday qattiq jazo usuli nega bir milliard dollar o‘g‘irlaganga qo‘llanmayapti? Biz hali prezident qizining hukumat tizimlari vositasida boshqa sohalardan xalq va davlatning qancha pulini o‘g‘irlaganini bilmaymiz. Yana takrorlayman¸ muzlatilgan bir milliard bor-yo‘q uchta mobil aloqa shirkatidan olingan pora¸ aysbergning uchi xolos.

Ozodlik: 28 yanvar kuni Nyu York rayon mahkamasi O‘zbekiston Adliya vazirining rasmiy murojaati yuzasidan o‘z dastlabki qarorini e’lon qilishi kutilmoqda. Siz Amerika mahkamasi qanday qaror chiqaradi¸ deb o‘ylaysiz?

- Birinchidan¸ men O‘zbekiston tomoni mahkamada yutqizadi¸ deb o‘ylamayman. Shaxsan men uchun¸ ular keltirayotgan asoslar juda zaif. Ammo AQSh mahkama tizimi shunday tuzilganki¸ agar mahkamada yutish uchun kattagina pul tashlab¸ qudratli advokatlarni yollashga qurbingiz yetsa¸ jarayon yillarga cho‘zilishi mumkin. Gap oz pul haqida emas¸ 1 milliard dollar ustida bormoqda va ko‘rib turganimizdek¸ o‘zbek tomonida advokatlardan pul ayaydiganga o‘xshamaydi (O‘zbekiston hukumati o‘z himoyasiga Nyu Yorkdagi qudratli Holwell Shuster&Goldberg advokatlar shirkatini yollagan – tahr.).Shuning uchun¸ bu jarayonning kamida 2-3 yilga cho‘zilishini kutish mumkin. Bundan tashqari¸ o‘zbek tomoni bu pulni qaytarib olish uchun Vashingtonga siyosiy ta’sir o‘tkazishga ham urinib ko‘radi. Lekin AQSh adliya tizimi siyosiy hukumatdan mustaqil bo‘lgani uchun¸ bunday urinishlar ish berishiga ko‘zim yetmaydi.

Ozodlik: Siz AQSh adliya tizimlari so‘rovi bilan muzlatilgan bir milliard dollar O‘zbekiston hukumatiga qaytarilmasligi kerak¸ bunday qilish¸ o‘g‘irlangan pullarni yana o‘g‘rilarning o‘ziga qaytarish bo‘ladi¸ degan fikrdasiz? Agar pullar Toshkentga qaytarilmasa¸ u kimga berilishi kerak? Buning uchun qanday mexanizmlar bor?

- O‘zbek xalqini tamsil qiluvchi namoyandalarning yo‘qligi jiddiy muammo. Hukumat xalq emas¸ hokimiyat tepasidagilar manfaatini tamsil qilmoqda¸ xalqning esa bu pulni talab qiluvchi legitim vakillari yo‘q. O‘g‘irlangan 1 milliard dollar oddiy o‘zbeklarning puli. Bu pullar mobil telefon egalaridan o‘g‘irlangan va qaysidir yo‘l bilan ularga qaytarilishi kerak. Qanday qaytarilishi kerakligi jiddiy o‘ylab ko‘riladigan savol. Agar men AQSh hukumati o‘rnida bo‘lsam¸ maxsus jamg‘arma ochib¸ bu bir milliard dollarni shunga berardim. Bu jamg‘armadan esa¸ iqtidorli o‘zbek yoshlarini xorijda o‘qitish uchun grant va stipendiyalarga¸ Karimovlar jabridan mamlakatdan qochishga majbur bo‘lgan o‘zbekistonliklarga yordam berishga foydalangan bo‘lardim.

XS
SM
MD
LG