Линклар

logo-print

AQSh Eronning ballistik raketalar dasturiga qarshi kuni kecha joriy qilgan sanksiyalarni Tehron qoralab chiqdi. Eron rasmiylari Vashington Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlarga qurol-aslaha sotishini aytib, bu sanksiyalarda “hech qanday qonuniy yoki axloqiy asos yo‘q”, deyishdi.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Tehron yadroviy dasturi tufayli kiritilgan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilganidan keyin bir kun o‘tgach, 17 yanvar kuni Vashington Eronning ballistik raketalar yaratish dasturiga aloqador shirkat va fuqarolarga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi.

AQSh Moliya vazirligi bu sanksiyalar besh Eron fuqarosi va Birlashgan Arab Amirliklari hamda Xitoyda joylashgan bir guruh shirkatga qarshi joriy qilinganini bildirdi.

Bu sanksiyalar Eron oktyabr-noyabr oylarida amalga oshirgan ballistik raketa sinovlariga javob o‘laroq joriy qilindi.

BMT mutaxassislari bu sinovlar BMT xavfsizlik kengashi 2010 yil Eronga yadroviy kallaklarni uchirish imkonini beruvchi raketalar ustida sinovlar o‘tkazishni man qilib chiqargan rezolyutsiyaga zid ekanligini aniqlashdi.

Terrorizm va moliyaviy razvedka bo‘yicha vazir o‘rinbosari Adam Shubin: “Eronning ballistik raketa dasturi hududiy va global xavfsizlikka jiddiy tahdid soladi hamda xalqaro sanksiyalar hadafi bo‘lib qoladi”, dedi.

AQSh yangi sanksiyalarni e’lon qilishidan avval Eron prezidenti Hasan Ruhoniy har qanday yangi sanksiyaga “munosib javob berilishini” aytdi.

Bundan avvalroq Ruhoniy Eronga qarshi xalqaro sanksiyalar bekor qilinganini olqishlagan, erishilgan kelishuv Tehronning dunyo bilan aloqa qilishi uchun yangi eshiklar ochganini aytgandi.

17 yanvar kuni parlament oldida chiqish qilgan Ruhoniy bitim Eron iqtisodiyoti uchun “burilish nuqtasi” ekanligini aytib, energiya zahiralariga boy mamlakat neftga bo‘lgan qaramligini ozaytirishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

O‘sha kuni AQSh tashqi ishlar vaziri Jon Kerri AQSh va Eron o‘rtasida 400 million dollar yuzasidan 1979 yilgi islomiy inqilobdan avval boshlangan tortishuv hal qilinganini e’lon qildi.

AQSh Eronga 400 million dollar qarzini va 1,3 milliard dollar foiz pulini to‘laydi.

Bu mablag‘ Eron qachonlardir AQShdan harbiy moslamalarni sotib olish uchun ishlatgan jamg‘armaning bir bo‘lagi bo‘lgan. Bu pul sanksiyalar bekor qilinishi ortidan Eron yana foydalana oladigan milliardlab dollar qiymatga ega muzlatilgan mablag‘dan alohidadir.

16 yanvarda Xalqaro atom energiyasi agentligi Eron o‘z yadroviy dasturi bo‘yicha olgan majburiyatlarni bajargani e’lon qildi. Bu esa Eron yadroviy dasturi bilan bog‘liq sanksiyalar bekor qilinishiga turtki bo‘ldi.

Ayni paytda Vashington Eronning ballistik raketalar dasturi yadroviy dasturidan alohida ekanligini aytmoqda.

Ozodlikning ingliz xizmati tayyorlagan ushbu maqola Nodir Ataev tomonidan o‘zbekchaga o‘girildi.

XS
SM
MD
LG