Линклар

Rahmonning xotiniga "ayollar peshvosi" rutbasini berish taklif qilindi


Тожикистон президенти Эмомали Раҳмон хотини Азизамоҳ Раҳмонова

Тожикистон президенти Эмомали Раҳмон хотини Азизамоҳ Раҳмонова

Din masalalari bo‘yicha tojikistonlik ekspert Abdullo Muhaqqiq prezident umr yo‘ldoshi Azizamoh Rahmonovaga “islom ayollari peshvosi” maqomi berilishini taklif qilmoqda. Ekspert fikricha, Azizamoh Rahmonova Markaziy osiyolik ayollar orasida birinchi bo‘lib Ka’baning ichkarisiga kirib, uni tavof qilishga muvaffaq bo‘lgani uchun shu maqomga loyiqdir.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning xotini Azizamoh Rahmonovaga “islom ayollari peshvosi” maqomi berish haqidagi taklif “Xovar” davlat axborot agentligi saytida paydo bo‘ldi.

Bu taklifni jamoatchilik e’tiboriga havola etgan din masalalari bo‘yicha ekspert Abdullo Muhaqqiq prezident umr yo‘ldoshini musulmonlar payg‘ambari Muhammad(s.a.v.)ning xotini Hazrati Oysha(r.a)ga tenglashtirib, unga “islom ayollari peshvosi” degan maqom berilishini taklif qilgan.

19 yanvar kuni nashr etilgan maqolada Muhaqqiq “u (prezident xotini-tahr.) musulmonlar onasi Oysha(r.a.) kabi Ka’bani tavof qilishga shoshildi. Makkai Mukarramada ham, payg‘ambarimiz Muhammad(s.a.v.) marqadi - Madinada ham bandalik izhor qildi”, deb yozadi.

Maqola muallifi ta’kidicha, Azizamoh Rahmonova Ka’baning ichkarisiga kirib namoz o‘qigan ilk Markaziy osiyolik ayol bo‘lgan va shuning uchun ham hurmat yuzasidan uni “islom ayollari peshvosi” deb e’lon qilish kerak:

“Azizamoh, prezidentning umr yo‘ldoshi, Ka’baning ichkarisida qizlari bilan namoz o‘qigan ilk tojik ayoli bo‘ldi. Shu paytgacha o‘nlab onalar va tojik ayollari Haj ziyoratini amalga oshirgan, lekin ularga Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qish nasib etmagan".

Abdullo Muhaqqiq prezident xotini va qizlarining bu ziyoratini “tarixiy voqea” deb baholab, Azizamoh Rahmonovani tojik ayollarining faxri, deb ataydi.

“Boshqa ayollar ham Azizamohdan o‘rnak olishlari kerak”, deb yozadi maqola muallifi.

Abdullo Muhaqqiq Tojikiston prezidentining umr yo‘ldoshi haqida kitob yozish niyati borligini aytgan.

Azizamoh Rahmonova shu paytgacha jamoatchilikka juda kam ko‘rinish bergan. U 2014 yilda eri bilan Malayziyaga milliy libos va ro‘molda borgan edi.

O‘sha paytda ko‘pchilik prezident xotinining bunday kiyinishini olqishlash bilan birga, ayni paytda, mamlakatda boshqa tojik ayollarining ro‘mol o‘rab yurishiga qarshi kurash olib borilayotganiga taajjub bildirgan edi.

Emomali Rahmon yaqinda Saudiya Arabistoniga qilgan rasmiy tashrifida, oila a’zolari va vazirlari bilan Umra ziyoratini amalga oshirgan va bu ziyorat mamlakat hamda xorijiy OAVda keng yoritilgan edi.

Azizamoh Rahmonovaga “islom ayollari peshvosi” maqomini berish taklifi, uning eri, Emomali Rahmonga “millat peshvosi” degan maqom rasman berilganidan bir muddat o‘tib yangradi.

16 moddadan iborat qonun “millat peshvosi” daxlsizligini kafolatlaydi va uning barcha sarf-xarajatlarini umrbod davlat byudjeti hisobidan bo‘lishini ta’minlaydi.

Prezidentga hokimiyatdan ketgandan so‘ng katta vakolat berib, uning va oila a’zolarining daxlsizligini kafolatlash haqidagi qonun Markaziy Osiyoda yangi hodisa emas.

Qozoq parlamenti 2000 yilda “Qozog‘iston Respublikasi birinchi prezidenti to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilgan va Nursulton Nazarboevning nafaqat hokimiyatda bo‘lgan paytda, balki prezidentlikdan ketganidan so‘ng ham mutlaq daxlsizligini kafolatlagan edi. Qonunda bu daxlsizlik uning oila-a’zolariga ham birdek taalluqli ekani ko‘rsatib qo‘yilgan.

2003 yilda Oliy Majlis “O‘zbekiston Respublikasi prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish orqali Islom Karimovning hokimiyatdan ketganidan so‘ng umrbod Senat a’zosi bo‘lishi va uning daxlsizligini kafolatlagan edi.

Bu borada o‘z qo‘shnilarini ham ortda qoldirayotgan Tojikistonda Emomali Rahmon 2020 yili prezidentlikdan ketgach, bo‘lajak prezident qarorlarini nazorat qilish huquqiga ega superlider bo‘lishga hozirlanmoqda.

XS
SM
MD
LG