Линклар

21 yanvar kuni dollar 85 rubldan oshdi, yevro narxi esa 93 rublga yaqinlashdi. Rossiya valyutasi arzonlashib borayotgan neft va mamlakatning iqtisodiy nochorligi jarayonida qadrsizlanib bormoqda. Shunga qaramay, Kreml “rublning qulashi to‘g‘risidagi gap-so‘zlarga erta”, demoqda.

Rossiya valyutasi yangi yil boshlanganidan buyon tezlik bilan qulashda davom etmoqda: 21 yanvar kuni bir AQSh dollari narxi 86 dan oshdi va pastga sho‘ng‘ish soat sayin davom etmoqda.

Bu qulash jahon bozorida neft narxining tushib borayotgani jarayonida kuzatilmoqda: bugunga kelib neftning Urals markasi 28 dollardan pastga tushdi. Kuzatuvchilar neftning bu qadar arzonlashi 13 yil oldingi rekordni urganini ta’kidlamoqda.

Bank of America ekspertlari hisob-kitobiga ko‘ra, bir barrel neft narxining 25 dollarga tushish ehtimolida 2016 yilgi Rossiya byudjetining defitsitsiz bajarilishi uchun bir dollar 210 rublga baholanishi kerak.

Bank mutaxassislari Rossiya hukumati inqirozdan bir amallab chiqib olishi uchun milliy valyutani devalvatsiya qilishgacha, ya’ni xorij valyutalariga nisbatan sun’iy qadrsizlantirishgacha borishi mumkin demoqda. Bunday qadam iqtisodiy vaziyatni biroz mo‘’tadillashtirsa-da, Rossiyaning boshqa mamlakatlardan iqtisodiy izolyatsiyasini yuzaga keltirishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

FBK kompaniyasining Strategik tahlil instituti direktori iqtisodchi Igor Nikolaev Ozodlik bilan suhbatda rubl qulashining davom etishini taxmin qildi:

- Rublning uzoq muddatga qadrsizlanishi kayfiyati paydo bo‘ldi va bu muammo faqat neftning arzonlashishi bilan bog‘liq emas! To‘g‘ri, bu muhim omil, ammo yagona emas. Neft narxining tushishi to‘xtagan holatda ham (u bir kun emas – boshqa kun, menimcha, yaqin orada to‘xtaydi) rublning tepaga qarab emaklashishini kutmang. Neftdan tashqari Rossiya rublining qadriga mamlakat makroiqtisodiyoti jiddiy ta’sir o‘tkazadi. Qudratli va kuchayib borayotgan valyutaga ega davlatning iqtisodiyoti ham kuchlidir. Ya’ni, valyutaning mustahkamlanishiga iqtisodiy barqarorlik zarur. Rossiya makroiqtisodiyoti esa o‘ta kuchsiz. Sanksiyalar – rubl darajasiga ta’sir o‘tkazuvchi yana bir omil. AQSh Markaziy bankining dollarni kuchaytirishga qaratgan siyosati ham hisobga olish zarur, dedi tahlilchi.

Igor Nikolaev mavjud vaziyat ortidan Rossiya valyuta zahiralarining 2016 yilda tugatilishi mumkinligini taxmin qiladi. U Zahira jamg‘armasi va Milliy barqarorlik jamg‘armasidagi mablag‘lar evaziga Vladimir Putin hukumati keyingi saylovlargacha bir amallab etib olishi mumkinligiga ham ishora qildi.

Hozirga kelib Rossiya hukumatining byudjet taqchilligi bois harbiy va ijtimoiy sohalardan tashqari barcha sohalarga pul ajratishni keskin qisqartirgani ma’lum bo‘ldi.

Igor Nikolaev mazkur vaziyat kutilgan bo‘lsa-da, uni “qulash” emas, keskin “keskin tushish” deb atash mumkin, deydi:

- Odamlar ham inqiroz tezda tugamasligini anglab yetdi. Ularda inqirozga nisbatan qandaydir ko‘nikish hosil bo‘ldi, iqtisodiyot qulab tushmasa-da, keskin pasayishi aniq. Bu mening taxminim, deydi iqtisodiy tahlilchi Igor Nikolaev.

Rossiya Banki ma’lumoticha, 2014 yilda mamlakatdan 153 milliard, 2015 yilda esa qariyb 57 milliard dollar miqdorida kapital “chiqib ketgan”.

Ayni vaqtda, Kreml rubl kursinining “qulab tushishi” haqida gapirish ertaligini bildirmoqda.

Rossiya Banki rubl kursidagi harakatlarni diqqat bilan kuzatmoqda va tahlil etmoqda, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar oldida payshanba kuni qilgan chiqishida.

- Shu bois men bu vaziyatda “qulash” so‘zini ishlatmagan bo‘lardim. Kurs darhaqiqat o‘zgarmoqda, beqaror. Ammo bu qulashdan juda uzoq va yuzaga kelgan vaziyatda men Markaziy Bank qulash ortidan yuzaga keluvchi o‘zgarishlarni boshqara olmasligiga ham ishonmayman, dedi prezident Putinning rasmiy vakili Dmitriy Peskov.

Payshanba kuni rus valyutasining yarim soatda 3 rublga arzonlashishi natijasida ko‘plab valyuta almashtirish shoxobchalarida dollar va yevro etishmasligi kuzatildi.

Rublning arzonlashishi Rossiya iqtisodiyoti bilan bog‘liq bo‘lgan Markaziy Osiyo valyutalari, xususan O‘zbekiston so‘mining ham pastlashishiga sabab bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG