Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:59

Sunnat to‘yi uchun yetimxonadan bola “ijara” ga olish urf bo‘lmoqda


Toshkentning Yashnobod tumanida joriy yil boshida o‘tkazilgan sunnat to‘yida to‘ybolaga qo‘shib "Mehribonlik uyi"dan olib kelingan 6 nafar bola ham “xatna” qilingan.

Bu ma’lumotni Ozodlikka yetkazgan 26 yashar videotasvirchi Mirfayzga ko‘ra¸ “Mehribonlik uyi"dan olib kelingan 6 nafar bola xo‘jako‘rsinga keltirilgan va ularning hammasi allaqachon sunnat qilingan bolalar” bo‘lgan:

- Men to‘ylarda video olaman. Yashnaoboddagi to‘yxona bilan shartnomam bor. Video olayotsam¸ sunnat qilish uchun detdomdan olib kelingan bolalar rosa ko‘zimga tanish ko‘rindi. Ularni oldingi to‘ylarda ham ko‘rgandek bo‘ldim. Videoni montaj qilganda erinmasdan eski kadrlar bilan solishtirib ko‘rdim. Kompyuterda montaj qilaman. Montaj programmasida odamni yuzini taniydigan dastur bor. Shu dasturga soldim ermakka. Qarasam 100 foiz sxodstvo turibdi. Keyin muzikant bolalar aytib qoldi. To‘y o‘tkazayotgan boylar o‘zlarini saxovatli ko‘rsatish uchun detdomdan bola ijaraga olishar ekan. Bu bolalar allaqachon sunnat bo‘lgan. Pokazuxa uchun qilishayapti¸ deydi toshkentlik videotasvirchi.

Ozoddlikka ma’lum bo‘lishicha¸ "Mehribonlik uy"laridan “svadebniy general” tarzida bola ijara olish yangi o‘zbek boylari o‘rtasida urfga aylangan.

Shou-biznes yangiliklarini yoritib kelayotgan jurnalistning o‘z shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ o‘tgan yil oxirida toshkentlik Ahmadboy o‘tkazgan sunnat to‘y hanuzgacha “mahallalarda duv-duv gap” bo‘lmoqda:

- O‘zbekistonda nomi chiqqan Ozodbek Nazarbekov, Sherali Jo‘raev, Hosila Rahimova, Ravshan Komilov, Obid Asomov, G‘ulomjon Yoqubovlar kun bo‘yi xizmat qilgan bu to‘yda Ahmadboyning o‘g‘li Muhammadjon xatna qilindi. Bunga qo‘shib Tashobldagi detdomlardan 20 bola olib kelinib¸ sunnatga yotqizildi. Bu bolalar o‘tgan yil Navro‘z bayramida hokimiyat tomonidan sunnat qilinib bo‘lingan ekan. Shu gap-so‘z bo‘lib ketdi. Ahmadboy detdomdan “svadebniy general” olib kelib¸ to‘y qilibdi deb kulishdik¸ deydi shou-biznes yangiliklarini yoritadigan sayt jurnalisti.

Toshkentdagi to‘yxonalardan birida musiqachi bo‘lib ishlovchi Samandar degan yigitning Ozodlikka aytishicha¸ sunnat to‘ylarida yetimxonadan bola olib kelib yotqizish “boylar haqida ijobiy fikr yaratish uchun” qilinmoqda:

- Men ishlaydigan to‘yxonada to‘y o‘tkazuvchining stsenariysida maxsus qismi bor. To‘y o‘tkazuvchi yetimlar haqida she’r o‘qiydi. Bu paytda to‘yxona ekranida yetimxonadagi bolalar aks etgan g‘amgin tasvirlar paydo bo‘ladi. Boshlovchi gapni to‘y egasiga burib “falonchi boy faloncha yetimning boshini siladi” degan ma’noda gapini davom ettiradi. Bu vaqtda to‘yga yetimxonadan olib kelingan bolalar tasviri ekranga tushiriladi. Hamma yig‘laydi o‘sha paytda. Bu o‘ziga xos piar. Bilsangiz boylar haqida har xil salbiy fikrlar yuradi. Sunnat to‘yiga "Mehribonlik uyi"dan bola olib kelsangiz¸ odamlar sizni maqtaydi¸ deydi suhbatdosh.

Unga ko‘ra¸ ko‘pchilik to‘yxonalar o‘zlari "Mehribonlik uy"laridan bola olib kelish xizmatini ham taklif qilishadi.

Ozodlik Toshkent shahri va viloyatidagi "Mehribonlik uy"lariga telefon qilib¸ bolalarni sunnat qildirish masalasini o‘rgandi.

Yunusobod tumanida joylashgan "Mehribonlik uyi"dagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ bolalar uyi tarbiyalanuvchilari uchun hayit va navro‘zda mahalliy hokimiyat tarafidan sunnat to‘y qilib beriladi:

- Navro‘z va boshqa bayramlarda davlatimiz tomonidan o‘rnatilgan tartibda sunnat to‘ylari o‘tkazib beriladi. Agar biror o‘ziga to‘q odam ehson sifatida sunnat qilib beraman desa¸ bosh vrachimiz bilan kelishib¸ "Mehribonlik uyi"ga pul o‘tkazib berib yoki boshqa tarzda moddiy ko‘mak berib¸ bu ishni amalga oshirishi mumkin. Biz faqat xursand bo‘lamiz¸ dedi Ozodlik manbasi.

Taxtiravon ko‘targan balerinlar

Buxorodagi xatna to‘ylarini o‘tkazib kun ko‘radigan 34 yashar Zaynabning aytishicha¸ nafaqat Toshkent¸ balki viloyatlarda ham sunnat to‘ylari¸ manmanlik va o‘zini ko‘rsatish musobaqasiga aylangan:

- Buxoroda maxsus kardebalet guruhi sunnat to‘yi uchun taxtiravon shousini taklif qiladi. Sultoniy simob salla va pushtirang ipak shalvor kiygan to‘rt balerin yigit shohona bezatilgan taxtiravonda to‘ybolani olib kiradi. Bu yigitlar to‘ybolani taxtiravondan tushirib taxtimuqimga o‘tqazishgach¸ maxsus kardebalet nomerini ko‘rsatishadi. Arabcha raqs bu shouga yakun yasaydi¸ deydi suhbatdosh.

Zaynabning samarqandlik hamkasbi Sitora bonu esa¸ to‘y o‘tkazish bilan birgalikda to‘ybolalar uchun kiyimlarni ijaraga berish bilan ham shug‘ullanadi:

- Samarqandda ham sunnat to‘y pokazuxa bo‘lib ketdi. Masalan¸ to‘yxonada to‘ybola poyiga poyandoz qilib to‘ybolaning surati aks ettirilgan gilam to‘shaladi. To‘ybolani maxsus qurilgan taxtga o‘tqizib olib kirishadi. Shundan so‘ng qistir-qistir boshlanadi. Ota tomonidagi bobosi nabirasining boshidagi sallasiga yuz dollar qistiradi. Bunga javoban ona tomonidagi bobosi nabirasining sallasiga ikkita yuz dollarlik qistiradi¸ deydi suhbatdosh.

Yuz yillik muhokama

Toshkentning Yangiyo‘l tumanida yashovchi rassom Ravshanbek Iskandarov to‘ylarga salbiy qarash sovet mafkurasidan qolgan gap degan holda¸ dabdabali to‘ylarga o‘z ijobiy fikrini bildirdi:

- SSSR paytida dabdabali to‘y qilganlarni OBXSS yoki prokuraturaga chaqirib savol-so‘roq qilishar edi. Hozir kapitalizm¸ pul topgan odam xohlagancha sarf qilishga haqqi bor. Istasa butun detdomlardagi yetimlarni optom sunnat qilishi va optom uylantirishi mumkin. Buning nimasi yomon? To‘y qilibdiku! Odam o‘ldirmabdiku! Dabdabali to‘ylarga qarshi gap yuz yildan beri bor. Lekin to‘ylar to‘xtagani yo‘q¸ to‘xtamaydi ham¸ deydi yangiyo‘llik rassom.

Rassom aytganidek¸ dabdabali to‘ylar tanqid qilina boshlaganiga yuz yildan oshdi.

Taniqli jadid ma’rifatparvari Mahmudxo‘ja Behbudiy 1915 yili "Oyna" jurnalida nashr qilingan "Bizni kemirguvchi illatlar" maqolasida to‘ylarni "taraqqiyot to‘sig‘i" deya atagan edi.

"Bizni kemirguvchi illatlar deganda, zaxmu maraznimi gumon etarsiz? Yoinki, sil, sil va maxavliknimi dersiz? Yo‘q bizni inqirozg‘a va tahlikag‘a va jahannamg‘a yumalataturgon to‘y, azo ismindagi ikki qattol dushmanni derman"¸ deb ëzgan edi buyuk o‘zbek ma’rifatchisi Behbudiy.

Ayni maqolada Behbudiy bugun ham dolzarbligini yo‘qotmagan muammo - dabdabali to‘y qilaman deb sudxo‘rdan qarz olib xonavayron bo‘lganlar fojeasini ham bayon qilgan edi.

XS
SM
MD
LG