Линклар

logo-print

12 yanvar kuni Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov Rossiya muxolifatini “sotqinlar” va “xalq dushmanlari” deb ataganiga javoban Rossiyada #KadirovPozorRossii – “Qodirov Rossiya sharmandaligi” nomi ostida fleshmob boshlandi. Qodirov so‘zlarini aksilkonstitutsiyaviy deb sanagan huquq himoyachilari Checheniston prezidentini iste’foga ketishini talab qilmoqda. Muxolifat bosimiga qarshi Grozniyda #KadirovGordostRossii – “Qodirov Rossiya g‘ururi” nomi ostida maktab bolalari ishtirokida ommaviy namoyishlari uyushtirilmoqda.

R.Qodirov: “Muxolifatchilarni sudlash kerak!”

Rossiyada chechen prizidenti Ramzan Qodirov bilan bog‘liq katta siyosiy janjal avj olib bormoqda.

12 yanvar kuni Rossiya matbuoti kunida jurnalistlar oldida qilgan chiqishida Ramzan Qodirov barcha muxolifatchilarni “xalq dushmanlari” deb atadi va sotqinlar sifatida sud qilishni taklif etdi. Qodirovga ko‘ra,”oldin hech kimga noma’lum bo‘lgan kimsalar o‘zini Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qarshi qo‘yib, el oldida tanilmoqchi”.

Bir necha kundan keyin Checheniston parlamenti rahbari va Qodirovning yaqin do‘sti Magomed Daudov hukumat raqiblarini “sotqinlar va diversantlar” deb atadi. “Lord” laqabli 35 yoshli deputat Daudov o‘zining Instagram sahifasida bo‘ribosar itni yetaklab ketayotgan Ramzan Qodirovning fotosini o‘rnatib, “demokratiya bo‘lmaganda edi” barcha Rossiya muxolifat kuchlarini g‘ajib tashlashini bildirgan.

“#KadirovPozorRossii“

Ramzan Qodirovning so‘zlari qator Rossiya siyosatchilari tanqidiga uchradi. Jumladan, ombudsman Ella Pamfilova Ramzanni Putinning bunlay himoyasini “qosh qo‘yaman deb qo‘z chiqarish”, deb atadi.

Bunday bayonotlar nafaqat bema’ni, balki zararli hamdir, chunki prezidentni yomon otliqqa chiqaradi, mamlakatni esa qorong‘ulikka yetaklaydi, dedi Ella Pamfilova.

Bir guruh Rossiya huquq himoyachilari vasan’at namoyandalari Rossiya qonunlariga xilof ravishda bayonotlarni tarqatayotgan Ramzan Qodirov iste’fosi talabi bilan ochiq xat elon qildi.

Lyudmila Alekseeva, Vladimir Mirzoev, Lyudmila ULitskaya, Vladimir Voynovich, Svetlana Gannushkina va boshqalar imzosi ostida e’lon qilingan xatda “demokratik jamiyatlarda muxolifatning hukumat olib borayotgan siyosat kamchiliklariga e’tibor qaratish normal holat” ekani, Qodirovning so‘zlari esa ochiqchasiga “tahdid” sifatida qabul qilinishi va jamiyatda huquq va erkinliklar toptalishiga olib kelishi ta’kidlangan.

Xorijda yashayotgan rus muxolifatchisi Mixail Xodorkovskiy Qodirovni“Putinning sevimli uy hayvonining axmoqligi” sifatida qabul qilinishi kerakligini aytdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda #KadirovPozorRossii – “Qodirov Rossiya sharmandaligi” fleshmobiga start berildi.

Gap shundaki, chechen rahbari so‘zlarini tinglagan krasnoyarsklik deputat Konstantin Senchenko Qodirovni “Rossiya sharmandaligi” deb atagan edi. Bir kun o‘tar-o‘tmas deputat Senchenko “hurmatli odam bilan suhbatlashib”, o‘z fikrini o‘zgartirgani va Checheniston lideri “avtoritetiga yana bir bor ishonch hosil qilgani”ni so‘zlagan videosi tarqadi.

Konstantin Senchenko Ozodlikka chechen rahbarini tanqid ostiga olgani sabablarini bunday tushuntirdi:

- U barcha muxolifatchilarni xalq dushmani deb atayapti. Men ham muxolifatchiman. Bunday lavozimdagi rahbardan biz hammamiz xalq dushmani ekanimiz va bizni sudlash kerakligi to‘g‘risida bayonotlari bizni g‘azablantirdi! dedi deputat Senchenko.

Aktsiyada ishtirok etayotgan “Exo Moskvi” radiostansiyasi bosh redaktori Vladimir Varfolomeev Qodirov aslida sharmandalik emas, balki Rossiyaning asl mazmun-mohiyati ekanini urg‘uladi.

Bundan oldinroq, dekabr oiyda Qodirovni tanqidga olgan yosh chechen yigiti Adam Dikaevning bitta ichki kiyimda “Men hech kim emasman. Shu kundan boshlab Putin mening otam, bobom va podshohim”, deb Vladimir Putinni ulug‘lovchi qo‘shiq ohangiga yugurish yo‘lakchasida ketayotgani tasviri Internetda paydo bo‘lgan edi.

Televidenie orqali sazoyi qilingan Ayshat Inaeva eri bilan

Televidenie orqali sazoyi qilingan Ayshat Inaeva eri bilan

Shuningdek, Ramzan Qodirovni respublikadagi og‘ir iqtisodiy ahvol uchun tanqid qilgan yana bir ayol – Ayshat Inaeva eri bilan birga televidenie orqali Ramzan Qodirovdan kechirim so‘rayotgani va o‘zi yashaydigan mahallada sazoyi qilinayotgani Grozniy televideniesi orqali namoyish qilingan edi.

Grozniy rahbariyatini tanqid ostiga olgan chechenlarni sharmanda qilinishi xorijda yashayotgan chechen diasporasi vakillari qattiq noroziligiga ham sabab bo‘lmoqda.

Ayni paytda, “Yabloko” partiyasi namoyandalari 26 yanvar kuni Moskvada Checheniston prezidenti iste’fosi talabi bilan norozilik aksiyasi uyushtirmoqda.

Moskvaning “Paveletskaya” metrosi yonidagi avtobus bekatida 20 yanvar kuni noma’lum shaxslar tomonidan Ramzan Qodirov rasmi tushirilgan va “Sharmandalik!” plakati osib ketilgani ma’lum bo‘ldi.

Checheniston bolalari va Kreml - Ramzan Qodirov himoyasida

18 yanvar kuni Ramzan Qodirov Instagramdagi sahifasida u aytgan so‘zlariga “tuzatish” kiritib,“hech kimga tahdid qilmaganini” yozdi:

- Men Rossiyadan chiqib ketgan va u yerdan turib mamlakatimizni yomonlayotganlar haqida gapirgan edim. Ular Rossiyaga tahdid qilmoqda, AQShga, Yevropa poytaxtlariga borib kelmoqda, sanksiyalar joriy qilishni talab qilmoqda. Ular 30 soniyada Qrimni ortga qaytarib olmoqchi! .. Aslida men tizimda bo‘lmagan muxolifat to‘g‘risida gapirgan edim, qonuniy to‘g‘risida emas. Men Gudermes va Achxoy tuman jinnixonalarida Rossiyaga zarar keltirayotganlarga joy tayyorlab qo‘ydim, deb so‘nayotgan olovga benzin sochdi Checheniston rahbari.

Muxolifat bosimi ostida qolgan Ramzan Qodirovning atrofidagi amaldorlar Checheniston parlamenti rahbari Magomed Daudov va Duma deputati Adam Delimxanov tashabbusi bilan “Ramzan Qodirov atrofida birlashishga” chaqirdi.

Aytilishicha, mahalliy chechen jurnalistlari, blogerlari tashabbusi bilan Ramzan Qodirov himoyasiga Checheniston shahar qishloqlarida “Qodirov – Rossiya g‘ururi!” fleshmobi boshlab yuborildi. Dushanba kuni o‘tgan aksiyaga maktab bolalari ham jalb etilgan video tarmoqlarda tarqamoqda. Unda Qodirov va Putin fotosuratini qo‘targan bolalar “Ramzan Qodirov – beshinchi kolonna uchun xatardir!”, “Qodirov – Rossiya vatanparvari!” va boshqa shiorlarni ko‘tarib chiqqanini ko‘rish mumkin. “KRA” (Qodirov Ramzan Ahmatovich- tahr. ) yozuvini tashkil etgan chechen bolakaylari kolonnalari “Ramzan, sen Rossiya qaxramoni, biz sen bilan!”, deya hayqirayotgani tasvirlangan videoda.

Checheniston Matbuot vazirligi 22 yanvar kuniga mo‘ljallangan va davlat rahbari himoyasiga bag‘ishlangan mitingga barcha xodimlariga majburiy ekanini ta’kidlovchi buyruq tarqatgani ma’lum bo‘ldi.

Ramzan Qodirov himoyasiga qo‘shiqchi Nikolay Baskov, yozuvchi Eduard Limonov, millatchi Egor Xolmogorov, Donbassdagi urushda “tanilgan” jurnalist Dmitriy Steshin va boshqalar chiqdi.

Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Rossiya jamoatchiligi junbushga keltirgan Ramzan Qodirovning so‘zlarida biror nojo‘ya fikr topa olmaganini bildirdi.

- Gap norasmiy muxolifat haqida ketyapti. Bu aslida mamlakatning qonuniy siyosiy maydonidan tashqarida bo‘lganlardir. Ular o‘z faoliyatida qonun doirasidan chiqib, mamlakatimizga zarar keltirmoqda. Men shaxsan mana shunday tushundim, dedi Ramzan Qodirovning muxolifatga bo‘lgan tahdidlari Kremlь tomonidan to‘liq qo‘llanayotganini ochiqchasiga bildirgan Vladimir Putinning rasmiy vakili.

XS
SM
MD
LG