Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:09

Buxoroda 15 kunga qamalgan tadbirkorning qiynoqdan o‘lgani iddao qilinmoqda


Buxoroda avtomobil ehtiyot qismlari bilan savdo qiluvchi do‘konlarni boshqarib kelgan katta tabirkorlardan biri Sharof Nasibov tergov izolyatorida hayotdan ko‘z yumgan. Yaqinlari uning qiynoqlar natijasida o‘lganini iddao qilmoqda. Buxoro Ichki ishlar boshqarmasi tadbirkor aka-ukalar o‘tgan oy qamoqqa olingani va ulardan biri hisbda jon berganini tasdiqladi, lekin boshqa ma’lumot bermadi.

Buxoroda avtomobil extiyot qismlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan 34 yoshli Sharof Nasibov o‘tgan oy tadbirkor akasi bilan birga soliq to‘lamaganlikda gumonlanib hibsga olingan.

Yaqinlari Sharof tergov izolyatorida qamoqxona nozirlari tarafidan qiynoqqa solingani va shu qiynoq oqibatida o‘lganini iddao qilmoqda.

Ozodlik bilan ismi sir qolishi sharti asosida gaplashgan yaqinlarining iddaosicha, marhum tanasida kaltak izlari bo‘lgan, barmoqlaridagi tirnoqlar sug‘urib tashlangan.

"Uning tanasida og‘ir tan jarohatlari bo‘lgan. Uni hech kimga ko‘rsatmay ko‘mishmoqchi bo‘lshganida janjal chiqqan. Murdani ochib qarashsa, tirnoqlari sug‘urib olingan, quloqlariga sigaretlar bosilgan ekan", dedi manba Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Buxoro Ichki ishlar boshqarmasi tadbirkor aka-ukalar o‘tgan oy qamoqqa olingani va ulardan biri hisbda jon berganini tasdiqladi, lekin bu haqda bundan ortiq ma’lumot bermadi.

Ismi sir qolishini istagan buxorolik savdogarlardan biri aka-uka tadbirkorlarni yaxshi tanishi, ular Buxoro shahridagi ulgurji bozorda bir qancha avtomobil extiyot qismlari do‘konini boshqarib kelganini aytadi:

- Odamlarning aytishicha, tekshiruv kelgan ekan, tekshiruv payti janjal chiqqan. "Soliqni to‘lamagansan" degan, "Yo‘q men to‘laganman, mana hujjat", degan. Mushtlashuv bo‘lgan, keyin militsiya aralashgan va shu bilan olib ketishibdi. Oldiniga o‘n besh kunga qamashgan. Keyin, yana o‘n besh kun qo‘shib bergan. Bo‘yniga qo‘ydirish uchun qiynashgan, degan gaplar bor. Bu qanchalik to‘g‘ri, bilmadim. Xullaskalom bittasi qamoqdan qaytmadi, - dedi buxorolik tadbirkor.

Qiynoqlar O‘zbekiston turmalarida va politsiya bo‘linmalarida juda keng tarqalgani aytiladi.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga ko‘ra, qo‘lga olinganlardan iqrorlik ko‘rsatmalarini olish maqsadida ularni kaltaklash va zo‘rlash sistematik tus olgan.

Qo‘mitaga kelib tushgan arizalarga muvofiq, ba’zi hollarda hibsga olinganlar qiynoqlardan vafot etmoqda.

O‘zbekiston rasmiylari iddaosicha, 2014 yilda mahkumlarni qiynoqqa solish holatlari bo‘yicha 61 ta shikoyat ko‘rib chiqilgan va shulardan 3 tasi o‘z tasdig‘ini topgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi fuqarolar huquqlari va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Islom Jasimov o‘tgan yil Jenevada bo‘lib o‘tgan BMTning inson huquqlari qo‘mitasi yig‘inida qiynoq xolatlarining uchtasi tasdiqlangani va aybdorlar jazolanganini aytgandi.

XS
SM
MD
LG