Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:37

Putin Yevropa yahudiylariga Rossiyada yashashni taklif qildi


Rossiya prezidenti Vladimir Putinda uning nazarida keskin tazyiqlarga uchrayotgan yevropalik yahudiylar uchun kutilmagan taklif bor: ular Rossiyaga ko‘chib kelishlari mumkin. Yevropa yahudiylari kongressi (YeYaK) delegatsiyasi bilan 19 yanvar kuni uchrashgan Rossiya prezidenti “Ular bizga kelishsin. Sovet Ittifoqini tark etishgan. Qaytib kelishlari mumkin”, dedi.

Prezident Yevropadagi yahudiylar “o‘z millatlarini yashirishga harakat qilyapti” va ayrimlar “jamoat joylarida yermolka kiyishdan qo‘rqadi”, deya so‘zini davom ettirdi.

Putin bu bilan YeYaKning Rossiyada tug‘ilib o‘sgan yetakchisi Vyacheslav Moshe Kontorning tashvishlarini nazarda tutdi. Kontor Yevropada antisemitizm Ikkinchi jahon urushi davridagi darajaga yetgani va yahudiylar “qachonlardir ravnaqli bo‘lgan Yevropani tark etayotgani” haqida ogohlantirgan edi.

Keyingi yillarda qator Yevropa davlatlarida, xususan, Fransiyada yahudiylar bir necha marta yirik hujum qurboni bo‘ldi. Jumladan, 2015 yilning yanvarida Charlie Hebdo satirik jurnaliga qilingan hujumdan ikki kun o‘tib Parijdagi yahudiy do‘koniga hujum qilingan, bir necha odam asir olingan edi.

Kremlparast RT telekanali Putinni “Yevropada o‘sib borayotgan antisemitik hujumlar ko‘payayotgan bir paytda” yevropalik yahudiylarga “boshpana” taklif qilgani uchun olqishladi. Ammo Rossiya millatchilikka qarshi yetarlicha kurashmasligi hech kimga sir emas. Shu sabab Putinning bu taklifiga ishonchsizlik bilan qaralmoqda.

Rossiyaning Xitoy bilan chegarasiga yaqin hududida joylashgan Yahudiy avtonom okrugi rasmiylari darrov Putinning taklifini qo‘lladi. Gubernator Aleksandr Levintal Yevropani tark etayotgan yahudiylarni Rossiyaga taklif etdi.

Kamdan-kam yevropalik yahudiy Yahudiy avtonom okrugi u yoqda tursin, Rossiyaga ko‘chib o‘tishni istaydi, desak xato bo‘lmaydi. Sovet Ittifoqi respublikalarida tug‘ilib o‘sgan yahudiylarning aksari 80 yillar oxiri, 90 yillar boshida Yevropaga borgan va allaqachon yangi vatanlariga assimilyatsiya bo‘lishgan.

Hozir Parijda istiqomat qiluvchi moskvalik Diana: “Balki, Vladimir Putinning niyati xolisdir, lekin shaxsan meni bu umuman qiziqtirmaydi, - deydi. -Fransiyada 20 yildan ortiq vaqtdan beri yashayman. Menga Fransiyada juda yoqadi, o‘zimni Fransiya fuqarosidek his qilaman”.

Fransiyada keyingi yillarda yahudiylarga qarshi qilingan hujumlarga qaramasdan, moliyachilik bilan shug‘ullanuvchi Diana chek-chegarasiz antisemitizm haqidagi xabarlar ko‘pirtirilganini aytadi:

“Fransiyada menda hech qachon qo‘rquv hissi uyg‘onmagan, antisemitizm qurboni bo‘lmaganman. Fransiyani tark etish niyatim yo‘q. Bu yer Isroil, Rossiya yoki boshqa biror joydan ko‘ra xavfliroq emas”.

Putinning taklifi Internetda qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ko‘pchilik Internet faollari keyingi yillarda Yevropa yahudiylari chindan bir necha hujum qurboni bo‘lgan bo‘lsa-da, antisemitizm Rossiyada ham kuchayayotganini aytishmoqda.

Twitter Foydalanuvchisi Dave Dalton: “Janob Putin Yevropada o‘zini xavf ostida his qilayotgan yahudiylarga uning o‘rniga Rossiyaga borib, qo‘rquv ichida yashashni taklif qildi”, deb yozdi.

https://twitter.com/DaveDalton42/status/689760308697571328?ref_src=twsrc^tfw

Yana bir foydalanuvchi Steve Rosenberg: “Putin Yevropdagi yahudiylarni antisemitizmdan qochish uchun Rossiyaga chaqirdi. “Ular SSSRni tark etishgan, endi qaytib kelishsin””, deya tvit yozdi. Bunga javoban tvitterchi Ricky_P123 zaharxandalik bilan: “Eh, Rossiya, yahudiylar har doim teng huquqqa ega bo‘lgan, tahqirlanmagan yurt”, deya javob qaytardi.

https://twitter.com/Ricky_P123/status/689527147690594304?ref_src=twsrc^tfw

Yana bir foydalanuvchi mazkur oyda Rossiya matbuotida xabar qilingan millatchilar xujumini nazarda tutib, kinoya bilan: “Millatchilar Yangi Moskvada poezd yo‘lovchisiga to‘qmoqlar bilan hujum qilishdi. Yahudiylar, keling biz tomonlarga!”, deb yozdi.

https://twitter.com/nesvetit/status/689649332266627072?ref_src=twsrc^tfw

Isroil rasmiylariga ko‘ra, 2014 yilda 5 000 ga yaqin yahudiy Rossiyani tark etib, Isroilga ko‘chib borgan. Bu oxirgi 16 yil ichida kuzatilgan ko‘rsatkichlardan kamida ikki barobarga ko‘pdir.

Ozod Yevropa-Ozodlik radiosi muxbiri Kler Bigg maqolasini ingliz tilidan Nodir Ataev tarjima qildi.

XS
SM
MD
LG