Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:24

Chodirxayol: “Baron” taqdimoti, Moskvadagi yubiley va taqiqlangan Milano


Kechgan haftada bir yildan beri tomoshabinlar kutayotgan kriminal kinodrama tarzida suratga olingan “Baron” filmining taqdimoti bo‘ldi. Bu filmni suratga olgan kinochi Rustam Sagdievga ko‘ra¸ O‘zbekistonda Hollivud yulduzi ishtirokidagi film taqdimoti muvaffaqiyatli o‘tgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ film O‘zbekistonda suratga olingan ilk katta byudjetli kriminal drama janridagi blokbasterdir.

Gassan Massud
Gassan Massud

Film taqdimotida qatnashgan taniqli kinochi¸ SSSR xalq artisti Shuhrat Abbosovning Ozodlikka aytishicha¸ “Markazida nashavandlik tanazzulidan iborat insoniy drama yotgan "Baron" filmida akterlarning mahoratli ijrosi ta’minlangan”.

Abbosovning aytishicha, aynan kinochi Rustam Sagdiev o‘zbek kinochilarini yana kinozalga qaytaradigan filmni suratga olgan.​

Ushbu filmda Hollivudda tanilgan yulduz Gassan Massud rol o‘ynagan.

O‘z yurtida qadr topmagan kinochi

Rustam Sagdievning filmi tantanali taqdimot qilingan 16 yanvar kunida SSSR xalq artisti Shuhrat Abbosov 85 yoshga to‘ldi.

O‘zbekistonni tamsil qilgan mashhur filmlar muallifi va Rustam Sagdiev kabi sermahsul kinochilarga ustozlik qilgan Abbosovning tug‘ilgan kuni Toshkentda rasman nishonlanmadi.

Shuhrat Abbosov
Shuhrat Abbosov

Kinochining yubileyi arafasida “O‘zbekkino” DAK Shuhrat Abbosovga “Mahallada duv-duv gap-2” filmini suratga olish uchun mablag‘ ajratishni rad qildi.

O‘zbek kinosi oqsoqoli Shuhrat Abbosov 85 yoshlik tavallud kunini Moskvaga ataylab borib, nishonlab qaytdi.

18 yanvar kuni SSSR xalq artisti, SSSR davlat mukofoti sovrindori Abbosovning yubileyi Moskvadagi Markaziy kino uyida o‘tkazildi. Tadbir Rossiya kinochilar uyushmasi, Rossiya davlat kino jamg‘armasi, akterlar gildiyasi va UzTvRus studiyasi tashkilotchiligida o‘tkazildi.

Muxbirimizga ko‘ra, tadbirda taniqli kino ustalari va madaniyat arboblari o‘zbek kinochisini muborakbod qilishdi.

Sardor Milano litsenziyasiz qo‘shiq kuylaganlikda ayblandi

Sardor Milano taxallusi bilan tanilgan o‘zbekistonlik Sardor Eshmuhammedovning 8 yanvardan boshlab uch kun davomida bir necha seansda "Istiqlol" san’at saroyidagi myuziklda kuylagani “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan “litsenziyasiz faoliyat yuritish” deya malakalanib, huquqbuzarlik holati sifatida qayd qilindi.

“O‘zbeknavo”dagi Ozodlik manbasining aytishicha, myuzikl tashkilotchilariga bildirgi berilgan va Sardor Milanoning solo-kontsert berishiga taqiq qo‘yilgan.

Manbaga ko‘ra, 23 yoshli Sardor Milano Toshkentda Yoshlar simfonik orkestri jo‘rligida yakkaxon kontsert uyushtirishga ham “O‘zbeknavo” mulozimlari tarafidan izn berilmagan.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi direktori Farhod Jo‘raevning matbuotga bildirishicha, “Sardor Eshmuhammedov qo‘shiq aytish bo‘yicha maxsus litsenziyaga ega bo‘lmagani bois, O‘zbekiston huqudida kontsert qo‘yish huquqidan mosuvo qilingan”.

Sardor Milanoning o‘zi bu borada Ozodlikka izoh bermaslikni ma’qul ko‘rdi.

Sardor Milano o‘tgan yili Rossiya "Perviy kanal" telekanalining "Glavnaya stsena" loyihasi g‘olibi bo‘lgan. O‘zbekistonlik kinochi Elyor Eshmuhammedovga nevara bo‘lgan Sardor finalda tomoshabinlar ovozining qariyb 37 foizini to‘plashga muvaffaq bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG