Линклар

Meva-sabzavot yetishtirish va sotish bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekistondagi shirkat Qozog‘istonning to‘rt viloyatida bog‘lar barpo qilib, yetishtiriladigan mevani eksport qilmoqchi.

Bu haqda xabar qilgan "Novosti-Kazaxstan" axborot agentligiga ko‘ra, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning qo‘shni Qozog‘istonga qiziqish bildirishiga bu mamlakatda ish yuritish O‘zbekistonga nisbatan foydaliroq ekanligi bilan izohlandi.

O‘zbekistondagi yirik mevafurush shirkatning Qozog‘istonga qiziqish bildirayotgani to‘g‘risida "Novosti-Kazaxstan" agentligi Qozog‘istondagi “Atameken” Milliy tadbirkorlar assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Nurjan Altaevga tayanib 20 yanvar kuni xabar qildi.

Agentlik Nurjan Altaevning manu bu gapini keltirdi:

“Kecha O‘zbekistondan sabzavot va meva eksporti bilan shug‘ullanuvchi yirik kompaniya keldi. Ular shu kunda sarmoya yotqizish uchun Qozog‘istondagi sharoitning ideal ekanligini ta’kidladilar va 4 ta viloyat: Janubiy Qozog‘iston, Jambul, Olmaota va Qizil O‘rda viloyatlariga qiziqish bildirishdi. Ular bu viloyatlarda bog‘ barpo etib, mevani chet mamlakatlarga sotmoqchi”, - degan Alьtaev.

Biznes yuritish uchun Qozog‘istonda yaratilgan sharoitlar O‘zbekistondagidan qulayroq va biznesmen uchun foydaliroq ekanligini ta’kidlagan Nurjan Altaev yana mana bu fikrni bildirgan.

“Davlat rahbarining (Prezident Nazarboev) sarmoyadorlarni imkoni boricha ko‘proq Qozog‘iston bozoriga jalb qilishga oid topshirig‘i mavjud. Milliy tadbirkorlar assotsiatsiyasi bu ishni 2016 yilda o‘z oldiga qo‘ygan eng muhim maqsadlardan biri, deb hisoblaydi. Shu maqsadda AQSh, Xitoy, Rossiya hamda boshqa yaqin qo‘shni davlatlar bilan ishlayapmiz”, degan Qozog‘istondagi “Atameken” Milliy tadbirkorlar assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Nurjan Altaev.

Qozog‘istonning 4 ta viloyatida bog‘lar barpo qilmoqchi bo‘layotgan O‘zbekistondagi shirkatning nomi nima? U qo‘shni mamlakatga qancha mablag‘ olib kirmoqchi? Nima uchun pulni O‘zbekistonga yotqizmay qo‘shni davlatga olib chiqib ketmoqchi? Ikki qo‘shni davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga sarmoya yotqizish uchun yaratilgan sharoitlarda qanday farqlar bor?

Shu va boshqa savollarimizni berish uchun “Atameken” Milliy tadbirkorlar assotsiatsiyasi bilan bog‘landik. O‘zini Nurjan Altaevning o‘rinbosari Azamat, deb tanishtirgan xodim savollarimizga javob berishga vakolati yo‘qligini aytish bilan cheklandi.

O‘zbekistondagi shirkatning qo‘shni mamlakatning 4 ta viloyatida bog‘ barpo etish hamda yetishtiriladigan mahsulotni eksport qilish rejasi to‘g‘risidagi xabar darhol Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 28 avgust kungi 249- qarorini yodga soldi.

O‘sha hujjatga muvofiq, o‘tgan yilning 1 sentyabridan boshlab meva- sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni faqat havo avtotransport vositalarida eksport qilish taqiqlab qo‘yilgan edi. O‘shanda Ozodlik suhbatlashgan ekspertlar bunday qaror dehqon-fermerni qashshoqlashtirib¸ mamlakat temir va havo yo‘llarini o‘z monopoliyasiga aylantirgan hokimiyat tepasidagi guruhni yanada boyitishini ta’kidlagandilar.

Chunki tashuvni amalga oshirish huquqi faqat temir yo‘l va havo transportiga berilgan edi.

Bunday taqiqqa berilgan rasmiy izohga ko‘ra¸ maqsad O‘zbekiston meva-sabzavoti va poliz ekinlarini soliq va boj to‘lovlarini chetlab o‘tib¸ xorij¸ birinchi galda Qozog‘istonga olib chiqayotgan “nohalol eksportchilar”ni to‘xtatish va ularni fosh qilib¸ jazoga tortish va eksportni shaffoflashtirishdir.

Mana endi bugunga kelib, meva-sabzavotni “birinchi galda Qozog‘istonga olib chiqayotgan “nohalol eksportchilar”ning o‘zlari o‘sha Qozog‘istonga chiqib ketishga shaylanib turibdi.

Qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishiga bevosita aloqasi bor toshkentlik iqtisodchi G‘olibbek Xolnazarov ham xabarni sharhlar ekan, biz eslagan qarorni esladi:

Prezident Karimov yaqinda Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan majlisda 2015 yili O‘zbekistonda 12 million 592 ming tonna sabzavot va kartoshka, 1 million 850 ming tonna poliz mahsulotlari, 1 million 556 ming tonna uzum, 2 million 731 ming tonna meva etishtirilgani to‘g‘risida ma’lumot bergan edi.

XS
SM
MD
LG