Линклар

Tojikistonning Xatlon viloyati ichki ishlar boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yil davomida viloyatda 6773 xotin-qiz hijobdan voz kechgan va 12818 erkakning soqoli tartibga solingan.

Xatlon viloyati ichki ishlar boshqarmasi tarqatgan xabarda aytilishicha, bugungi kunda tojiklarga yot kiyimlarni kiyishga qarshi kurashishga zarurat bor. Ichki ishlar mulozimlariga ko‘ra, begona kiyimlar o‘rniga milliy kiyimlardan foydalanish madaniyatini kuchaytirmoq kerak.

Xatlon viloyati IIB boshlig‘i Bahrom Sharifzoda

Xatlon viloyati IIB boshlig‘i Bahrom Sharifzoda

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Sharifzodaning aytishicha, o‘tgan yil davomida viloyatda hijob bilan savdo qiladigan 162ta do‘kon faoliyatiga chek qo‘yilgan, 6773 nafar ayol esa hijobdan voz kechgan.

Mulozimning aytishicha, bundan tashqari hijobda bo‘lgan 89 nafar ayol ham fohishalikda gumonlanib, ushlangan.

Bahrom Sharifzoda, shuningdek, soqollari haddan tashqari betartib o‘sib ketgan 12818 erkakning soqoli ham olib tashlangan yoki tartibga solingan.

2014-2015 yillar davomida Tojikistonda xotin-qizlarning hijoblari yulib olinishi, soqoli o‘sib ketgan erkaklarning soqoli olib tashlangani haqida juda ko‘p xabarlar paydo bo‘lgan edi. Lekin rasmiylar bu ishlarga ularning umuman aloqasi yo‘qligini aytib kelganlar.

Lekin, Tojikiston Ichki ishlar vazirligining bir xabarida, o‘zboshimchalik bilan erkaklar soqolini qirib tashlagani uchun vazirlikning ikki mas’ul xodimi jazolangani bir bor aytilgan edi.

Ayni paytda esa, tojik rasmiylari xotin-qizlarni majburan hijobdan voz kechtirganlarini, islomiy kiyimlar sotadigan do‘konlarni yopib tashlaganiini va erkaklar soqolini majburan qirib tashlaganini ilk bor tan olmoqda.

So‘nggi yillarda, kuzatuvchilarga ko‘ra, Tojikistonda islom ulamolariga va musulmonlarga hukumatning ochiqdan ochiq tazyig‘i kuchaymoqda.

O‘tgan yili Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining faoliyati ham mamlakatda rasman to‘xtatilgan edi.

XS
SM
MD
LG