Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:57

Xalqaro tashkilotlar Kremlni Qodirovning “tahdidlariga” tegishli munosabat bildirishga chaqirdi


Nufuzli xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumatini Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va uning atrofidagilar jurnalist va faollarga qilgan “tahdid” va “do‘q-po‘pisalar” xususida chora ko‘rishga chaqirdi.

Amnesty International va Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi Qodirov va boshqa chechen rasmiylarining yetakchi jurnalist va faollarni haqorat qiluvchi bayonotlar va ijtimoiy tarmoqlardagi sharhlari yuzasidan xavotir bildirdi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi direktori Joel Simon Putinga yuborgan ochiq xatida: “Izlanishlarimiz hukumat tanqidchilariga qarshi tahdidli ritorika ortidan zo‘ravonliklar sodir etilganini, muxbirlar o‘zini o‘zi senzura qilishga majbur bo‘lganini ko‘rsatadi”, deb yozdi. Simonning ochiq xati tashkilot vebsaytida 21 yanvar kuni e’lon qilindi.

Bir kun avval Amnesty International Rossiya rasmiylarini “Checheniston siyosiy yetakchilari”ning “bir necha taniqli inson huquqlari himoyachilari, matbuot vakillari hamda siyosiy faollarga nisbatan ochiq tahdidlariga tegishli munosabat bildirishga” chaqirgan edi.

“Bunday tahdidlarga jidday yondashish kerak”, deyilgan edi tashkilot bayonotida.

Qodirov va uning atrofidagi siyosatchilar keyingi o‘n kun ichida liberal siyosatchilar, faollar va jurnalistlarga ochiqchasiga tahdid qilib kelmoqda.

Hujumga uchraganlar orasida mustaqil fikrlaydigan “Exo Moskvi” radiosining bosh muharriri Aleksey Venediktov, taniqli inson huquqlari faoli Lev Ponomaryov hamda muxolifatchi faol Ilya Yashinlar bor.

Qodirov 2007 yilda Putin tarafidan Rossiyaning xavfsizlik jihatidan beqaror Shimoliy Kavkaz mintaqasidagi Checheniston respublikasiga rahbar etib tayinlanganidan beri bu hududda yakkahokimga aylangan.

15 yanvar kuni Qodirov Putinga qarshilarni “xalq dushmanlari” deb atab, ularni jazolashga chaqirdi. Oradan bir necha kun o‘tib ko‘p tirajli “Izvestiya” gazetasida chop etiglan maqolasida Qodirov Putin raqiblarini “chiyabo‘rilar” deb atadi va Rossiyani saqlab qolish uchun ularni jazolash kerakligini ta’kidladi.

Keyingi o‘n kun ichida Qodirovga yaqin Checheniston rasmiylari ijtimoiy tarmoqlarda turli video va suratlar bilan tahdidomuz chiqishlarni davom ettirishdi. Kremlь tanqidchilari bularni tahdid o‘laroq qabul oldi.

Bu videolar orasida Rossiya Davlat dumasiga Chechenistondan saylangan deputat, Qodirovning yaqin do‘sti Adam Delimxanov yuklagan video, ayniqsa, e’tiborlidir. Bu videoda Delimxanov va yana bir to‘da chechenning o‘tgan yili fevral oyida muxolifatchi Boris Nemsov otib ketilgan ko‘prikda turib “Qodirov – Rossiyaning ishongan tog‘i, Allohu akbar!”, deya xitob qilgani aks etgan.

Qodirov tanqidchilarining aksari Nemsov qotilligida uning qo‘li bor, deb hisoblaydi. Qodirovning o‘zi buni rad etadi. Nemsovning oila a’zolari va do‘stlari Qodirovning so‘roq qilinishiga erishishga qaratilgan urinishlari zoe ketdi.

Amnesty International ham, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi ham 2006 yilda Putinni tanqid qilgan jurnalist Anna Politkovskaya, 2009 yilda esa chechenistonlik inson huquqlari faoli Natalya Estemirova o‘ldirilishidan avval ularga tahdid qilinganini ko‘rsatuvchi hisobotlar borligini qayd etdi.

Simon Putinga yuborgan xatida “Biz sizni matbuotni qo‘rqitishga qaratilgan har qanday harakatni qoralashga chaqiramiz va Rossiya konstitutsiyasi himoyachisi sifatida davlat rasmiylari jurnalistlarning hukumatni hamda davlat agentliklarini tanqid qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini hurmat qilishlariga e’tibor berishingizni so‘raymiz”, deb yozdi.

Amnesty International esa Rossiya rasmiylarini “inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan faoliyatlari uchun tahdidlarga, hujumlarga yoki tahqirlashlarga uchragan barcha shaxslarni tezkorlik bilan himoya qilishga” chaqirdi.

Putin hali Qodirov va qodirovchilarining tahdidomuz bayonotlari borasida hech bir munosabat bildirgani yo‘q.

Ammo Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov 20 yanvar kuni Qodirov “Izvestiya”da chop etilgan maqolasida “qonuniy siyosat maydonidan chetdagi” “sistema tashidagi” muxolifatchilarni nazarda tutganini aytdi. Interfax agentligiga ko‘ra, Peskov “Aytilgan gaplarni bosiqlik va sinchkovlik bilan qabul qilish kerak”, degan.

XS
SM
MD
LG