Линклар

logo-print

Jizzax rasmiylari IShIDga aloqadorlikda ayblanayotgan nasroniy Aramais Avakyanning turmush o‘rtog‘i Shirin Tursunovani tuman rahbarlariga tuhmat qilganligi uchun qamoqqa olinishidan ogohlantirgani to‘g‘risida eltuz.com sayti xabar qildi.

Sayt muxbiri Ulug‘bek Ashurovga ko‘ra, 18 yanvar, ertalab soat 10 da tuman xokimligiga chaqirilgan Shirin Tursunovadan “jim yurish” talab qilingan.

Ozodlik muxbiri Shirin Tursunova bilan bog‘lanib, 18 yanvar kungi uchrashuv tafsilotlari va eri ustidan o‘tkazilayotgan sud jarayonining shu kunning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tgan majlisi tafsilotlarini so‘radi.

Telefonni ko‘targan Shirin Tursunova horg‘in ovoz bilan og‘riyotganini aytdi.

- Mazam yo‘q. Yuragim ushlab qolayapti tez-tez.

Shirindan 18 yanvar kungi uchrashuv tafsilotlarini so‘radik.

Uning aytishicha, hokimiyat binosiga borishi kerakligini unga “mahallaning xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ra’no opa” aytgan.

Shirin Tursunova bilan hokimlik binosida tuman hokimi muovini Fotima Rasulova, madaniy-targ‘ibot ishlari bo‘yicha mutaxassis Karim Totliboev, Alisher Ochilov degan mulozim va yana bir necha kishi “maslahatlashuv” o‘tkazgan.

Uchrashuvda, Shirin Tursunova bilan bir qatorda boshqa sudlanuvchilarning yaqinlari ham bo‘lgan.

- Erim bilan birga o‘tirgan bolaning onasi, ukasi ham chaqirtirilgan ekan, dedi Tursunova.

Uning mulozimlar bilan uchrashuvi kamida 1 soat davom etgan. Bu vaqt ichida kompyuterdan xorijiy radiolarda yangragan maqolalarni eshittirishgan, matnlarni o‘qib berishgan.

Shirin Tursunovaning hikoyasi mazmuniga qaraganda, uchrashuv davomida unga bitta fikrni – “eringning qamalishiga tuman hokimi G‘ofur Qarshiboevning daxli yo‘q”, degan fikrni uqdirishga uringanlar.

- Eringizning ishidchi emasligini sudga borib aytamiz, eringizni himoya qilamiz, faqat eringizning ishiga hokimning aloqasi yo‘q, deb aytishdi, dedi Shirin Tursunova.

Uning aytishicha, uchrashuv mulozimlarning “eringizga yordam beramiz”, degan va’dalari bilan tugagan.

Baliqchilik fermasidan boshlangan ish

Jizzaxlik Shirin Tursunovaning eri, baliqchi fermer Aramais Avakyan¸ shuningdek uning baliqchilik fermasida ishlagan yana to‘rt shaxs 2015 yilning 4 sentyabr kuni Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan ushlangan va shundan beri hibsda saqlanmoqda.

6 yanvarь kuni 33 yashar Avakyan va uning sheriklari ustidan mahkama jarayoni boshlandi. Sudlanuvchilarga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159-moddasi - konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish¸ 244-moddasi - diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish va 169-moddasi bo‘yicha o‘g‘irlik ayblari qo‘yilmoqda.

Avakyan va boshqalar ustidan sudlovning 18 yanvar kungi majlisi

18 yanvar, kunning ikkinchi yarmida sud jarayonining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Majlisga guvoh sifatida chaqirtirilgan Shirin Tursunovadan sudya ko‘rsatma oldi.

- Erimning o‘z dinidan chiqqan-chiqmaganini so‘radi, nikoh o‘qitganmisizlar, deb so‘radi. Nikoh o‘qitganmiz, lekin erim musulmonchilikni qabul qilmagan, deb aytdim. Disk uyimizdan chiqmaganini aytdim, dedi Shirin Tursunova.

Uning aytishicha, sudning 18 yanvar kungi majlisida ba’zi qoralovchi tomonning ba’zi guvohlari Aramais Avakyanga qarshi avval bergan ko‘rsatmalaridan tongan.

Aramais Avakyan va u bilan birga sudlanayotgan 4 kishi ustidan sudning navbatdagi majlisi 20 yanvarga belgilangan.

Ozodlik hokim bilan ham gaplashgan edi

Diniy e’tiqodiga ko‘ra nasroniy bo‘lgan armani fermerning ishidchi-o‘g‘riga chiqarilishi ortidagi bosh sababni izohlayotgan Avakyanning yaqinlari, uning Jizzax viloyati Paxtakor tumani hokimi uyushtirgan fitna qurboni bo‘layotganini aytmoqda.

Ular ta’kidicha, Avakyanning baliqchilik fermasi mo‘may daromad keltirishini bilgan hokim G‘ofur Qarshiboev uni o‘z yaqinlariga tortib olmoqchi bo‘lgan. Avakyan bu bosimga ko‘nmagach, unga “qamoqda chiritish” bilan ochiq tahdid qilgan hokim, ayni kunlarda O‘zbekistonda urf bo‘lgan eng og‘ir ayb – IShIDga xayrixohlik, Suriyaga jihodga ketishni rejalashtirish kabi ayblov bilan Avakyanni yo‘q qilishga kirishgan.

13 yanvar kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Paxtakor tuman hokimi G‘ofur Qarshiboev bu iddaolarni inkor qilishga uringan edi.

Aramais Avakyan ishini uzoq Armanistonda ham diqqat bilan kuzatmoqdalar

Bu mamlakat Ombudsmani Karen Andreasyan o‘zbekistonlik hamkasbi Ulug‘bek Muhammadievga murojaat qilib, IShIDga aloqadorlikday og‘ir jinoyatda ayblanib, mahkamaga tortilgan jizzaxlik armani fermer Aramais Avakyan taqdiriga alohida e’tibor qaratishni so‘ragan.

19 yanvar kuni Ozodlik radiosi arman xizmati muxbiri O‘zbekiston Ombudsmani idorasi bilan bog‘landi. O‘zini Ombudsman referenti, deb tanishtirgan, lekin ismini aytmagan xodim Armaniston Ombudsmanidan xat olinganini e’tirof etgan, Avakyanning ishi nazoratga olinganini bildirgan.

XS
SM
MD
LG