Линклар

VimpleCom shirkati O‘zbekistondagi faoliyati davomida millionlab dollar pora berganini tan olib, 600 million AQSh dollariga teng jarima to‘lashga tayyorligi to‘g‘risida xabar qilinmoqda. Rossiyada chiqadigan “Vedomosti” gazetasi bu haqda dushanba kuni o‘z manbalariga tayanib xabar qildi.

VimpelCom shirkati o‘tgan yili O‘zbekistondagi korrupsion janjal bilan bog‘liq ehtimoliy jarimalar va boshqa xarajatlar uchun 900 million dollar mablag‘ ajratgan edi. Noyabr oyida esa shirkat AQSh adliya vazirligi bilan ishni sudga oshirmasdan 775 million dollar jarima to‘lash masalasi ustida muzokara qilayotgani to‘g‘risida xabar qilingan edi.

14 yanvar kuni, Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati ham O‘zbekistondagi biznesi qiymatiga teng qariyb 700 million dollarni hisobdan chiqarishi to‘g‘risida e’lon qildi.

AQSh va Yevropada tergov qilinayotgan ishlarda VimpelCom, TeliaSonera va MTS shirkatlari O‘zbekistonda biznes qilish imkoni evaziga bu mamlakat prezidentining qizi Gulnora Karimovaga kamida 1 milliard AQSh dollari miqdorida pora bergani gumon etilmoqda. Mazkur tergovlar doirasida Yevropa mamlakatlarida Gulnora Karimovaga aloqador deb ko‘rilgan jami 1 milliard AQSh dollari muzlatib qo‘yilgan.

O‘tgan hafta O‘zbekiston hukumati muzlatilgan pullar jinoyatchilar tarafidan o‘marilgani va mamlakatga qaytarilishi lozimligi aytilgan maktub bilan AQShga murojaat qildi.

O‘zbekiston Adliya vaziri Muzraf Ikromov imzosi bilan jo‘natilgan maktubda jinoyatchilar orasida Gulnora Karimovaning ismi keltirilmagan, lekin uning jazmani Rustam Madumarov va xos yordamchisi Gayane Avakyanlar asosiy jinoyatkorlar sifatida tilga olingan.

XS
SM
MD
LG