Линклар

logo-print

Saudiya Arabistoni Oliy muftiysi Shayx Abdulaziz ash-Shayx shaxmat o‘ynini “harom”, deya e’lon qildi. Saudiya bosh muftiysi chiqargan fatvoda, shaxmat vaqt va pulning behoda sarflanishiga sabab bo‘lishi va raqiblar o‘rtasida adovat tug‘dirishi aytiladi.

Saudiya televideniesi tok-shousida qatnashgan muftiy shaxmat to‘g‘risidagi savolga javob berayotib, shaxmatni alkogol va qimor kabi “shaytonning ig‘vosi”ga tenglashtirdi.

Shaxmat Yaqin Sharqda uzoq tarixga ega va Arab mamlakatlarida ko‘pchilik sevib o‘ynaydigan o‘yindir.

Shayx Abdulaziz ash-Shayxning fatvosiga javoban Saudiya Arabistoni Shaxmat Uyushmasi vakili Musa Bin Tayli o‘z Twitter sahifasi orqali shaxmatnining qimorga aloqasi yo‘qligi va uyushma Saudiya qirolligida 70ga yaqin musobaqa o‘tkazganini bildirdi.

Bosh muftiy fatvosiga qaramasdan Saudiyada shaxmat qonundan tashqari, deb e’lon qilinishi ehtimoldan yiroq demoqda kuzatuvchilar.

1979 yilda ham Eronda Islomiy inqilob ortidan shaxmat o‘yini harom, deya e’lon qilinib, taqiqlangan edi. Lekin 1988 yilda o‘sha paytdagi Eron Oliy ruhoniysi Oyatulloh Ruhulloh Xumayniy taqiqni olib tashlab, o‘yinga pul tikilmagan taqdirda shaxmat o‘ynash mumkin, deya fatvo bergan.

Bundan tashqari, 1996 yilda Afg‘onistonda hokimiyatga kelgan Tolibon harakati ham shaxmatni taqiqlab qo‘ygan edi.

XS
SM
MD
LG