Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:44

O‘g‘ri rejissyor, o‘ldirilgan sudxo‘r va yo‘l harakati bo‘yicha yangi taqiqlar


Buxorolik fuqaro chala bitgan namunali uyni olishga majburlanmoqda. Qashqadaryolik sudxo‘r ayol o‘ldirildi. Yo‘ldan o‘tayotgan piyodaning telefondan foydalanishi taqiqlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Qarzdorga shallaqilik qilgan sudxo‘r ayol o‘ldirildi”

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Uzunnavo qishlog‘ida yashagan sudxo‘r ayol Shohista Ismoilova o‘ldirib ketildi (“Darakchi”, 21 yanvar).

Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, sudxo‘r ayol qarshilik Islom Hamidovga 100 dollar ustama foiz sharti bilan o‘n kunga 3 million so‘m qarz bergan. Qarzdor pulni olib kelganda sudxo‘r ayol “Vaqtida pulni olib kelmading, bir million so‘m qo‘shib berasan, bo‘lmasa, boshingga xotinlarning ichki kiyimini kiydiraman” deya “shallaqilik” qilgan.

Bu dashnomni yigitlik sha’niga to‘g‘ri kelmaydi deb hisoblagan I.Hamidov sudxo‘r ayol va uning o‘g‘lini o‘ldirgan.

“Marhuma Sh.Ismoilovaning fojiali o‘lim topishi boisi uning sudxo‘rlikni kasbga, o‘z uyini norasmiy bankka aylantirib olganidir. Tergov davrida temir sandig‘idan o‘nlab fuqarolarning pasportlari, ishonchnomalar, tilxatlar, yana qanchadan-qancha ayollarning tilla taqinchoqlari topildi”, deb yozadi gazeta.

“Buxorolik fuqaro chala bitgan namunali uyni olishga majburlanmoqda”

Buxoro viloyati Kogon shahrida yashovchi Zaynab Muqumjonova shu nomli tumanning “Yangi hayot” qishlog‘idagi chala qurilgan namunali uyni olishga majburlanmoqda (“Hurriyat”, 20 yanvar).

Fuqaro 2010 yilda qishloqda qurilayotgan kottejlardan biri uchun boshlang‘ich badalni hamda shartnomada ko‘rsatilgan summaning ikki qismini to‘lagan. Pirovardida qurilishga taalluqli rasmiy tashkilotlar Z.Muqumjonovadan chala-chulpa tiklangan uyni kamchiliklardan ko‘z yumib qabul qilishni talab qilgan. Ish mahkamagacha borib, fuqaroning da’vosini Kogon tumani (2011), Buxoro viloyati (2012), Buxoro shahri (2013), Kogon shahri (2014) sudlari ko‘rib chiqqan.

Ammo hamon ishning oxiri ko‘rinmayapti. Da’vogar ayol 36 ta nuqtada kamchiligi bor chala uy uchun qolgan pulni to‘lashdan bosh tortmoqda. Qurilishni boshlagan rahbar sudlanib ishdan ketgan. Bugungi kundagi javobgar tashkilot esa mablag‘ning qolgan qismi to‘lanmasa, qurilish davom etmasligini bildirgan.

“Yo‘ldan o‘tayotgan piyodaning kitob o‘qishi, telefondan foydalanishi taqiqlandi”

Yo‘lda ketayotgan hamda ko‘chani kesib o‘tayotgan piyodaning xayolni chalg‘ituvchi narsalardan jumladan, telefon, planshetlardan foydalanishi, video ko‘rishi, gazeta, jurnal hamda kitob o‘qishi man etildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi rahbari Xolmatjon Saydalievning bir qator matbuot nashrlariga ma’lum qilishicha, mazkur tartib 2016 yil 1 martdan kuchga kiradi.

Yangi tahrirdagi yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, bundan buyon yo‘lovchi olib ketayotgan avtobus, mikroavtobus, shuningdek, mototsikl hamda moped haydovchilari kunduzi ham yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurishi shart. Shu bilan birga, haydovchilarga tungi vaqtlarda nur qaytaruvchi maxsus nimcha kiyib olish majburiyati yuklatildi.

“Viloyatlik ota-onalar farzandini Toshkentdagi bolalar bog‘chasiga bera olmaydi”

Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi fuqaro I.Karimsakov nevarasini Toshkent shahridagi bolalar bog‘chasiga bera olmadi. Bog‘cha ma’muriyati o‘z hududingizdagi bog‘chaga murojaat qiling deya uning so‘rovini rad etgan (“Adolat ko‘zgusi”, 21 yanvar).

Gazeta izohiga ko‘ra, qonunchilikka muvofiq bolalar bog‘chaga doimiy yashash hududi bo‘yicha qabul qilinadi. Bog‘cha yo‘llanmasi olish uchun ota-onalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘cha ma’muriyatiga emas, hududiy qabul komissiyasiga murojaat qilishi lozim.

Yo‘llanma uchun hujjatlar 7 kun ichida ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinishi kerak. Agar tanlangan bog‘chada bo‘sh o‘rin bo‘lmasa, topshirilgan hujjatlar yo‘llanma uchun navbatga qo‘yiladi.

“Xorijdan film o‘g‘irlagan o‘zbek rejissyorlarining siri fosh bo‘ldi”

O‘zbekistonda 2013 yilda suratga olingan “Xiyonat girdobi” filmi syujeti Buyuk Britaniya hamda AQSh kinochilari suratga olgan “Xiyonat bahosi” (Derailed, 2005) filmidan aynan o‘g‘irlangan.

“Darakchi” nashri xabariga ko‘ra, bundan tashqari, rejissyor Said Muxtorovning “Rashk”, xonanda Jahongir Poziljonovning “Qizalog‘im”, rejissyor Javlon Shodmonovning “Uring, jonim, uring” filmlari ham o‘g‘irlik mahsuli sanaladi.

Shou biznes nashrida kinodagi plagiatorlik munosabati bilan “O‘g‘ri bo‘l, qaroqchi bo‘l, insof bilan bo‘l!” naqli yodga olingan.

“Ayollar va bolalar ham odam savdosi qurboni bo‘lmoqda”

Chet ellarga pullab yuborilayotgan odam savdosi qurbonlari orasida ayollar va bolalar ham uchramoqda (“Toshkent oqshomi”, 20 yanvar).

Bu haqda O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalalari agentligi bo‘lim boshlig‘i Samar Mamashokirov ma’lum qiladi.

Dunyo bo‘yicha har yili 2,7 million inson odam savdosi qurboni bo‘lmoqda. 600-800 ming nafar ayollar va bolalar aldov yo‘li bilan xorijga sotib yuborilmoqda.

Agentlik vakili o‘zbekistonliklarni pul topish yo‘lida har qanday razil yo‘ldan qaytmaydigan odamfurushlardan ehtiyot bo‘lishga da’vat etadi.

“To‘yda gul otish odatini ko‘rib, yer yorilsayu, erga kirib ketsang...”

To‘y-hashamlarda urf kirgan kelinning guldasta otishi tanqid qilindi.

“Emishki, gulni ilib olgan qiz tez orada turmushga chiqarkan. Endi o‘ylab ko‘ring, qaysi iboli o‘zbek qizi 300-400 kishi ko‘z o‘ngida “tezroq erga tegish chorasini ko‘rib olay” qabilida gulga yopishadi?! Yopishar ekan, bir emas, o‘nlab qizlar qiy-chuv qilib, kelinbola uzatayotgan “estafeta”ni tutib olishga kirishsa deng. Yer yorilsayu, yerga kirib ketsang bu manzarani ko‘rib!” deb yozadi “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh mutaxassisi Dilfuza Turdiboeva “Hurriyat” gazetasidagi maqolasida.

Muallifga ko‘ra, xalq nazaridagi yosh xonanda va aktyorlar bu kabi odatlarni o‘z to‘ylarida o‘tkazib, uning keng ommalashishiga hissa qo‘shmoqda.

XS
SM
MD
LG