Линклар

O‘zbekistonda yoshlarning chet el grantlari asosida xorijiy davlatlarda ta’lim olishiga qarshi kampaniya olib borilmoqda. Homiysi O‘zbekiston hukumati bo‘lgan "Kamolot" yoshlar harakati “Chet el grantlari yoshlar uchun tuzoq” mavzusida o‘zbek talabalari orasida o‘tkazayotgan munozara tadbirlari shu kampaniyaning bir qismi o‘laroq ko‘rilmoqda.

Toshkent Davlat jahon tillari universiteti hovlisidagi ma’lumot taxtasiga osib qo‘yilgan e’londa “Chet el grantlari yoshlar uchun tuzoq” mavzusida munozara o‘tkazilayotgani, talabalar “Kamolot” shtabiga murojaat etib, unda qatnashishlari mumkinligi aytilgan.

Ozodlik munozara tashkilotchilaridan biri bilan bog‘lanib, undan munozara uchun nega bunday mavzu tanlangani haqada so‘radi:

Ozodlik: Chet el grantlari yoshlar uchun nega tuzoq bo‘lishi mumkin?

Kamolot faoli: Tuzoq, shu ma’nodaki, yoshlarimiz grantlarni olib, chet elga ketib qolishyapti, chet ellarda ish topib, o‘sha yerlarda qolib ketishyapti, vataniga qaytib kelishmayapti.

Ozodlik: Qaytib kelmayotganlar ko‘pmi?

Kamolot faoli: Ha, asosan o‘zlari chet el grantlarini olib ketayotganlarni ko‘pi qaytmayapti. Davlat yo‘nalishi bo‘yicha ketayotganlar qaytadi, chunki majburiyati bor, o‘qishni tugatganidan so‘ng qaytib kelib, vataniga xizmat qilib berishi kerak. O‘zboshimcha ketayotgani qaytmayapti.

Ozodlik: Chet elga o‘z bilimi bilan grant olib, o‘qishga ketayotgan bo‘lsa buning nimasi yomon?

Kamolot faoli: Biz buni yomon deyayotganimiz yo‘q. Muammo o‘qishga ketayotganlarning qaytib kelmayotgani, bilimli yoshlarimizning ketib qolayotgani. Shu bois munozaraga ushbu mavzuni tanladik. Fevralda bo‘ladi.

O‘zbekistonda 1990-yillar o‘rtalarida prezident homiyligida ta’sis etilgan “Umid” jamg‘armasi bo‘yicha yuzlab talabalar AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya kabi mamlakatlarga o‘qishga yuborildi.

Lekin, bu jamg‘arma orqali o‘qishga ketgan o‘zbekistonlik talabalarning ko‘pchiligi xorijda ish topib, qolib ketdi. Buning ortidan “Umid” jamg‘armasi ham yopildi.

Hozirda o‘zbekistonlik talabalar uchun chet davlatlarda bilim olishlariga yagona umid AQSh va Yevropaning bir qator davlatlari taklif etayotgan ta’lim grantlari bo‘lmoqda.

AQSh elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2014/15 o‘quv yilida AQShda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 6 foizga oshgan va 491 nafarni tashkil etgan.

Shuningek, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Chexiya kabi davlatlar elchixonalari taqdim etayotgan ta’lim dasturlari bo‘yicha ham o‘zbekistonlik talabalar G‘arbdagi bilim yurtlarida o‘qimoqda.

Shunday grant asosida Britaniyadagi oliygohlardan birida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik Nozim G‘arb universitetlarida magistraturani tugatgan va O‘zbekistonda o‘z kelajagi istiqbollarini ko‘rmagan ko‘plab talabalar vataniga qaytishni istamayotganini aytadi.

- Chet elga o‘qishga ketishning nimasi tuzoq ekan? Menimcha, O‘zbekistonga qaytganda ish topolmaslik aslida tuzoq. Qaytib borgandan keyin O‘zbekistonda bilimingizga loyiq ish bo‘lmasa, yetarli oylikni bermasa, qoladi-da. Biz o‘qiyotgan dastur bo‘yicha O‘zbekistonga qaytish majburiyatini olganmiz, to‘g‘ri. Lekin, o‘qishni tugatib O‘zbekistonga qaytganlar, bir necha yil u yerda yurib, ish topolmay yana o‘zlari o‘qigan davlatga qaytib kelganlar ko‘p,- deydi Nozim.

Ayni paytda O‘zbekiston oliygohlarida chet davlatlar grant dasturlari doirasida tahsil olishga tirishayotgan yoshlarga uyda tinchgina o‘tirish to‘g‘risida maslahat berilmoqda.

Xalqaro munosabatlar sohasida mutaxassislar yetishtiruvchi Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalarining esa chet mamlakatlarga chiqishi umuman cheklab qo‘yilgan.

O‘zboshimcha chetga chiqib kelmoqchi bo‘lgan talabalarga esa universitetdan haydalishi bilan tahdid qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG