Линклар

logo-print

Navoiy viloyati Zarafshon sanoat kollejining har bir o‘quvchisiga ellik kilogrammdan metallolom topib kelish topshirig‘i berildi. Topshiriqni bajargan o‘quvchilarga kollejni bitirgandan so‘ng ish joyi topib berish va’da qilinmoqda. Kollej rahbariyati esa metallolom yig‘ish haqida topshiriq bo‘lganini inkor qilmoqda.

Zarafshon kasb-hunar sanoat kollejining o‘quvchilari o‘zlariga yuklangan metallolom solig‘i haqida Ozodlikka maktub yozdi:

“Talabalarni ancha qiyin ahvolga solib qo‘ygan holat haqida sizga yozayapmiz. Gap shundaki, kollejimiz o‘quvchilaridan 50 kilogrammdan metallolom topshirish talab qilinyapti. O‘qituvchilarga ham shunday topshiriq berilgan. Ustozlarimizdan biri shunday dedi: “Bollar bu narsa hammamizga majburiy ekan. Kollejda uchib yurgan qushlaru daydi mushuklardan ham metallolom topshirish talab qilinyapti. Shahar joyda 50 kilo temirni qaerdan topamiz. Nima qilishga ham hayron bo‘lib qoldik”, deyiladi maktubda.

Qaerdan metallolom qidirishga boshi qotib turgan kollej o‘quvchilaridan biri, Ozodlik bilan suhbatda bu muammoni, odatdagidek, pul bilan hal qilishga majbur qolayotganini aytdi:

“Talab juda qattiq qo‘yilgan. Bajarmasak bo‘lmaydi. Ba’zi kursdoshlarimiz shahardagi avtobazadan kilosiga 400 so‘mdan berib, metallolom olishyapti ekan. 20 ming so‘m bo‘ladi ekan. Biz ham shunday qilamiz chog‘i, boshqa ilojimiz yo‘q. Bo‘lmasa har kuni so‘roq qilaverib holi jonimizga qo‘ymaydi”, dedi kollej o‘quvchisi.

Zarafshon kasb-hunar sanoat kollejining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilaridan biri, shunday topshiriq bo‘lganini tasdiqladi:

“Asosiy topshiriq shahar hokimiyatidan bo‘lgan. Hokim direktorlarni chaqirib metallolom topshirasan, deb buyruq bergan. Direktor majlisda shunday dedi. Biz esa o‘z navbatida o‘quvchilarga aytyapmiz”, dedi o‘qituvchi.

Kollej direktori Erkin Davlatov esa o‘quvchilarga metallolom topshirish haqida buyruq berganini inkor qildi:

“Yo‘q, bo‘lmagan gap. Bizda hech kim metallolom yig‘maydi, bunaqa topshiriqni men berganim yo‘q”, dedi direktor.

Zarafshon shahar hokimiyatidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda bahor va kuz paytlarida dala ishlariga jalb qilinadigan kollej o‘quvchilaridan qish paytida metallolom yig‘ish talab qilinadi.

Toshkent viloyatidagi kollejlardan birining direktoriga ko‘ra, metallolom topilmagan taqdirda uning o‘rni pul bilan qoplanadi:

“Metallolom topish qiyinlashganiga o‘n besh yilcha bo‘lib qoldi. Ungacha SSSRdan qolganini yig‘ib topshirdik. Endi esa temir-tersak yo‘q. Pul bilan hal qiladigan bo‘ldik. Masalan, bitta kollejga 10 tonna plan qo‘yiladi. Direktor o‘quvchilaru o‘qituvchilardan pul yig‘ib, metallolom qabul qiladigan “Vtorchermet” tashkilotiga olib borib beradi. Ular esa falon kollej falon tonna metallolom topshirdi, degan nakladnoy yozib beradi. Shuni olib kelib hokimiyatga ko‘rsatganimizdan keyin, hokim tinch qo‘yadi. Bo‘lmasa, hokimdan tanbeh eshitaverib o‘lib ketamiz. Bu yaramas sxemani, bu pripiskani hammasi yaxshi biladi. Lekin, hech kim indolmaydi. Chunki, asosiy eydigani katta odam bo‘lsa kerak”, dedi kollej o‘qituvchisi.

O‘zbekistonda o‘quvchilardan metallolom, makulatura yoki obuna uchun pul talab qilinishi mamlakatning barcha kollej, litsey va maktablarida muntazam davom etayapti.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining metallolom jamg‘arish haqidagi qarorini bajarish mas’uliyati, asosan, maktab-kollejlar o‘qituvchiyu o‘quvchilari, tibbiyot muassasalarining shifokoru hamshiralari zimmasiga yuklangan.

Keyingi paytda hatto bog‘chalarga qatnaydigan bolalarning ota-onalariga ham metallolom solig‘isolinmoqda.

XS
SM
MD
LG