Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:08

MXX xodimi barmog‘iga jarohat yetkazilgani uchun “Lasetti” musodara qilindi


Avtomashinaning egasi - buxorolik 53 yashar Mahbuba Ochilovaning nomidan Ozodlikka kelgan shikoyatda aytilishicha, tan jarohati Milliy xavfsizlik xizmati xodimining “chap qo‘li bosh barmog‘iga yetkazilgan”.

Mahbuba Ochilovaning “Lacetti”sini minib ketayotib MXXchining bosh barmog‘iga jarohat yetkazgan yigit bu jinoyati uchun 4 yilga kesildi va keyin amnistiyaga tushdi.

“Lacetti” jinoyat quroli sifatida davlat foydasiga musodara qilindi.

Onasi nomidan Ozodlik bilan bog‘langan Sami Baqoev ularning oilasiga tegishli avtomashina noqonuniy musodara qilinganidan shikoyat qildi.

Voqea ishtirokchilari:

“Lacetti” – avtomashina, ekspert xulosasiga ko‘ra, narxi 60 440 000 so‘m, uni Shamshod Shabanov egasining roziligi bilan mingan.

Mahbuba Ochilova – “Lacetti”ning egasi, 1963 yilda tug‘ilgan;

Shamshod Shabanov – 1988 yilda tug‘ilgan, 2015 yilning 22 iyunida MXX xodimining “chap qo‘li bosh barmog‘iga tan jarohati yetkazgan” yigit;

Nargiza Mo‘minova – Shamshod Shabanov ustidan ko‘rilgan sud ishining asosiy figuranti.

2015 yilning 22 iyunidagi voqea

Uning tafsiloti Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2015 yil, 10 dekabridagi ajrimida keltirilgan. Mazmuni bunday:

Nargiza Mo‘minova Kogon shahar IIB kotibiyatida ish yurituvchi bo‘lib ishlagan, attestatsiyadan o‘tolmagan, Shamshod Shabanov 200 dollar evaziga masalani hal qilib bermoqchi bo‘lgan, lekin Mo‘minova Shabanovning ustidan IIBga arz qilgan.

Shundan so‘ng:

Viloyat IIB, Departament hamda MXXning Kogon shahar bo‘linmalari Shamshod Shabanovni pul olayotganda qo‘lga olish operatsiyasini tayyorlaygan.

Lekin, voqea joyiga “Laсetti”da kelgan Shamshod Shabanov tuzoq qo‘yilganini sezib qoladi va qochishga urinadi. Shu soniyalar sudning 10 dekabrdagi ajrimida mana bunday tasvirlangan:

“MXX Kogon shahar bo‘linmasi xodimi B. Rasulovning qonuniy talabiga faol qarshilik ko‘rsatib, o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan B. Rasulovni avtomashinasining o‘ng tomoni bilan qasddan urib, B. Rasulovga qasddan o‘rtacha og‘ir shikast yetkazib, ularni o‘z xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan”.

Ajrim paydo qilgan savollar

Sud ajrimidan olingan bu parcha uyg‘otgan qator savollar javobini izlamaymiz. Mana o‘sha savollardan bittaginasi:

Tamagirni jinoyat ustida ushlashga urinibsan, lekin u sendan hushyorroq ekan va tuzog‘ingga tushmadi. Xo‘sh, shundan keyingi talabing nima bo‘ldiyu uning qonuniyligi qaerdan paydo bo‘ldi?

Shabanovning o‘zi nima dedi?

Deyarli hech nima va uni tushundik. Faqat u tamagirlik yoki pora oldi-berdisiga o‘rtakashlik qilmagani, balki qarzdor Nargiza Mo‘minovadan o‘z haqini olish uchun borganini, lekin kelishilgan joyda shubhali odamlar ko‘payib ketganini ko‘rgach, qochishga uringanini aytdi.

Birinchi instansiya sudi hukmi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi 2015 yil, 5 noyabrda Shamshod Shabanovni 4 yilga ozodlikdan mahrum qilish va “Lacetti”ni “jinoyat quroli sifatida” musodara qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Bu hukmni ishni apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi 2015 yil, 10 dekabridagi ajrimi bilan o‘z kuchida qoldirdi.

“Lacetti” egasi nomidan uning advokati Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyatsiya instansiyasiga yozgan shikoyatdan parcha:

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Pleniumining 2012 yil 13 dekabrdagi “Jinoyat ishlari bo‘yicha ashyoviy dalillarga oid qonunchilikni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori 2- bandi “a” kichik bandida ashyoviy dalil sifatida jinoyat qurollari – jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish yoki jinoyat sodir etish uchun maxsus mo‘ljallangan, tayyorlangan yoki moslashtirilgan narsalar yohud bevosita jinoyat sodir etish jarayonida jinoiy maqsadga erishish uchun foydalanilgan narsalar e’tirof etilishi, 10-bandida ayrim qilmishlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar jinoyat sodir etishda foydalangan avtomashinalarni jinoyat quroli, deb e’tirof etish uchun transport vositasidan faqat ulov sifatida emas, balki qasddan jinoyat sodir etishda aynan qurol sifatida foydalanilganligi so‘zsiz aniqlangan bo‘lishi zarurligi tushuntirilgan”.

Advokatning ishonishicha, Shabanov voqea joyiga MXX xodimiga tan jarohati yetkazish uchun emas, balki Mo‘minova bilan uchrashish uchun borgan, ya’ni MXX xodimiga jarohat yetkazishga qasd qilgan emas, binobarin “Lacetti” jinoyat quroli emas.

Lekin Mahbuba Ochilova va uning advokatining bu gaplar bitilgan shikoyatini Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyatsiya instansiyasi inobatga olmadi.

Kim oshdiga qo‘yilayotgan mashina

Onasi - Mahbuba Ochilova nomidan Ozodlik bilan bog‘langan Sami Baqoevning yozishicha, musodara qilingan 60 440 000 so‘mlik “Lacetti”ni “shu kunda kim oshdi savdosiga qo‘yishmoqchi”.

Ishga aloqasi yo‘q huquqshunos sharhi

Toshkentlik huquqshunos Ruhiddin Komilovga Buxoroda bo‘lgan voqeani sxematik tarzda tushuntirdik va jinoyat quroli sifatida avtomashinaning musodara qilinishi to‘g‘risida qonun nima deyishini so‘radik:

Ҳуқуқшунос Руҳиддин Комиловнинг шарҳи:
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:20 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG