Линклар

Qashqadaryoning Shahrisabz shahrida o‘g‘li diniy ayblovlar bilan hibsga olingan 53 yoshli litsey o‘qituvchisi Shahodat Bahodirova o‘zini osdi. Ikki o‘g‘il va bir qizning onasi nima uchun o‘z joniga qasd qilgani ma’lum emas. Hamkasblarining aytishicha, ayol o‘g‘lining diniy ekstremizmda gumonlanib hibsga olinishi ortidan xavfsizlik organlari hamda rahbarlarning bosimlari ostida qolgan va tahqirga chiday olmay o‘z joniga qasd qilgan.

Shahrisabzdagi 100-son akademik litseyining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Shahodat Bahodirova 14 yanvar kuni o‘z uyida osilgan holda topildi.

Ikki o‘g‘il va bir qizning onasi nima uchun joniga qasd qilgani ma’lum emas.

Qashqadaryoning Shahrisabz tumani Ichki ishlar boshqarmasi rasmiylari Bahodirova o‘z uyida osilgan xolda topilgani va bu yuzadan prokuratura surishtiruv olib borayotganini aytishdi.

Hamkasblari va mahalladoshlarining aytishicha, Shahodat Bahodirova o‘g‘li ekstremizmda ayblanib qamalishi ortidan milliy xavfsizlik xodimlari va rahbarlarning qattiq bosimi ostida qolgan va tahqirlarga chiday olmay o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin.

- O‘g‘li qamalganidan keyin litsey direktori uni chaqirtirib, o‘g‘ling ekstremist, deb haqoratlagan va ishdan bo‘shatib yuborgan. Uni qizini ham institutdan haydashgan. O‘zini doim organlarga chaqirtirib so‘roq qilishgan. Oxiri o‘zini osgan. Bu haqda xat ham yozib qoldirgan ekan, - deydi o‘zini osgan ayolning hamkasblaridan biri.

Ikki oy avval uning o‘g‘li Shahzod Mahmudxonov diniy ekstremistik tashkilotlarga a’zolik va ekstremistik mazmundagi varaqalarni tarqatishda, gumonlanib hibsga olingan edi.

- O‘g‘lining aybi to‘liq isbotlanmay turib, ayol o‘zi ishlaydigan o‘quv yurtida va mahallasida sazoyi qilindi. O‘g‘li varaqa tarqatuvchi sifatida olingan video ham shu maktabda qo‘yib berilgan, xullas ayol sharmanda qilingan, - deydi shu ayolni yana bir hamkasblaridan biri.

Bu iddaolarni tekshirish hozircha imkonsiz. Shahodat Bahodirova ro‘zg‘or tebratishga qiynalgani sababli o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin, degan farazlar ham bor.

Toshkentdagi Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovning aytishicha, hozirda O‘zbekiston qamoqxonalarida diniy sabablar bilan qamalgan 13 mingga yaqin mahbus bor.

Sur’at Ikromovning aytishicha, O‘zbekistonda diniy mahbuslarning yaqinlari mahallalarda sazoyi qilinishi odatiy holdir.

- Ba’zi hollarda sazoyi qilishlar fojiali yakun topadi. Aslida o‘g‘li aybdor bo‘lgani taqdirda ham buning uchun uning yaqinlarini haqoratlash mutlaqo noto‘g‘ri, - deydi Sur’at Ikromov.

XS
SM
MD
LG