Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:02

Teolog Malikovga hujum qilganlar hali ham Qirg‘izistonga olib kelinmadi


Taniqli qirg‘iz teologi Qodir Malikovning yaqinlari olimga hujum qilgan va keyinroq Turkiyaning Gaziantep shahrida qo‘lga olingan shaxslar haligacha Qirg‘izistonga olib kelinmaganidan xavotir bildirmoqda. Bu masala bilan shug‘ullanayotgan qirg‘izistonlik diplomatlar esa hujumchilarning Bishkekka deportatsiya qilinishi byurokratik protseduralar tufayli kechikayotganini aytayaptilar.

Qodir Malikovga hujum qilgan shaxslar, oradan qariyb 2 oy o‘tganiga qaramay, Turkiyadan Qirg‘izistonga keltirilmayotgani haqidagi xavotirni teologning rafiqasi Eliana Satarova izhor qildi.

- Biz “Hujumchilar ekstraditsiya qilinadimi-yo‘qmi?”, “Bu ish nimaga cho‘zilib ketayapti?”, “Bu cho‘zilish nima bilan bog‘liq?” deb tashvishlanayapmiz, biroq bularga aniq-tiniq bir javobni hali eshitganimiz yo‘q. Bu voqea sodir bo‘lganiga yaqinda 2 oy bo‘ladi. Ammo hali hech qanday natija yo‘q, - deydi Qodir Malikovning rafiqasi Eliana Satarova Ozodlikning qirg‘iz xizmati bilan suhbatda.

“Din, huquq va siyosat” tahliliy markazi rahbari Qodir Malikov o‘tgan yilning 26 noyabr kuni o‘z uyi yaqinidagi do‘kon yonida pichoqlab ketilgan. Hodisadan so‘ng Malikov Bishkekdagi 4- sonli kasalxonaga yetkazilgan va operatsiya qilingan.

Qodir Malikovga hujum qilganlikda gumonlangan shaxslar.
Qodir Malikovga hujum qilganlikda gumonlangan shaxslar.

Hodisadan 3 kun o‘tgach, qirg‘iz rasmiylari Malikovga hujum qilgan shaxslar, ya’ni Tilek o‘g‘li Alibek va Risqul Beyshenaliev Interpol ko‘magida Turkiya-Suriya chegarasiga yaqin bo‘lgan Gaziantep shahrida qo‘lga olingani, ular o‘z qilmishlariga iqror bo‘lganlari va tez orada Qirg‘izistonga keltirilishlarini bildirgandilar. Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri Melis Turg‘anbaev bu ishni shaxsan nazoratiga olganini aytgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Malikovga hujum qilganlarni Bishkekka qaytarish ishlari bilan shu kunda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi shug‘ullanmoqda. Vazirlik matbuot kotibi Nurlan Suerqulov hozir bu borada turkiyaliklar bilan muzokara olib borilayotganini bildirdi.

- Ularning o‘ziga xos protsedurasi bor ekan. Avval sud bo‘lib o‘tishi kerak, shundan keyingina ular deportatsiya qilinadi. Turkiya ularni Qirg‘izistonga shunchaki berib qo‘yolmas ekan – barcha protseduralarga rioya qilinishi lozim ekan. Biznikilar bu masalada turkiyaliklar bilan tig‘iz aloqada bo‘lib turibdi, - deydi Nurlan Suerqulov.

Deportatsiya masalasi ijobiy hal qilinmagan taqdirda, Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi gumonlanuvchilarni ekstraditsiya qilish masalasini ko‘tarishi aytilmoqda.

Hujumdan so‘ng kasalxonada yotgan Qodir Malikov.
Hujumdan so‘ng kasalxonada yotgan Qodir Malikov.

Bu orada Qodir Malikovning yaqinlari uning ahvoli ozroq yaxshilangani, biroq pichoq tekkan chap yuzi yaxshi ishlamayotganini, teologga yana bir jarrohlik amaliyoti lozimligini aytmoqdalar.

Qodir Malikov avvalroq Ozodlikka bergan suhbatida bu hujumni “Islomiy davlat” guruhi tomonidan o‘zini yo‘q qilish uchun amalga oshirilgan harakat o‘laroq baholagandi.

- Menda Suriyaning Raqqa shahridagi “Islomiy davlat” guruhini qo‘llovchi terrorchilar meni va qozog‘istonlik yana bir teologni jismonan yo‘q qilishga qaror qilganlari haqida ma’lumot bor edi. Bu yuz foiz tasdiqlangan ma’lumot. Yozda uyim oldida va men namoz o‘qiydigan masjid yonida ortimdan kuzatgandilar. Shuning uchun men bir muddat “Islomiy davlat” haqida o‘z fikrimni bildirmay yurdim. Men duch kelgan bu noxush hodisa “Islomiy davlat” va takfirchilikka qarshi bo‘lgan barchaning hayoti xavf ostida ekanini ochiq ko‘rsatdi, - degandi Qodir Malikov.

Bu taxminlarga qaramay, “Qodir Malikovga kimning buyurtmasiga ko‘ra hujum uyushtirtirildi?” degan savol javobi hozircha ochiq qolmoqda.

XS
SM
MD
LG