Линклар

logo-print

Farg‘ona shahridagi bir necha sanoat korxonalari ishchi va xodimlariga bir necha oylab maosh bermayapti. “Farg‘onaazot” korxonasi ishchilari besh oydan buyon maoshsiz qolayotgan bo‘lsa, Farg‘ona neftni qayta ishlash korxonasi ishchilariga esa endi noyabr oyining maoshini olishmoqda.

Farg‘ona shahridagi “Farg‘onaazot” korxonasining ishchilari sentyabr oyidan buyon to‘liq maosh olisholmagan.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan bir guruh ishchilarning yozishicha, korxona ma’muriyati har ikki-uch oyda 10-15 foiz maosh bilan ishchilarni aldab kelmoqda:

“Bizning zavodda mehnat kodeksida ko‘rsatilgan qonunlar buzilmoqda. Ishchilarning zavod ma’muriyati bilan tuzgan shartnomasiga ko‘ra, oyliklar o‘z vaqtida to‘lab borilishi kerak. Lekin, biz sentyabr oyidan buyon maoshni to‘liq olganimiz yo‘q. Dekabr oyida yig‘ilgan maoshlarning 10 foizini berishdi, xolos. Qolgani shunday turibdi. Zavod ma’muriyatiga murojaat qilaverib charchadik. Pul yo‘q, yoqmasa boshqa joydan ish top, deb aytyapti. Hozirgi zamonda yana qaerdan ish topish mumkin deb, chidab turibmiz”, deb yozadi ishchilar.

“Farg‘onaazot” korxonasida ishlaydigan ishchilardan biri bilan Ozodlik bog‘landi. Uning aytishicha, tirikchilik kundan-kun qiyin bo‘lib ketyapti:

“Ba’zilarimizning may oyi maoshlari ham turibdi. Yaxshiyam qarzga oziq-ovqat berib turadigan tanish do‘konchilar bor. Dekabr oyida umumiy yig‘ilgan maoshlarimizning ozginasini berdi. Qarzlarni to‘lab, yana qarzga o‘tiryapmiz. Hech kimdan sado chiqmaydi, hamma bir gap desam ishdan haydab yuboradi deb, qo‘rqib yuribdi”, deydi ishchilardan biri.

Farg‘ona shahridagi faollardan biri Ismoiljon Mallaboev ham “Farg‘onaazot”da ishlaydigan tanishlarining gapiga tayangan holda, ularning qariyb besh oydan buyon maoshsiz ishlayotganini aytadi:

- “Farg‘onaazot”dagi tanishimning aytishicha odamlarning nolasi osmonga uchyapti. Avgust oyligini olishgan ekan oxirgi marta. Mana beshinchi oyki maoshlarini to‘liq olisholmagan ekan. Zavod odamlar norozilik qilmasin deb uncha buncha kartoshka va sabzavot berib odamlarni aldab turibdi ekan”, deydi Ismoil Mallaboev.

“Farg‘onaazot” korxonasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda savollarga javob berishdan bosh tortdi:

“Belgilangan tartibda bizga radiongiz nomidan xat yozib, murojaat qiling”, dedi mulozim.

Ozodlik manbalarining xabar berishicha, Farg‘onadagi boshqa sanoat korxonalarida ham maoshlarning bir necha oylarga kechiktirib berilishi kuzatilmoqda.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ham o‘tgan yilning noyabr oyi maoshi endi plastik kartochkalarga o‘tkazib berilayotgani aytiladi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda davlatga qarashli korxonalarda maoshlarning bir necha oylab kechikishi surunkali tus olmoqda.

Mustaqil iqtisodchilar bu holatni mamlakat iqtisodida jiddiy qiyinchiliklar, xususan naqd pul taqchilligi yuzaga kelgani bilan izohlamoqda.

Ozodlikka sizdirilgan O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosarining Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan hisobotida mamlakat iqtisodida vujudga kelgan naqd pul taqchilligi bois banklarning oylik va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni vaqtida berish uchun naqd pul qolmagani to‘g‘risida ogohlantirilgan edi.

XS
SM
MD
LG