Линклар

logo-print

Homiysi O‘zbekiston hukumati bo‘lgan "Kamolot" yoshlar harakati faollari “ijtimoiy tarmoqlar buzg‘unchi g‘oyalarning tarqatilishi uchun qulay vosita”, degan iddao bilan Facebook, Telegram va Odnoklassniki kabi o‘zbekistonlik yoshlar orasida keng tarqalgan ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash taklifini o‘rtaga qo‘ydi.

O‘zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan "Kamolot" faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, ijtimoiy tarmoqlar ta’sirini O‘zbekistonda cheklash masalasi shu hafta boshida Toshkentda o‘tkazilgan davra yig‘inida ko‘tarilgan:

- O‘zingiz bilasiz, hozir terror propagandasi ijtimoiy tarmoqlarda olib borilayapti. Terrorchilar bu tarmoqlar yordamida yoshlarga o‘z g‘oyalarini singdirib, o‘zlariga yollayapti. Xuddi shu tarmoqlar orqali yoshlarni noto‘g‘ri yo‘lga boshlovchi guruhlar ish olib borayapti. Yoshlarni ularni yomon ta’siridan himoyalash kerak va bunga hozirdanoq kirishish kerak, degan takliflar ilgari surildi, - dedi ismi sir qolishini istagan “Kamolot” faoli.

Suhbatdoshga ko‘ra, bu yerda gap Telegram, Instagram, WhatsApp kabi messenjerlar, Facebook, Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlar haqida bormoqda. Aytilishicha¸ hozirda bu taklifni amalga oshirishning texnik imkonlari o‘rganib chiqilmoqda.

O‘zbekistonda kuniga millionlab odam foylanayotgan bu tarmoqlar faoliyatini qanday cheklash mumkinligi haqidagi savolga “Kamolot” faolaridan aniq javob bo‘lmadi.

Tashkilotning boshqa faoli¸ kamolotchilar tashabbusida gap bu tarmoqlar faoliyatini butunlay taqiqlash haqida bormayotganini ta’kidladi:

- Bu tarmoqlarni O‘zbekistonda to‘liq taqiqlamasdan¸ milliy domenda ular o‘rnini bosadigan muqobil tarmoqlar yaratish kerak, degan takliflar ko‘rib chiqilayapti. Hozir bu muhokamalar bosqichida, qanday bo‘ladi bu, biron narsa aytolmayman¸ - dedi Ozodlik suhbatlashgan yana bir "Kamolot" faoli.

Yaqinlargacha o‘zbekistonliklar asosan Odnoklassniki va VKontakte kabi Rossiya domenidagi ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanib kelgan bo‘lsa¸ so‘nggi yillarda Facebook tarmog‘idagi o‘zbekistonlik foydalanuvchilar soni ham ko‘payib bormoqda.

Hozirda Odnoklasniki tarmog‘ida uch milliondan ortiq o‘zbekistonlik foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa¸ Facebookda esa to‘rt yuz mingga yaqin o‘zbekistonlik bor.

Ularning aksari bu tarmoqlardan yaqinlari va do‘stlari bilan bog‘lanish maqsadida foydalanishlarini aytishadi.

“Bu tarmoqlarni ham yopishsa, bilmadim nima bo‘ladi. O‘zbekistonning o‘zini tarmog‘ini yaratish amalga oshmaydigan narsa. Kim kiradi u yerga? Hozir Skype ishlamaydi, Viber ishlamaydi. Bu borishda Internetni butunlay yopib qo‘yishmasa bo‘ldi”, - deydi o‘zini Zokir deb tanishtirgan o‘zbekistonlik Internet foydalanuvchisi.

Skype va boshqa messenjerlar O‘zbekistonda o‘tgan yil o‘rtalaridan beri ishlamayapti. Internet provayderlari mazkur holatni "O‘zbektelekom" aksiyadorlik shirkati hamkorlari tarmoqlarida allaqanday texnik profilaktika ishlarini ketayotgani bilan izohlab kelishmoqda.

O‘zbekistonliklar orasida bu kabi messenjerlar mamlakatga tashqaridan axborot oqimini jilovlash uchun profilaktika bahonasida to‘sib qo‘yilgan, degan taxminlar ham bor.

Internet texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis To‘lqin Umaralievning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarni yopish O‘zbekistondagi monopolist shirkat sanalgan "O‘zbektelekom"ni qo‘lidan keladi:

- To‘sib qo‘yishi ham mumkin yoki Skype messenjeridagi kabi muammolar yaratishi ham mumkin. Go‘yoki ochiladi, lekin ishlashi juda sekin bo‘ladi. Texnik jihatdan bu qo‘lidan keladi. Butunlay to‘sib qo‘yamiz¸ desa ham O‘zbekiston hukumatining qo‘lida bunaqa imkoniyat bor, - deydi To‘lqin Umaraliev.

O‘zbekiston yillardan beri "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining Internet dushmanlari ro‘yxatida qolmoqda.

XS
SM
MD
LG