Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:43

Zobulda tor-mor bo‘lgan O‘IHning omon qolgan matbuot kotibi Telegramga chiqdi


Uch oy muqaddam Afg‘onistonning Zobul viloyatidagi janglarda tor-mor qilingan sobiq O‘zbekiston islomiy harakati matbuot kotibi Nusratulloh Mujohid rahbari Usmon G‘oziyning asir tushgani, 120dan ortiq safdoshining o‘ldirilgani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot tarqatdi. Tarmoqlar orqali bog‘langan Ozodlikka javoban Nusratulloh G‘oziyning o‘ldirilgani haqida fotoxabarga ham munosabat bildirdi.

Nusratulloh Xurosoniy-Mujohid​

19 yanvar kuni Youtube tarmog‘iga yuklangan videoda yarim yil muqaddam "Islomiy davlat"ga bay’at bergan sobiq O‘zbekiston islomiy harakati matbuot kotibi Nusratulloh Mujohid nomidan audiobayonot e’lon qilindi.

Bunga qadar Telegram tarmog‘idagi ayrim guruhlarda ham "Nusratulloh Xurosoniy" nomi ostidagi foydalanuvchi o‘zining Nusratulloh Mujohid ekanini aytib, Zobul janglaridagi o‘zbek jangarilari taqdiri haqida xabarlar qoldira boshladi.

So‘nggi bor jangari guruh matbuot kotibiga oid audiomurojaat o‘tgan yilning 14 noyabrida Facebook tarmog‘iga yuklangan va unda Nusratulloh Mujohid o‘zbek jangarilari Zobulning Arg‘andop tumanida Toliblar qamalida qolganini aytgan edi.

Murojaatda u safdoshlari bilan "1 kilometrlik hudud ichida mukammal qurshovda qolgani, ko‘plab opa-singillar, bolalar shahid ketgani, ko‘plab mas’ul birordarlar asir olingani"ni aytib vidolashgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali bog‘langan Ozodlik muxbiri bilan qisqa muloqot qilgan Nusratulloh Xurosoniy-Mujohid o‘zining sobiq O‘IH - so‘ng bor "Islomiy davlat"ning Xurosondagi lashkarlari sifatida toliblarga qarshi jang qilgan sobiq O‘IHning matbuot kotibi ekanini da’vo qildi.

"Zobulda oq va qora bayroqlilar jangi bo‘ldi"

Zobul janglaridan 3 oy o‘tib, ijtimoiy tarmoqlar orqali aloqaga chiqqan Nusratulloh Mujohid 6-9 noyabr kuni bo‘lgan janglarni "Toliblar va ID (Islomiy davlat) o‘rtasidagi jang" deb ta’rifladi.

Ayni paytda, toliblar qo‘lida asir va qiynoqlardan so‘ng xasta ekanini aytgan jangari Ozodlik savollariga yozma tarzda javob berdi:

"Bu oq bayroq bilan qora bayroq jangi bolgan. Esizda bulsa biz shialarni kup ogirlaganmiz. Shularni ozod qilish uchun G'azniy shialar kattasidan Zobul viloyati qomondoni A. 500 ming dollar pul olgan va qoshimcha shialarda kuch toplab ustimizga jami 8000 atrofida qoshin keldi. Tolibon va ID jangi bolgan", deb yozdi ijtimoiy tarmoqlar orqali Ozodlik savollariga javob bergan Nusratulloh Xurosoniy-Mujohid.

"Usmon G‘oziy ayollar o‘rniga o‘zini topshirdi"

Zobul janglaridan so‘ng toliblar bir necha bayonot tarqatgan va bu jangda o‘z ichidan chiqqan "isyonchilar" jazolangani, xususan, IDga bay’at berib, toliblarga qarshi chiqqan sobiq O‘IH rahbari o‘lik holda topilganini ma’lum qilgan edi.

Nusratulloh Mujohid yetakchisi Usmon G‘oziy o‘z jamoatidagi asir ayollarga tegmaslik sharti bilan "o‘zini topshirgan", deb yozdi.

"Ustimizga jami 8000 tolibon keldi. Bizga qarshi jang qilib yiglab ketgani ham buldi mazza qilgani ham buldi. Usmon Goziy nomalum. Asir olingan ayollarga tegmaslik va ularni ozod qilish evaziga Usmon aka uzini topshitgan Yani tirik olib ketishgan Vallohi boshqa narsa bilmayman", deb yozdi sobiq O‘IHning vakili.

Zobul janglaridan 3 oy o‘tib ijtimoiy tarmoqlarga kirganini aytgan Nusratulloh Mujohid toliblar tomonidan o‘tgan yili 10 dekar kuni Usmon G‘oziyning jasadi topilgani haqida tarqatilgan fotoxabarni endigina ko‘rganini aytdi.

Suratdagi odamni Usmon G‘oziyga "o‘xsharkan", deb ta’riflagan Mujohid bu xabarni aniq tasdiqlay olmasligini aytdi.

"Zobuldagi o‘zbeklardan 120 nafari o‘ldirildi"

Suhbatdosh toliblar asirlarga nisbatan o‘ta shavfqatsiz munosabatda bo‘lganini iddao qildi:

"2 odamni jazolash kerak bo'lsa kochada o'ynab yurgan yosh go'daklarni nima uchun otdi. Ayollar markazini nima uchun raketalar otdi. Kim nima desa desin haqiqat boshqacha bo'lgan. Biz bayatimizni va Xilofatimizni himoya qilib fidoiy jang qildik. Bergan shahidlarimizga afsus qilmaymiz. Bu qora bayroq ostida jamoat qomondoni Abdulmalik aka, muftiy shayh Muhammad ali, ustoz Yahyo Hikmatiy va yana bir qancha yaqinlarimiz shahid qilindi", deb yozdi ijtimoiy tarmoqlar orqali Ozodlik savollariga javob bergan Nusratulloh Xurosoniy-Mujohid​.

Uning iddaosicha, 6-8 noyabr kuni janglarda sobiq O‘IH jangari guruhi safidagi o‘zbeklardan - xotin-qiz va bolalar bilan birga - jami 120-25 kishi o‘ldirilgan. Bular orasida harakatning "targ‘ibot bo‘limidan videochi, nashidachi yigitlar shahid bo‘ldi", deb yozdi.

Bu jangari Ozodlikning sobiq O‘IHning bugungi adadi, taqdiri haqidagi savollariga hozircha javob bergani yo‘q. (Ozodlikda bu shaxsning aynan Nusratulloh Mujohid ekanini tasdiqlovchi konkret ma’lumotlar yo‘q. Ammo bu shaxsning ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalari va u keltirgan eksklyuziv ma’lumotlar u sobiq O‘IH a’zosi, degan ehtimolni quvvatlamoqda)

Sobiq O‘IH - IDning Xurosondagi lashkari yakuni

Toliblarga oid Internet tarmoqlarida sobiq O‘zbekiston Islomiy harakati lideri Usmon G‘oziyning o‘lgani va uning yetakchiligidagi guruh tor-mor qilingani haqidagi bayonotlar o‘tgan yilning noyabr va dekabr oylarida tarqatilgan.

Afg‘oniston rasmiylari bu iddaolarni to‘liq tasdiqlamagan, ammo Zobul janglarida o‘zbeklarning Usmon G‘oziy etakchiligidagi katta guruhi "Islmoiy davlat"ga bay’at bergan isyonchi qo‘mondonlar yonida toliblar amiri mulla Axtar Mansurga qarshi jang qilganini tasdiqlagan.

Toliblar matbuot kotibi Zabiulloh Mujohid isyonchi qo‘mondon mulla Mansur Dodulloh yetakchiligidagi jangarilar o‘z nazorati ostidagi hududlarda mahalliy aholini tunagani, shuningdek, o‘zbek jangarilari mahalliy hazoralarni o‘g‘irlab, boshini olganini iddao qilgan.

Shuningdek, isyonchilarni "Islomiy davlat"ga bay’atidan voz kechishga uzoq targ‘ib qilgani, ammo qaytmagach, ularga qarshi jang qilganini tasdiqlagan. Ammo Tolibon rahbariyati ularni o‘ldirgani, xususan, yillar davomida marhum mulla Umarga sodiq qolgan sobiq O‘IH rahbari Usmon G‘oziyni qatl qilganiga oid da’volani tasdiqlamay kelmoqda. Toliblar so‘nggi bayonotida Usmon G‘oziyning jasadi Zobuldan topildi, deb da’vo qilgan.

Ayni paytda IDga bay’at bermagan, taxminan, 50-60 atrofidagi o‘zbek jangarisining oilasi bilan Foryob viloyatining Qaysor, Almor va Davlatobod tumanlarida jon saqlayotgani haqida norasmiy ma’lumotlar bor.

XS
SM
MD
LG