Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:31

Pokistonda imom shakkoklikda ayblagan bola o‘z qo‘lini kesib tashladi


Pokistonning Punjob viloyatida imomning ma’ruzasini chala eshitgan 15 yashar bolakay shakkoklikda ayblangach, qo‘lini kesib tashladi. Bir qator g‘arb agentliklari xabariga ko‘ra, imom payg‘ambar Muhammad alayhissalomni kim yoqtirmaydi, deb so‘ragan kezda xayoli boshqa joyda bo‘lgan bolakay bilmasdan qo‘lini ko‘tarib yuborgan. Hozirda bolaning oilasi uning bu harakatini olqishlayotgani xabar qilinmoqda.

Mahalliy politsiya boshqarmasi boshlig‘i Nausher Ahmadga tayangan AFP agentligining xabar qilishicha, hodisa Hujra Shoh Muqim tumanidagi mahalliy masjid imomining 4 kun muqaddam qilgan ma’ruzasidan so‘ng sodir bo‘lgan.

Bu shahar Punjob viloyati markazi Lahor shahridan 125 kilometr narida joylashgan.​

Xabar qilinishicha, imom Islom payg‘ambari Muhammad alahiyssalomni sevganlar uni namozlarida duo qiladi, deb nasihat qilgan. So‘ngra jamoatga yuzlanib, kim payg‘ambarni sevmaydi, deb so‘ragan.

O‘sha paytda jamoat safida bo‘lgan 15 yashar bolakay xayoli boshqa joyda o‘tirgan holda adashib qo‘lini ko‘tarib yuborgan.

Shu ondayoq masjid imomi bolaga ishorat qilib, uni shakkoklikda ayblagani va bunday gunoh uchun Islomda o‘lim jazosi borligini uqdira ketgani aytilmoqda.

Garchi, ma’ruzaga yig‘ilganlar bolaning adashib, qo‘l ko‘targanini aytgan va uni yupatishga uringan bo‘lsa-da, imomning ayblovlaridan hayajonga tushgan bola uyiga qaytgach, ko‘targan qo‘lini kesib tashlab, likopchaga solgancha masjid imomiga taqdim etgan.

CNN telekanali bolakayning ismi Muhammad Anvar, deb xabar qilmoqda. Shuningdek, telekanal xabarida voqeadan so‘ng masjid imomi Shabbir Ahmad qo‘lga olingani aytilmoqda. Lahor politsiyasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, imom nutqi orqali nafrat qo‘zg‘ashda ayblanmoqda.

Hujra Shoh Muqim tumani politsiyasi xodimi Ahmadga ko‘ra, mahalliy aholi va bolakayning oilasi uning bu harakatidan faxrlanishini aytmoqda. Bolakayning olqishlanishi aks etgan video esa qo‘lma-qo‘l bo‘lmoqda.

Shakkoklik - Pokistonda musulmon va nomusulmonlarga qarshi qo‘llaniladigan va o‘zboshimcha sudlar vositasida qattiq jazolanadigan ayblovlardan biridir.

200 million aholisi bo‘lgan bu davlatda ayni ayblov uchun odamlarni toshbo‘ron qilish hollari tez-tez uchrab turadi. 2014 yilda mamlakat bo‘ylab shakkoklik ayblovi qo‘llangan jami 1 ming 400 ta holat qayd etilgan.

G‘arb davlatlaridagi inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar esa mamlakatda 1947 yilda qabul qilingan qonun asosida shakkoklik uchun belgilangan jazo mahalliy ulamolar va ularga ergashganlar tomonidan noto‘g‘ri qo‘llanishini qoralab keladi.

XS
SM
MD
LG