Линклар

Eron va Yevropa Ittifoqi rasmiylariga ko‘ra, Tehron o‘tgan yilning iyul oyida erishilgan kelishuvda belgilangan majburiyatlarini buzmagani tasdiqlandi.

Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif hamda Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo‘yicha mutasaddisi Federika Mogerini 16 yanvar kuni Venada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida xabar berishdi.

Ikki rasmiy e’lon qilgan bildiruvda “Ushbu kelishuv siyosiy xohish, matonat hamda ko‘p tomonlama diplomatiya orqali qiyin masalalarni hal qilish va samarali bajarish mumkin bo‘lgan amaliy yechimlarni topish mumkinligini ko‘rsatadi”, deyiladi.

Erishilgan kelishuvni AQSh ham ma’qullaydi. AQSh davlat kotibi Jon Kerri Venada bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda qatnashdi, ammo matbuot anjumanida ishtirok etmadi.

Bu xabar ortidan Eronga qarshi joriy qilingan sanksiyalar birin-ketin bekor qilindi. Yevropa Ittifoqining kengashi yadroviy dastur yuzasidan Eronga qarshi joriy qilingan barcha iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalar berkor qilinganini e’lon qildi.

AQShda prezident Barak Obama Amerika fuqarosi bo‘lmagan shaxslarning Eron markaziy banki hamda Eron milliy neft shirkati bilan ish olib borishiga to‘sqinlik quluvchi sanktsiyalarni bekor qiluvchi farmon chiqardi.

AQSh Moliya vazirligi esa 400 dan oshiq eronlik shaxs va tashkilot sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilgani haqida xabar berdi.

Xabarda 200 ga yaqin shaxs va tashkilotga qarshi joriy qilingan sanksiyalar bekor qilinmagani aytiladi.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy o‘z Twitter hisobida “Sharafli g‘alaba bilan tabriklayman!” deb yozdi.

Sanksiyalar bekor qilinganidan va mamlakatlari endi xalqaro miqyosda yakka emasligidan xursand bo‘lgan eronliklar o‘z quvonchlarini ijtimoiy tarmoqlarda izhor qilishdi.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy mamlakatiga nisbatan xalqaro sanksiyalarning olib tashlanishini olqishlab, dunyoning qudratli davlatlari bilan yadroviy bitimning imzolanishi Tehronning dunyo iqtisodiyotiga qo‘shilishi uchun "yangi yo‘llarni ochdi", deb aytdi.

17 yanvar kuni Eron parlamentida chiqish qilgan Hasan Ruhoniy shartnoma Eron iqtisodiyoti uchun "burilish nuqtasi" bo‘lishini bildirdi.

Uning ilova qilishicha, energiya zahiralariga boy mamlakat neftdan olinadigan daromadlarga kamroq qaram bo‘lishi kerak.

Isroil Eron bilan erishilgan kelishuvga keskin qarshidir.

Mamlakat bosh vaziri Benyamin Netanyahu ma’muriyati 16 yanvar kuni e’lon qilingan bildiruvda Tehron yadroviy qurol ishlab chiqish niyatidan voz kechmagani hamda mamlakat Yaqin Sharq tinchligiga tahdid solishi aytiladi.

BMT tomonidan eronga qurol sotish bo‘yicha joriy qilingan cheklovlar bekor qilingani yo‘q. Eronning ballistik raketalar dasturiga qarshi joriy qilingan cheklovlari ham o‘zgartirilgani yo‘q.

Ayni paytda Yevropa Ittifoqi "Eronga qarshi barcha iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalarni olib tashlandi", deya e’lon qildi.

Biroq sanksiyalarni bekor qilish jarayoni to‘liq bajarilishi uchun barcha Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarning etakchilaridan tuzilgan Yevropa kengashi rasmiy qaror chiqarishi, bu qaror haqida Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida yozilishi kerak.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Eronga qarshi joriy qilingan barcha xalqaro sanksiyalarning bekor qilinishi Eronga 100 milliard dollar yengillik olib keladi.

Sanksiyalar bekor qilinishi haqida xabar berilishidan avval Xalqaro Atom energiyasi agentligi (XAEA) Eron o‘z yadroviy dasturi bo‘yicha olgan majburiyatlarni bajargani haqida hisobot berdi. Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuv o‘tgan yilning iyulida Eron va olti qudratli davlat o‘rtasida imzolangan edi.

XAEA direktori general Yukiya Amano Eron erishilgan kelishuvni bajarish uchun zarur bo‘lgan ilk qadamlarni amalga oshirgani aytilgan hisobotni e’lon qildi.

Iyulda erishilgan kelishuv bo‘yicha Eron sentrifugalarining uchdan ikki qismini yo‘q qilishi, uran zahiralarini ozaytirishi hamda mamlakatda qurollarda ishlatish mumkin bo‘lgan plutoniy ishlab chiqarish imkonini beruvchi Arak reaktorining o‘zagini olib tashlashi kerak edi. Kelishuvga erishilishidan avval Eronda bir necha bomba yasash uchun etarli boyitilgan uran bor edi.

Iyulda Eron va olti qudratli mamlakat o‘rtasida erishilgan kelishuv Eron bir yadroviy qurol yasash uchun etarli yoqilg‘i ishlab chiqarishi uchun ketadigan vaqtni kamida bir yilga uzaytirishni ko‘zlaydi. XAEA Eron o‘z majburiyatlarini bajarayotganiga ishonch hosil qilish uchun mamlakat yadroviy dasturini yaqindan kuzatib boradi. G‘arb Eronni yadroviy qurol ishlab chiqarishga intilishda ayblab keladi. Eron esa buni rad etadi.

Tehronga qarshi joriy qilingan sanksiyalar Eronni global moliyaviy tizimdan ajratib, mamlakatning neft eksportlarini cheklab qo‘ygan edi. Bundan oddiy fuqarolar zarar ko‘rayotgan edi.

Obamdan keyin AQSh prezidenti bo‘lish istagidagi Respublikachilar partiyasi nomzodlarining barchasi Eron bilan erishilgan kelishuvga qarshidir. Bundan tashqari, AQShning Yaqin Sharqdagi hamkorlari, jumladan, Isroil va Saudiya Arabistoni ham kelishuvga ishonchsizlik bilan qaraydi.

Ammo kelishuvni Vashingtonning Yevropadagi hamkorlari qo‘llaydi. Bu mamlakatlar Eronni muzokara olib borishga majburlash uchun Obama bilan birgalikda mamlakatga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni kuchaytirgan edi.

XS
SM
MD
LG