Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:13

Toshkentda ro‘molli haydovchilar jarimaga tortilayotganini iddao qilmoqda


Toshkentdagi yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari ro‘molini tomoq tagidan bog‘lagan haydovchi ayollarni to‘xtatib, ro‘molni orqadan bog‘lashni talab qilmoqda. Shunday vaziyatga tushganlar iddaosicha, inspektorlar bundaylarga katta jarima solib¸ ayrim hollarda avtomobillarini jarima stoyankasiga qamab qo‘ymoqda.

Toshkent shahrida istiqomat qiladigan Nargizaning (ismi o‘zgartirilgan – tahr.) iddao qilishicha, ro‘molini tomog‘ining tagidan bog‘lagani uchun yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari uni asossiz jarimaga tortgan:

“Prezident yuradigan trassadan kelayotuvdim. Keyin o‘ngga qayrildim. Shunda bir inspektor meni to‘xtatdi. "Sploshnoy liniyani bosib qayrildingiz", dedi. Men "yo‘q bosganim yo‘q", dedim. U meni gapimga va zorlanishlarimga qaramasdan, protokol yozib pravamni olib qo‘ydi. Ketayotganimda esa, “ro‘molni orqadan bog‘lab yurish kerak, bunaqa qilib o‘rash mumkin emas”, dedi. “Mening ro‘molim bilan sizning nima ishingiz bor”, desam, “unda borib jarimani to‘lab, pravangizni oling”, dedi”, deydi Nargiza.

Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan boshqa bir hijobli ayol esa YHX xodimlari avtomashinasini jarima stoyankasiga qamab qo‘yishganini iddao qiladi:

“O‘tgan yilning dekabrida inspektor meni to‘xtatib, “chiziqni bosding, piyodaga yo‘l bermading”, dedi. Pravamni ham, talonimni ham olib qo‘ydi. Moshinani shtrafnoyga tiqib tashladi-da, inspektorlar qochib ketdi. Moshinadan videoregistratorni olib, tekshirib ko‘rsam, chiziqni ham bosganim yo‘q, piyoda ham yo‘lda yo‘q. Xo‘jayinimga mana ko‘ring, meni nohaq ayblashyapti¸ deb videoni ko‘rsatdim. Xo‘jayinim keyin boshqarmaga borib shikoyat qilsa, "ro‘molda bo‘lgan ekan ayolingiz, shunga shikoyat qilmay qo‘yavering, gapni ko‘paytirmay, o‘ziga qiyin bo‘ladi", debdi. Bir oydan so‘ng jarimani to‘lab, moshinani olib chiqdim. Axir bu nima degan gap, hijobda kinoteatrga tusholmasak, metroda yurolmasak, endi moshina ham haydolmaymizmi?”, deydi haydovchi ayol.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi matbuot xizmati rahbari Zoirjon Saidaliev Ozodlik bilan suhbatda inspektorlarning haydovchi ayollar ro‘moliga tanbeh berayotgani haqidagi iddaolarni keskin inkor qildi:

“Bu noto‘g‘ri iddao. Inson huquqlari va erkinliklari degan narsa bor. Bunga qat’iy amal qilinadi. 1 martdan boshlab yangi tahrirdagi yo‘l harakati qoidasi kuchga kiradi. Bu qoidada shu masalaga qaratilgan birorta ham band yo‘q. Yo‘l harakati qoidasining asosiy vazifasi harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarini oldini olish va tartibli harakatni tashkil qilib berishdir”, dedi Zoirjon Saidaliev.

O‘zbekistonda tomog‘ining tagidan ro‘mol o‘ragan ayollarni tekshirish, ulardan ro‘molni orqadan bog‘lashni talab qilish kampaniyasi bir necha yildan buyon davom etmoqda.

O‘tgan yil dekabr oyida toshkentlik 43 yashar Muslima ko‘cha-ko‘y, jamoat transportida ko‘p to‘xtatilayotgan ro‘molli ayollarga 700 ming so‘m jarima va 2 yilgacha qamoq jazosi bilan tahdid qilishayotganini Ozodlikka aytgan edi.

Ozodlik ro‘molli ayollar bilan ishlayotgan va ulardan ro‘molni "o‘zbekona milliy uslubda orqadan o‘rash"ni talab qilayotgan mahalla faollari bilan suhbatlashgan, ular bu vaziyatni hokimiyat va IIV talabi ostida qilayotganini aytgan edi.

2015 yilning sentyabr oyida Toshkentdagi 2-tug‘ruqxona xodimalaridan ishga ro‘mol o‘ramasdan kelish talab qilingan va bu talabga bo‘ysunmagan xodimlar ishdan bo‘shatilgan edi.

XS
SM
MD
LG