Линклар

Qirg‘izistonning O‘sh viloyati, O‘zgan shahriga kelin bo‘lib tushgan farg‘onalik ayol, turmush o‘rtog‘ining aytishicha, 4 oydan buyon O‘zbekistonda uy qamog‘ida saqlanmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi rasman ochiq chegaraning amalda yopiqligi siyosatdan uzoq oddiy uy bekalarining beixtiyor jinoyatchiga aylanishiga sabab bo‘lmoqda.

- 1 qiz, 2 o‘g‘limiz bor, xotinim qizim bilan shu kunda Farg‘onaning Buvayda tumanida, ota-onasining uyida. Men esa, 2 o‘g‘lim bilan Qirg‘izistonda, O‘zgandaman, deb boshladi Ozodlikka bergan suhbatini 35 yashar o‘zganlik Oybek. (Er-xotinning ismi o‘zgartirilgan)

Xotinining O‘zganga – oilasiga qaytolmayotganiga sabab, Oybekning aytishicha, uning O‘zbekistonda uy qamog‘iga hukm qilinganidadir.

- Hozir xotinim uy qamog‘ida. Telefonda gaplashib turaman. Aytishicha, bir necha marta tergov bo‘lgan. Tergovda nimani so‘rshganini bilmayman. Lekin uy qamog‘ida ekani rost. Jarima ham to‘lagan.

Oybekning aytishicha, xotini chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun jazolangan.

- Chegara noqonuniy kesib o‘tiladigan joylar ko‘p. Noqonuniy yo‘llar hamma erda bor. Chegaradan Andijonga, Namanganga, Farg‘onaga o‘tiladigan yo‘llar, olib o‘tib qo‘yadigan odamlar bor, deydi Oybek.

Uning xotini Nargiza – O‘zbekiston fuqarosi. Bas, shunday ekan, uning O‘zbekistonga borish uchun noqonuniy yo‘lni tanlashi shart emas – qo‘lidagi o‘zbek pasporti bilan hech qanday moneliksiz O‘zbekistonga kirishi mumkin.

Lekin shunga qaramay, u chegarani buzdi.

- 2014 yilning kuzida yangi pasport olgan va o‘shanda Qirg‘izistonga noqonuniy yo‘l bilan o‘tgan. Oradan 1 yil o‘tib O‘zbekistonga yana noqonuniy yo‘l bilan qaytdi va ushlandi, dedi Oybek.

Xo‘sh, Nargiza nima uchun chegarani buzdi? Axir O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi bordi-keldiga oid so‘nggi kelishuvga binoan ikki qo‘shni davlat fuqarolari biri ikkinchisining mamlakatiga vizasiz borishi va 60 kungacha muddat qolishi mumkinku?!

Ha, mumkin, lekin Qirg‘iziston Respublikasi Chegara xizmati matbuot kotibi Gulmira Bo‘riboeva O‘zbekiston 2010 yil, Iyun voqealaridan so‘ng Qirg‘iziston bilan bordi-keldilarga bir tomonlama cheklov joriy etganini 2015 yil kuzida yodimizga solgan edi.

Chegara bir tomonlama yopib qo‘yilganidan buyon qirg‘izistonliklar O‘zbekistonga va o‘zbekistonliklar, shu jumladan lavhamiz qahramoni Nargiza, Qirg‘izistonga chegaraning Farg‘ona vodiysidagi punktlaridan qonuniy o‘ta olmaydi. Qonuniy o‘tishi uchun u Qirg‘izistondan qandaydir ma’lumotnomalar va telegrammalar chaqirtirishi yoki katta pul evaziga Toshkent va Bishkek orqali borishi lozim.

Lavhamiz qahramoni Nargiza Qirg‘izistonga kelgach, 60 kungacha qayddan o‘tmay yashashi mumkin. Lekin undan ortiq muddatga qayddan o‘tishi kerak. Nargiza qayddan o‘ta olmasdi ham. Chunki u chegarani O‘zbekiston yopib qo‘ygani uchun Qirg‘izistonga noqonuniy o‘tgan.

Natijada oddiy uy bekasi, uch farzandning onasi Nargiza o‘zi istamagan holda jinoyatchiga aylandi.

Birinchi marta 28 dekabrda gaplashganimiz o‘zganlik Oybek bilan 20 yanvar kuni yana bog‘landik.

- Xotinim hali kelgani yo‘q, dedi Oybek.

Biz Oybekning xotini bilan ham gaplashish uchun Farg‘onaga qo‘ng‘iroq qildik.

Nargizaning telefonini ko‘targan akasi “Bo‘ldi, ishlari bitdi, endi jo‘natamiz O‘zganga” dediyu boshqa gapga o‘tmadi, telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Qirg‘izistonda, rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 15 mingdan ortiq o‘zbekistonlik kelin bor.

Ha, aytgancha, Oybekning xotini Nargizaning pasporti biometrik.

- Pasporti O‘zbekistonning yangi chiqqan pasportidan. Biometrik deydimi? O‘shandan. Olganiga 1 yildan o‘tdi, degan edi Oybek 28 dekabrda.

O‘shandan beri mana yana 22 kun o‘tdi. Oila hanuz ikki yurtda. Uni birlashtirishga hatto biometrik pasportning ham kuchi yetmayapti.

XS
SM
MD
LG