Линклар

logo-print

Qirg‘iziston parlamenti Qambarota GESini qurib¸ ishga tushirishga oid Rossiya bilan tuzilgan hukumatlararo kelishuvni bekor qilish haqidagi qonun loyihasini qabul qildi. Bu qonun prezident tomonidan imzolangach¸ kuchga kiradi. Ayni paytda Bishkek hukumati bu yirik GES qurish rejasidan voz kechmagani va xorijiy sarmoyadorlarni qidirishda davom etajagini bildirdi.

20 yanvar kuni ovozga qo‘yilgan mazkur loyihani parlament majlisida qatnashgan 97 deputatning barchasi bir ovozdan ma’qulladi.

Bishkek va Moskva o‘rtasida tuzilgan kelishuvni bir tomonlama bekor qilganlik uchun Qirg‘iziston tomoni Rossiyaga 37 million AQSh dollari qaytarib berishi kerak.

Qirg‘iziston Iqtisod vaziri o‘rinbosari Nurlan Sodiqovga ko‘ra¸ 2013 yildan beri Rossiya tomoni GES qurilishi uchun aynan shuncha mablag‘ ajratgan va kelishuv bekor qilinishi ortidan bu pulni Moskvaga qaytarib berishi lozim.

Bishkek rasmiylariga ko‘ra¸ Rossiya bilan kelishuvning bir tomonlama bekor qilinishi Qambarota GESi qurish rejasining bekor bo‘lganini anglatmaydi va hukumat bu qurilish uchun yangi sarmoyador qidirishda davom etadi.

Qirg‘izistonda yangi tashkil etilgan Milliy energoholding raisi Oybek Kaliev¸ denonsatsiya haqidagi qonun kuchga kirganidan so‘ng¸ yangi investorni izlash boshlanishini bildirdi:

- Hozirdanoq yangi investor qidirish axloqsizlik bo‘ladi. Yangi sarmoyadorlarga mavjud infratuzilma asosida ishlash imkoni beriladi. Rossiya hukumatlararo kelishuv shartlarini bajara olmasligini aytib¸ uni o‘zgartirishni taklif qilganidan so‘ng¸ hukumatda uni bekor qilishdan o‘zga chorasi qolmadi¸ deydi Milliy energoholding raisi.

Rossiya va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida 2012 yilning 20 sentyabrida imzolangan Qambarota-1 GESini qurib¸ ishga topshirish haqidagi kelishuv 2015 yilning 31 dekabr kuni Bishkek hukumati tomonidan denonsatsiya qilingach¸ bu haqdagi qonun loyihasi parlamentga taqdim etilgan edi.

Endilikda bekor qilingan shartnomaga muvofiq, Qambarota-1 GESi qurib bitirilgach¸ uning 50 foiz ulushi Rossiyaga berilishi kerak edi.

Bu kelishuv avval boshdanoq O‘zbekiston hukumatining keskin qarshiligiga uchragan edi.

Xususan¸ prezident Islom Karimov transchegaraviy daryolar suvini to‘sib¸ Qirg‘izistonning Qambarota¸ Tojikistonning Rog‘un GESi qurish kabi rejasi mintaqada urushga sabab bo‘lishi mumkinligidan bir necha bor ogohlantirgan edi.

Bunday qarshiliklarga qaramay¸ davom etishi aytilgan Qambarota GESi qurilishining Rossiya iqtisodida boshlangan inqiroz bois to‘xtab qolgani¸ Bishkek rasmiylari ta’kidicha¸ vaqtincha xolos.

Hukumat yaqin olti oy ichida yangi investor topilishiga umid qilmoqda. Ehtimoliy investorlar sifatida Xitoy va Qozog‘iston tilga olinmoqda.

XS
SM
MD
LG