Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:56

Tojikiston va Qirg‘iziston IIV Suriyaga ketganlar sonini ma’lum qildi


Tojikiston va Qirg‘iziston IIV Suriyaga ketayotgan fuqarolari soni ozayayotgani haqida ketma-ket bayonot tarqatdi. Rasmiylar buning sababini Suriyaga ketganlar ko‘p bo‘lgan aholi punktlarida muhtoj oilalarga tezkor moliyaviy yordam, targ‘ibotning kuchi bilan izohlamoqda. So‘nggi rasmiy raqamga ko‘ra, Tojikistondan 500, Qirg‘izistondan 508 kishining Suriya va Iroq hududidagi jangari guruhlarga qo‘shilgani aniqlangan. O‘zbekistonga oid rasmiy raqamlar haqida esa Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

Tojikiston va Qirg‘iziston kuch ishlatar tuzilmalari shu kunda Iroq va Suriya hududidagi terror guruhlar safida yurgan mamlakat fuqarolari soni 500 atrofida, ammo keyingi paytda IShID fitnasiga ilinayotganlar soni ozaymoqda, deb ma’lumot berdi.

Tojikiston rasmiylari bergan ma’lumotga ko‘ra, bu davlatdan ketganlarning aksariyati Tojikistonning shimoliy tumanlaridan borgan fuqarolardir.

Bu hududda birinchi o‘rinda Isfara tumani, ikkinchida esa Spitamen tumani turadi. Xususan, Spitamen tumanidan jami 37 kishi oilasi bilan Suriyaga ketgani haqida rasmiy ma’lumot berilgan.

Keyingi surishtiruvlarda Suriyaga ketganlarning kattagina qismi aholining kam ta’minlangan va ishsiz qatlamidan ekani ma’lum bo‘lgach, mahalliy rasmiylar birinchi galda bunday oilalarga davlat yordamini uyushtira boshlaganini aytmoqda.

Xususan, tuman hokimi Orif Qodirzoda: "Biz kam ta’minlangan oilalarga yordam berishga qaror qildik. Ularning uylarini ta’mir qilib berdik yoki boshqa turdagi yordamlarni ko‘rsatdik", deb matbuotga intervyu berdi.

Tuman rahbariga ko‘ra, davlatning bu tahlit tezkor ijtimoiy yordami jami aholisi 130 ming kishi bo‘lgan ushbu tumandan Suriyaga borishni ko‘zlab turgan kishilarni niyatidan qaytargan.

Orifzodaga ko‘ra, Suriyaga ketganlarning aksari tumanning Tagoyak qishlog‘i aholisidir. Ma’lum bo‘lishicha, markazdan biroz olisda bo‘lgan bu qishloqda ta’lim tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan va mahalliy aholi orasida diniy savodi pastlar ham ko‘pchilik.

Markaziy Osiyo hukumatlari, xususan, O‘zbekiston ham 2015 yil davomida fuqarolarning jangari guruhlarga qo‘shilishi oldini olish, ayniqsa, Rossiya va Turkiyaga ketayotganlar yoki bu davlatlardan qaytayotganlar ustidan nazoratni kuchaytirdi. Rasmiy matbuotda IDga aloqadorlik, odam yollaganlik kabi ayblovlar bilan sudlangan fuqarolar haqidagi xabarlar ko‘paydi.

Ammo, qo‘shni respublikalardan farqli ravishda O‘zbekiston hukumati bu boradagi rasmiy raqamlarni e’lon qilmay kelayotir. Xalqaro tashkilot va tadqiqot markazlari kuzatuvicha, Suriya va Iroq hududidagi o‘zbekistonlik jangarilar soni 500 atrofidadir.

Tojikiston va Qirg‘iziston IIVlari esa O‘zbekistondan farqli ravishda yilda bir necha bor bu boradagi raqamlar va amaliyotlari natijalarini matbuotda e’lon qilmoqda.Tojikiston rasmiylari bergan so‘nggi raqamlarga ko‘ra, bu davlatdan 500, Qirg‘izistonda e’lon qilingan raqamlarga ko‘ra esa 508 qirg‘izistonlik Suriya va Iroq hududidagi jangari guruhlarga qo‘shilgan.

Qirg‘izistonliklar orasida Suriya va Iroqqa ketganlarning aksariyati mamlakat janubidagi O‘sh, Botken va Jalolobod tumanlaridandir. Qirg‘iziston IIV rahbariyati bu hududlarda, hatto maktablarda ichki ishlar xodimlari ko‘rgazmali mashg‘ulotlar uyushtirayotganini aytmoqda.

Xususan, Qirg‘iziston IIVning Terrorga qarshi kurash boshqarmasi 15 yanvar kuni matbuot anjumani o‘tkazib, 508 fuqarodan 33 nafari o‘ldirilgani, 40 nafari yurtiga qaytgani aniqlanganini bildirdi.

Qirg‘iziston rasmiylari ham so‘nggi bir yil ichidagi muttasil targ‘ibot natijasida Suriya va Iroqqa ketuvchilar soni sezilarli darajada kamayyotganini ta’kidladi.

Xorijiy ekspertlar va tadqiqot markazlari esa "Islomiy davlat" safidagi o‘zbekistonliklarsonini 500 nafar atrofida, deb taxmin qiladi.

So‘nggi tadqiqotlardan biri 7 dekabr kuni qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan The Soufan Group tadqiqot markazi tomonidan e’lon qilindi. “Xorijlik jangarilar. Suriya va Iroqqa kelayotgan jangarilar oqimiga oid so‘nggi ma’lumotlar” nomli hisobotda Suriya va Iroqda IShID bayroqlari ostida 86 mamlakatdan kelgan 27 mingdan 31 minggacha chet ellik mavjudligi, bularning 500 nafari O‘zbekistondan ekani aytildi.

XS
SM
MD
LG