Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:49

Melisadan tepki yegan homilador ayol melisani kaltaklashda ayblandi


Toshkentning "Chorsu" bozorida qornida 6 oylik homilasi bilan militsioner tomonidan tepkilanganini da’vo qilgan 35 yashar Sevara Sultonovaning o‘zi endi ayni militsionerni kaltaklanganlikda ayblanmoqda. Sultonovaning da’vosiga ko‘ra, uni kaltaklagan militsioner avvaliga ishni bosti-bosti qilishga uringan, ammo kimdir ishonch telefoni orqali shikoyat qilgach, IIV xodimlari ayolning o‘zini zo‘ravonga chiqarishgan.

Avvaliga, hammasi bosti-bosti bo‘layotgandi...

Ozodlikka Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi 35 yashar Sevara Sultonova murojaat qildi.

Ayolning da’vo qilishicha, shu yilning 12 sentyabrida Toshkentdagi "Chorsu" bozorida Shayxontohur tumani IIB mulozimlaridan biri uni kaltaklagan. (Ozodlik IIV mulozimi ismini oshkor qilmayotir - tahr.)

Ayolning arzicha, mojaroga bozorda savdo qilayotgan ukasining militsiya xodimlari tomonidan turtkilanishi sabab bo‘lgan:

- Bozorga tushganimda, militsiya xodimlari u yerda savdo qilayotgan ukamni tortqilab-sudrashayotgan ekan. Hay qo‘yvoringlar, deb yaxshi gap bilan muomala qilishni boshlagan edim, ismi Y. bo‘lgan militsioner birdan yonida turgan bir taxlam shim bilan boshimga urdi. Keyin qornimga tepdi. 6 oylik homilam bor edi, hushimdan ketib qolibman,- deya arz qildi Sevara.

Sevara Sultonovaga ko‘ra, voqeaning 40ga yaqin guvohi - sotuvchilaru oluvchilar militsionerni to‘xtatib qolgan, ayolga esa "Tez yordam"ni chaqirishgan.

- 16-gor bolnitsaga borsak, o‘zimizni uchastkovoy T. degan yigit allaqachon yetib borib, doktorlarga bir nimalar, deb tushuntirib yurgan ekan. Shu bilan meni qabul qilishdi, oldiniga qorningizga tepishibdi, boshingizdan zarba yebsiz, sotryasenie bo‘psiz, deb turgan doktorlar, "kaltaklanganingizni ko‘rmadik, sotryasenie aniqlanmadi" deb yozib berishdi. Homilam tushish xavfi ostida bir hafta yotib chiqdim. Lekin haligacha ahvolim og‘ir,- deya arz qildi Sevara Ozodlik bilan suhbatda.

Shifoxonadan chiqqach esa, uning iddaosicha, 3 militsioner ariza qilmasligini so‘rab, unga tahdid qilishgan va u ham tahdiddan qo‘rqib arz qilmaslikka qaror qilgan.

Ammo, o‘rtaga "Ishonch telefoni" tushdi...

Oradan ikki hafta o‘tib - 26 sentyabr kuni Sevara Sultonovani "Chorsu" bozorining uchastka bo‘limiga chaqirtirishgan:

- O‘sha voqea kuni kimdir "Ishonch telefoni"ga telefon qilib, shikoyat qilgan ekan. Shunga menga "Tushuntirish xati yozib bering, sizni ustingizdan shikoyat tushdi", deyishdi. Meni urgan podpolkovnikni men urganmishman. Uni tishlab olganmishman, tosh otganmishman. Men o‘zim 6 oylik homilam bilan o‘zimdan ketib yotgan bo‘lsam, uni urish qayoqda. 40 tacha guvohim bo‘lsa, - deb da’vo qildi Sultonova Ozodlik bilan suhbatda.

Ma’lum bo‘lishicha, bir tomonning tahdidi, ikkinchisining qo‘rquvi bilan bosti-bosti bo‘lib turgan mojaro IIVning "Ishonch telefoni"ga qilingan tasodifiy shikoyat ortidan qo‘zg‘algan va bu safar militsionerdan kaltak yegan homilador ayolning o‘zi ayni militsionerni "tishlab olgan", "unga tosh otgan" va "IIV xodimining ikki oyog‘i orasiga tepgan" bo‘lib chiqqan.

- 6 yanvar kuni ROVDga chaqirishdi. Borsam, tergov rasman tugadi, sizga 219-modda bilan ayblov qo‘yildi, deyishdi. Keyin ikki kundan keyin yana chaqirib, yana ikkita modda qo‘shishgani aytishdi. 139, 140-moddalarni ham qo‘yishibdi. Endi sudga chaqiramiz, degan. Men hozir meni urgan melisani homilador holimda urishda ayblanib, sud qilinadigan bo‘lib turibman, - deya nolidi Sevara Sultonova.

"Ishonch telefoni"ga bir safar ishongandik...

Sevara Sultonova 3 farzandning onasi. Militsiyaning tepkisi ostida tushishga bir bahya qolgan uchinchi farzandi 14 dekabr kuni tug‘ilgan.

Turmush o‘rtog‘i bor, ammo u ismi ochiqlanishini istamadi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Sultonova bu kabi "melisa tuhmati"ga 2013 yilda ham uchragani, o‘shanda "Ishonch telefoni"ga qo‘ng‘iroq qilgani va oqibatda, o‘zi aybdor bo‘lib qolganini aytdi.

U bu gal kaltakni yeb, dardini ichga yutib ketishga rozi bo‘lgani, ammo notanish guvohning qo‘ng‘irog‘i bois, yana tuhmatlar ostida qolganini da’vo qildi.

Ozodlik Sevara Sultonova bilan sudlashayotgan IIV xodimi bilan bog‘lanishga urinmoqda. Yangiliklarni Ozodlikda kuzating!

XS
SM
MD
LG