Линклар

Imomali Rahmonga istaganicha prezident bo‘lish huquqi berilishi mumkin


Тожикистон президенти Имомали Раҳмон.

Тожикистон президенти Имомали Раҳмон.

Tojikiston parlamentining quyi palatasi 22 yanvar kuni mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlarni qabul qildi.

Tojik deputatlari tomonidan qabul qilingan tuzatishlar o‘tgan yil dekabrida Millat peshvosi maqomi berilgan Imomali Rahmonga cheksiz marta davlat rahbari lavozimiga saylanish imkonini beradi, deya xabar qiladiAsia Plus agentligi deputat Mahmadali Vatanzoda so‘zlariga iqtibosan.

Amaldagi konstitutsiyaga muvofiq, Tojikistonda bir shaxs ikki martadan ko‘p prezidentlikka saylana olmaydi.

Parlament tomonidan qabul qilingan yangi tuzatishlar xulosa berish uchun Tojikiston Konstitutsiyaviy sudiga yuboriladi. Sud o‘z xulosasini berganidan keyin konstitutsiyaga tuzatish kiritish uchun o‘tkazilajak umumxalq referendumining aniq sanasi e’lon qilinadi.

Tojikiston qonunchiligiga ko‘ra, mamlakat konstitutsiyasiga tuzatishlar umumxalq referendumi o‘tkazish orqali qabul qilinishi mumkin.

Juma kuni qabul qilingan tuzatishlarga muvofiq, endilikda Tojikiston prezidenti lavozimiga 30 yoshga kirgan nomzod ham da’vogarlik qilishi mumkin. Avval Tojikistonda 35 yoshga kirmagan nomzod prezidentlikka da’vogarlik qilolmasdi.

Konstitutsiyaga kiritilmish o‘zgartishlar referendumda yoqlangan taqdirda Imomali Rahmonning katta o‘g‘li Rustam Imomali ham 4 yil keyin o‘tkazilajak prezident saylovida davlat rahbari lavozimiga nomzodini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi. Keyingi prezident saylovi bo‘lib o‘tadigan 2020 yilda Rustam Imomali 33 yoshga kirgan bo‘ladi.

22 yanvar kuni kiritilgan tuzatishlarda mamlakat konstitutsiyasiga nisbatan “Asosiy qonun” ta’rifini ham olib tashlash rejalangan.

Rossiyaning yaqin ittifoqdoshi bo‘lmish 62 yoshli prezident Imomali Rahmon Tojikistonni 1994 yildan beri boshqarib keladi. Amaldagi prezidentning mansab pillapoyalari bo‘ylab ko‘tarilishi uning 1988 yilda Dang‘ara tumanidagi Lenin nomli sovxoz direktorligiga saylanganidan so‘ng boshlangani aytiladi.

Tojikistonni 23 yildan buyon boshqarib kelayotgan Imomali Rahmonni “uzurpator”, ya’ni hokimiyatni noqonuniy ravishda o‘zlashtirib olgan shaxs deb atagan tojik muxolifatchilariunga o‘tgan yil dekabrida “Millat peshvosi” maqomi berilishini ham keskin tanqid qilib chiqqandilar.

“Millat peshvosi” maqomi Imomali Rahmonga, hatto kelajakda prezidentlikka saylanmagan taqdirda ham, xalqqa murojaat bilan chiqish va bo‘lajak prezident qarorlarini nazorat qilish huquqini beradi.

XS
SM
MD
LG