Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:49

Toshkentning Yunusobodida 23 yashar yigit vahshiylarcha o‘ldirib ketildi


Toshkent shahar Yunusobod tumanida 17 yanvar kuni kechasi 23 yashar Shahzod Abdumavlonov vahshiyona o‘ldirib ketildi. Ozodlikka 21 yanvar kuni yetib kelgan tafsilotlarga ko‘ra¸ bir guruh noma’lum shaxslar Shahzodni rosa urib-tepgandan so‘ng, uni chavaqlab o‘ldirgan. Rasmiylarga ko‘ra, bu jinoyatda gumonlanib bir necha kishi hibsga olingan.

Ozodlik manbalarining xabar qilishicha¸ Yunusobod dehqon bozori yaqinidagi ko‘chadan 17 yanvar kuni kechqurun shu tumanda yashovchi 23 yashar Shahzod Abdumavlonov qonga belanib yotgan holda topilgan.

Ko‘chadagi qorong‘u joyda yotgan Shahzodni shu ko‘chadan o‘tib ketayotgan haydovchilardan biri mashinasi faralari yorug‘ida ko‘rib qolib, uni 17-kasalxonaga olib borgan.

Shahzod Abdumavlonov olingan jarohatlar sabab, kasalxonada vafot etgan.

Bu voqeadan xabardor Ozodlik manbasining aytishicha, o‘sha kuni Shahzodni uyidan chaqirib olib ketishgan:

“Shahzodning yaqinlariga ko‘ra, 17 yanvar kuni uni uyidan chaqirib olishgan. Ko‘pchilik bo‘lib avval rosa urib tepishgan va keyin badanining hamma joyiga ayamasdan pichoq sanchib chiqishgan. Jasad odam ko‘rsa qo‘rqadigan darajada ekan. Shuning uchun uni onasiga ham ko‘rsatmay masjidda yuvib kafanlashgan. O‘zi juda baquvvat, sportsmen bola edi, rahmatlik”, dedi manba.

Ozodlikning tergovga yaqin manbasiga ko‘ra, bu qotillikda gumonlanib bir necha kishi hibsga olingan:

“Bu yigit va uni o‘ldirganlar o‘rtasida o‘sha kuni qanaqadir razbor bo‘lgan. Hozircha, o‘sha janjalning sababi nima ekanligi aniqlanmagan ekan. Bir necha gumonlanuvchilar hibsga olingan va surishtiruv ishlari davom etmoqda. Tergovni Yunusobod tumani prokuraturasi olib bormoqda. Mazkur voqea yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97-moddasi(qasddan odam o‘ldirish)ga binoan jinoyat ishi ochilgan”, dedi Ozodlikning shaxsi sir qolishini istagan rasmiy manbasi.

Norasmiy xabarlarga ko‘ra, bu vahshiyona qotillikni amalga oshirganlar, allaqachon O‘zbekistondan chiqib ketgan.

Lekin rasmiy manba bu xabarni na tasdiqladi, na inkor qildi.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda vahshiyona qotilliklarning sodir bo‘lishi ko‘p uchramoqda.

12 yanvar kuni Buxoro viloyati Jondor tumanining Aleli qishlog‘ida istiqomat qilgan Aziz Arashev¸ uning xotini va ikki bolasi o‘z uyida pichoqlangan holda topilgan edi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, tergov Arashevning o‘zi xotini va bolalarini o‘ldirib¸ so‘ng joniga qasd qilgani yoki bu oilaning noma’lum shaxslar tomonidan o‘ldirib ketilgani taxminini o‘rganib chiqmoqda.

O‘tgan yil yanvar oyida Xorazmning Urganch tumani G‘oybu qishlog‘ida yashovchi Dilnoza Xudoyberganova ikki farzandini pichoqlagan edi. Uning 7 yoshli qizi Shahlo hayotdan ko‘z yumgan, 10 yoshli o‘g‘li Bozorboy esa og‘ir yaralangan edi.

XS
SM
MD
LG