Линклар

Ramzan Qodirov haddidan oshayotgani yo‘q. Ramzan Qodirov tizim mafkurasiga zid gaplarni aytayotgani yo‘q. Ramzan Qodirov inqirozga yuz tutgani yo‘q.

Yo‘q, Checheniston boshlig‘i o‘z rolini binoyidek ijro etmoqda.

Qodirov Vladimir Putinning dushmanlarini “xalq dushmani” deb atadi, uning xo‘jako‘rsinga ishlaydigan parlamenti spikeri “Exo Moskvi” va “Dojd” telekanali kabi liberal nashrlarni “sotqin” va “beshinchi kolonna” deb atadi. Bu yetmagandek, kremlparast “Izvestiya” gazetasida Qodirovning Rossiya muxolifatini “chiyabo‘rilar” deb atab, ularni Chechenistondagi ruhiy kasallar shifoxonasiga joylashtirishga chaqirib yozgan maqolasi chop etildi.

“Ukollarni qoldirmaslikni so‘z beraman. Bitta ukol yozib berilgan bo‘lsa, dozani ikki barobarga ko‘paytiramiz”, deb yozdi Qodirov.

Bunday maqolalar “Izvestiya”da bekorga nashr qilinmaydi.

Ko‘p ma’noda Qodirov Putin tizimining asl basharasidir. Qodirov timsolida Putin tizimining asosiy instinktlarini, uning agressiyasini, chuqur, qora niyatlarini ko‘rishimiz mumkin.

Qodirov ko‘pincha oldindan xabar beruvchi rolini o‘ynaydi.

Bunga kimda shubha tug‘ilsa, Qodirov 2014 yilning 28 dekabrida Grozniydagi futbol stadionida 20 000 qurolli va harbiy formadagi ko‘ngillilar bilan o‘tkazgan paradni eslasin.

O‘sha paradda Qodirov Putinni ham ichki, ham tashqi raqiblardan himoya qilishga ont ichdi.

Muxolifatchi siyosatchi Boris Nemsov Facebookda bu nima anglatishi haqida dohiylik bilan sharh qoldirgan edi.

“Qodirovning 20 000 askari Grozniyda stadionda to‘planayotgan bir paytda Putin nima kutayotganini bilmayman. Qodirov o‘z jangchilari tizimni himoya qilishini va Kremlning har qanday buyrug‘ini bajarishini aytdi. Men bunga ishonaman”, deb yozgan edi Nemsov.

“Qodirovning 20 000 askari qaerga boradi? Ulardan nima talab qilinadi? Biz o‘zimizni qanday tutishimiz kerak? Ular Moskvaga qachon keladi?”

Ikki oydan keyin 2015 yil 27 fevralda Nemsovga nima bo‘lganini hammamiz bilamiz: uni Kreml devorlari yaqinida o‘ldirib ketishdi.

Tabiiyki, asosiy gumonlanuvchi sifatida Qodirov boshqaruvidagi “Sever” batalyoni a’zolari ko‘rildi.

Qodirov Nemtsov qotilligining bir yilligi yaqinlashib kelayotgan paytda o‘zini ko‘rsatayotganini hamma tushunib turibdi.

Qodirov 2014 yilgi paradda aytgan so‘zlari “Izvestiya”da mazkur haftada chop etilgan maqolada takrorlanadi.

“Biz butun dunyoga Vladimir Putinning jangchi piyodalari ekanligimizni aytamiz. Agar bizga buyruq berilsa, buni isbotlaymiz”, degan edi Qodirov Grozniyda.

“Izvestiya”da chop etilgan maqolada esa Qodirov “Vatanparvar sifatida, Vladimir Putinning jangchi piyodalari sifatida, mamlakatimning qotil va sotqinlari bilan hazillashmayman”, deb yozdi.

Qodirov hech kim ismini tilga olmadi. Ammo uning hamkori, Checheniston parlamenti spikeri Magomed Daudov Qodirovning maqolasi “Izvestiya”da chop etilishidan avval Istagramda muayyan ismlarni tilga oldi.

Daudov Qiynoqlar oldini olish markazi boshlig‘i Igor Kalyapinni, “Exo Moskvi” radiosining bosh muharriri o‘rinbosari Aleksey Veneditkovni, inson huquqlari faoli Lev Ponomaryovni hamda muxolifatchi faol Ilya Yashinni tilga oldi.

Nima demoqchi ekanligini yaxshi tushunishlari uchun, Daudov o‘z sharhiga jilovidan chiqib ketishga intilayotgan dahshatli it suratini tirkadi.

Muxolifatchi jurnalist Oleg Kashin “Slon”da chop etilgan maqolasida “Kim bu sharhlarni qoldiradi? Nima uchun bular yoziladi? Bu Checheniston yetakchilari tashabbusimi yoki Moskva topshirig‘imi? Bundan keyin nima bo‘ladi? Birortani o‘ldirishadimi?” deb yozdi. Kashin o‘zi ham 2010 yilning noyabrida vahshiy hujum qurboni bo‘lgan edi.

Neft narxlari tinmay pastlab borar, rubl rekord darajada sho‘ng‘ir, Rossiya tanazzuli chuqurlashar ekan, tizim fuqarolarning bosh ko‘tarishidan va ularning yetakchiligiga tahdid soladigan kuchlar haqida xavotir olayotgani aniq.

Aftidan, muxolifat yuragida qo‘rqinch hissini uyg‘otish uchun Putin va uning hamtovoqlari o‘zlarining asl basharalarini ochmoqdalar.

Kremlning Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi Nikolay Svanidze “RBK” bilan suhbatda Qodirov Putinning “Har bir dushmanni topib, qo‘lga oluvchi oprichninasining pretorian himoyachisi” ekanligini isbotlash niyatida ekanligini aytdi.

Svanidze Qodirov muxolifatni qo‘rqitayotgani Putinga ma’qul kelayotganini va uni jilovlash uchun prezidentda “na istak, na imkon” borligini qo‘shimcha qildi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Qodirovdan yana nimalarni kutish mumkin?

Ozod Evropa-Ozodlik radiosi muxbiri Brayan Uitmor maqolasini ingliz tilidan Nodir Ataev tarjima qildi.

XS
SM
MD
LG